Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

YOSHLAR HUQUQLARI — BARQAROR TARAQQIYOTNING MUHIM OMILI

“Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz”.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Bugungi jahon hamjamiyati oldida turgan eng murakkab va dolzarb vazifalardan biri — inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash asosida barqaror taraqqiyotga erishish hisoblanadi. Ayniqsa, dunyo aholisining katta qismini tashkil etayotgan yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kafolatlash ushbu jarayonning muhim shartlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan 1,2 milliarddan ortiq yoshlar istiqomat qiladi va bu ko‘rsatkich insoniyat tarixidagi eng yuqori darajalardan biridir. Mazkur demografik salohiyat yoshlarni nafaqat kelajak avlod, balki bugungi kunning faol ishtirokchilari, innovatsion g‘oyalar manbai va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning muhim harakatlantiruvchi kuchi sifatida ko‘rishni taqozo etadi. Shu bois yoshlar huquqlarini ta’minlash masalasi inson huquqlarini himoya qilishning alohida yo‘nalishi bo‘lish bilan birga, barqaror taraqqiyotning muhim omiliga ham aylanmoqda.

Mazkur masalaning O‘zbekiston uchun ahamiyati mamlakatning o‘ziga xos demografik tarkibi bilan ham bevosita bog‘liq. O‘zbekiston aholisining qariyb 60 foizga yaqini 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil etishi mamlakat oldida inson kapitalini shakllantirish va undan samarali foydalanish imkoniyatini yaratmoqda. Biroq demografik ustunlikning o‘zi avtomatik ravishda taraqqiyotga olib kelmaydi. Uning real iqtisodiy va ijtimoiy natijaga aylanishi, avvalo, yoshlarning ta’lim olish, munosib mehnat qilish, sog‘lig‘ini saqlash, ijtimoiy himoyalanish, axborotdan foydalanish, o‘z fikrini erkin ifoda etish hamda jamiyat va davlat boshqaruvida ishtirok etish huquqlarining amalda qay darajada ta’minlanganiga bog‘liq. Demak, yoshlar huquqlarini kafolatlash masalasiga inson kapitalini rivojlantirishning huquqiy asosi sifatida qarash mumkin.

Yoshlar huquqlarini ta’minlashning bunday ahamiyati xalqaro huquqiy tizimda ham o‘z ifodasini topgan. Jumladan, 1948-yilda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida har bir insonning ta’lim olish, mehnat qilish, ijtimoiy ta’minot va boshqa fundamental huquqlari e’tirof etilgan bo‘lsa, 1989-yildagi BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini alohida himoya qilish mexanizmlarini belgilab berdi. Xalqaro mehnat tashkilotining tegishli konvensiyalari esa yoshlarning mehnat sohasidagi huquqlarini, jumladan, mehnatga qabul qilishning minimal yoshini, xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini ta’minlashga qaratilgan standartlarni belgilaydi. Shu bilan birga, 1995-yilda qabul qilingan BMTning Yoshlarga oid Butunjahon harakat dasturi yoshlar siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, yoshlarning rivojlanish jarayonidagi faol ishtirokini xalqaro darajada rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Mazkur xalqaro yondashuv keyingi yillarda yanada rivojlantirilib, yoshlar masalasi global barqaror taraqqiyot kun tartibining ajralmas qismiga aylandi. Xususan, 2015-yilda qabul qilingan BMTning 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibida belgilangan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadi yoshlarning huquqlari va manfaatlari bilan bevosita yoki bilvosita chambarchas bog‘liqdir. 2018-yilda BMT Bosh kotibi tomonidan e’lon qilingan “Yoshlar-2030: BMTning yoshlar strategiyasi” esa yoshlarni barqaror taraqqiyot, tinchlik va xavfsizlik hamda inson huquqlarini ilgari surish jarayonlarining faol subyekti sifatida e’tirof etish yondashuvini yanada kuchaytirdi. Shu ma’noda, yoshlar siyosati endilikda faqat yosh avlodni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy siyosat yo‘nalishi emas, balki global rivojlanish strategiyasining tarkibiy elementi sifatida qaralmoqda.

Yoshlar masalasiga xalqaro miqyosda e’tibor qaratilishining muhim ifodasi sifatida 12-avgust Xalqaro yoshlar kunining har yili nishonlanishini qayd etish lozim. Mazkur sana 1999-yil 17-dekabrda BMT Bosh Assambleyasining A/RES/54/120-son rezolyutsiyasida belgilangan bo‘lib, yoshlar masalalari bo‘yicha global xabardorlikni oshirishga xizmat qiladi. 2026-yilgi Xalqaro yoshlar kunining “Turli sharoitlar, umumiy intilishlar” shiori esa dunyoning turli hududlarida yoshlarning yashash sharoitlari farq qilsa-da, ularning qadr-qimmat, teng imkoniyat, sifatli ta’lim, munosib mehnat, mazmunli ishtirok va barqaror kelajakka bo‘lgan intilishlari mushtarak ekanini ifodalaydi. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ham 2026-yilgi Xalqaro yoshlar kuniga bag‘ishlangan murojaatida yoshlarning turli sharoitlarga qaramay, qadr-qimmat, ishtirok va imkoniyatga bo‘lgan umumiy intilishlarini ta’kidlaydi. Shu jihatdan, mazkur xalqaro sana va uning 2026-yilgi shiori yoshlar huquqlarini ta’minlashni nafaqat milliy, balki butun insoniyatning umumiy taraqqiyoti va barqaror kelajagini belgilovchi muhim vazifa sifatida ko‘rsatadi.

Ayniqsa, Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan yoshlar huquqlari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik alohida ahamiyat kasb etadi. Jumladan, 4-maqsad — sifatli ta’limni ta’minlash, 8-maqsad — munosib mehnat va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, 10-maqsad — tengsizlikni qisqartirish, 13-maqsad — iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, 16-maqsad — tinchlik, adolat va samarali institutlarni shakllantirish kabi yo‘nalishlarning samarali amalga oshirilishi yoshlarning faol ishtirokisiz mumkin emas. Chunki yoshlar ushbu jarayonlarning nafaqat manfaatdor tomoni, balki ularni amalga oshiruvchi asosiy ijtimoiy kuchlardan biridir. Shu sababli yoshlar huquqlarini ta’minlashni Barqaror rivojlanish maqsadlarining alohida yo‘nalishlaridan ajratib ko‘rish emas, balki ularning deyarli barchasini amalga oshirishning zarur sharti sifatida baholash maqsadga muvofiqdir.

Bunday xalqaro standartlar O‘zbekistonning milliy qonunchiligi va davlat siyosatida ham o‘z aksini topmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida insonning ta’lim olish, mehnat qilish, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot, birlashish va jamiyat hayotida ishtirok etish bilan bog‘liq fundamental huquqlari kafolatlangan. Mazkur konstitutsiyaviy kafolatlar yoshlarning huquqiy maqomini ta’minlash uchun umumiy huquqiy poydevor vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, 2016-yilda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun yoshlarni 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar sifatida belgilab, yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotdagi ishtirokini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini mustahkamladi.

Mazkur huquqiy asoslarning shakllanishi yoshlar siyosatini alohida tadbirlar majmuasidan tizimli davlat siyosati darajasiga olib chiqish imkonini berdi. Xususan, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining tashkil etilishi, yoshlar masalalariga oid davlat dasturlarining qabul qilinishi hamda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga ixtisoslashgan davlat va jamoat institutlarining faoliyati ushbu yo‘nalishdagi institutsional mexanizmlarning takomillashib borayotganini ko‘rsatadi. Bunda asosiy e’tibor yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bilangina cheklanmay, ularning o‘z huquqlarini anglash, jamiyat hayotida faol ishtirok etish va mustaqil ravishda o‘z manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirishga ham qaratilmoqda.

Yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini amalda ta’minlash borasida joriy etilgan mexanizmlar ham mazkur yondashuvning amaliy ifodasidir. Xususan, “Yoshlar daftari” tizimi orqali ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan yoshlarni aniqlash hamda ularga manzilli yordam ko‘rsatish mexanizmi shakllantirildi. Ushbu tizim doirasida yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va boshqa ijtimoiy ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan moliyaviy mexanizmlar ham ularning mustaqil iqtisodiy subyekt sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda.

Yoshlar huquqlarini ta’minlashda ta’limning o‘rni esa alohida ahamiyatga ega. Chunki ta’lim olish huquqining samarali amalga oshirilishi yoshlarning boshqa huquqlardan foydalanish imkoniyatlarini ham sezilarli darajada kengaytiradi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonda oliy ta’limdan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi, ta’lim shakllarining diversifikatsiya qilinishi, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar, jumladan, xotin-qizlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlarning yaratilishi, axborot texnologiyalari, muhandislik, tibbiyot va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlashning kuchaytirilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bundan tashqari, xorijiy tillarni o‘rganish, xalqaro almashinuv dasturlarida qatnashish va zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni egallash uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yoshlarning global mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Ta’lim va bandlik imkoniyatlarining kengayishi bilan bir qatorda, yoshlarning qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini ta’minlash ham demokratik jamiyat va barqaror taraqqiyotning muhim shartidir. Shu sababli yoshlar parlamentlari, yoshlar yetakchilari instituti, turli maslahat kengashlari va boshqa ishtirokchilik mexanizmlarining shakllantirilishi yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Bunday mexanizmlar yoshlarni siyosiy jarayonlarning passiv kuzatuvchisidan faol ishtirokchisiga aylantirish, ularning fikr va takliflarini davlat siyosatini ishlab chiqish jarayonlariga olib kirish imkonini beradi. Natijada yoshlarning fuqarolik faolligi bilan bir qatorda, davlat institutlarining yoshlar oldidagi hisobdorligi va ochiqligini ta’minlash imkoniyatlari ham kengayadi.

O‘zbekistonda yoshlar huquqlarini xalqaro standartlar asosida ilgari surish borasidagi tashabbuslar mamlakatning xalqaro hamkorlik siyosatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda hamkor xalqaro va milliy tashkilotlar ishtirokida 2021-yilda Toshkent shahrida “Yoshlarni global harakatga jalb qilish” mavzusida Yoshlar huquqlari bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi. Mazkur konferensiya yoshlar huquqlarini xalqaro inson huquqlari tizimining muhim yo‘nalishi sifatida rivojlantirishga qaratilgan muhim xalqaro platformalardan biri bo‘ldi. Konferensiya yakunida “Toshkent yoshlar deklaratsiyasi”ning qabul qilinishi esa yoshlarning huquq va manfaatlarini xalqaro kun tartibida ilgari surish borasidagi tashabbuslarning amaliy natijasi sifatida e’tirof etilishi mumkin.

Ushbu tashabbuslarning mantiqiy davomi sifatida 2023-yilda “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzusida xalqaro forum tashkil etildi. Mazkur forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-maydagi farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi doirasida o‘tkazilib, unda 800 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Forum doirasida yoshlar huquqlarini ta’minlashning xalqaro va milliy mexanizmlari, mavjud muammolar hamda istiqboldagi vazifalar muhokama qilinib, Markaziy Osiyo yoshlar deklaratsiyasi loyihasi ishlab chiqildi va keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Bu esa yoshlar huquqlari masalasining nafaqat milliy, balki mintaqaviy hamkorlikning muhim yo‘nalishiga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, yoshlar huquqlarini ta’minlashning samaradorligi faqat huquqiy normalar va institutsional mexanizmlarning mavjudligi bilan belgilanmaydi. Ushbu huquqlarning mazmuni va ularni amalga oshirish mexanizmlari haqida yoshlarning o‘zlari, davlat xizmatchilari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda keng jamoatchilikning yetarli huquqiy bilim va xabardorlikka ega bo‘lishi ham muhim ahamiyatga ega. Aynan shu nuqtayi nazardan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Yoshlar huquqlarini ta’minlashda xalqaro standartlar va milliy qonunchilik asoslari bo‘yicha davlat xizmatchilari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda aholining turli qatlamlari vakillarining xabardorligini oshirish va yoshlar huquqlari sohasiga oid ta’lim uchun multimedia mahsulotlarini ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot loyihasining amalga oshirilishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Mazkur loyiha yoshlar huquqlarini ta’minlash sohasida huquqiy bilim va ko‘nikmalarni zamonaviy ta’lim texnologiyalari asosida rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Loyiha doirasida davlat xizmatchilari, fuqarolik jamiyati vakillari, keng aholi qatlamlari, xususan, yoshlar va ular bilan ishlovchi mutaxassislarning xalqaro standartlar hamda milliy qonunchilik asosidagi bilimlarini oshirish ko‘zda tutilmoqda. Interaktiv videodarslar, onlayn kurslar, mobil ilovalar va masofaviy ta’lim modullari kabi multimedia mahsulotlarining yaratilishi esa yoshlar huquqlari bo‘yicha ta’limni an’anaviy shakllar bilan cheklanib qolmasdan, zamonaviy raqamli imkoniyatlar asosida tashkil etish uchun yangi sharoit yaratadi. Natijada yoshlarning o‘z huquqlarini bilishi, huquqiy muammolarga mustaqil munosabat bildira olishi va zarur hollarda ularni himoya qilish mexanizmlaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiluvchi amaliy ta’lim muhiti yuzaga keladi.

Umuman olganda, yoshlar huquqlarini ta’minlashni barqaror taraqqiyotdan alohida holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Chunki yoshlarning huquqlari kafolatlangan, ta’lim va mehnat qilish imkoniyatlari kengaygan, ijtimoiy himoyasi ta’minlangan hamda davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtiroki uchun zarur sharoitlar yaratilgan jamiyatda inson kapitalining sifati va salohiyati ham yuqori bo‘ladi. O‘z navbatida, yuqori darajadagi inson kapitali iqtisodiy o‘sish, innovatsiyalar, ijtimoiy barqarorlik va demokratik institutlarning rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratadi. Demak, yoshlar huquqlarini himoya qilishni faqat ijtimoiy siyosatning bir yo‘nalishi sifatida emas, balki uzoq muddatli milliy taraqqiyot strategiyasining tarkibiy qismi sifatida baholash lozim.

Shu ma’noda, O‘zbekistonning yoshlar siyosatidagi bugungi yondashuvni huquqlarni ta’minlash, imkoniyatlarni kengaytirish va yoshlarning ijtimoiy jarayonlardagi subyektligini kuchaytirishning o‘zaro bog‘liq uch yo‘nalishi asosida yanada rivojlantirish muhimdir. Kelgusida yoshlar huquqlarini himoya qilishning institutsional mexanizmlarini takomillashtirish, yoshlarning innovatsion va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, sifatli ta’lim va munosib bandlik imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi mazmunli ishtirokini kuchaytirish barqaror taraqqiyotga erishishning muhim shartlaridan biri bo‘lib qoladi. Zero, bugungi yoshlarning huquq va imkoniyatlari qanchalik keng va ishonchli kafolatlangan bo‘lsa, ertangi kun jamiyati ham shunchalik adolatli, barqaror va farovon bo‘ladi.

 

 

Navro‘zbek Aslonov,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi Milliy

markazi mas’ul xodimi,

yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (Phd)

Nashr sanasi 13.08.2026 Ko'rishlar 58
Ulashish