Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

BMTning inson huquqlari bo‘yicha global alyansga oid tashabbusi va Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi

Yaqinda, 28–29-sentyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida «Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarga 60-yil va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaga 40-yil: qadr-qimmat, tenglik va barqaror rivojlanish yo‘lidagi global sheriklik» mavzusida Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi bo‘lib o‘tadi. Forumda inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro huquqning turli dolzarb masalalari qatori BMTning inson huquqlari bo‘yicha global alyansi bo‘yicha tashabbusi haqida ham fikr yuritilishi kutilmoqda.

Bu o‘rinda, albatta, BMT Oliy komissari tomonidan yaqinda ilgari surilgan va xalqaro maydonda keng muhokama qilinayotgan global tashabbus — Inson huquqlari bo‘yicha global alyans haqida so‘z bormoqda. Avvalo, Inson huquqlari bo‘yicha global alyansning mazmun-mohiyati xususida to‘xtalish lozim.

Ushbu alyans qisqa muddatli axborot kampaniyasi sifatida emas, balki ishga tushirilgan paytdan boshlab (2026-yil iyun) Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining  80-yilligi nishonlanadigan kungacha (2028-yil 10-dekabr) bo‘lgan davrga mo‘ljallangan uzoq muddatli safarbarlik platformasi sifatida tashkil etilgan. Bu bosqich davomida har yili aynan 10-dekabr kuni Global alyansning Inson huquqlari bo‘yicha forumi (Global Alliance Human Rights Forum) o‘tkazib boriladi.

Alyansning faoliyati faqat Jeneva doirasida cheklanib qolmay, balki barcha mintaqalarni qamrab oladi. Inson huquqlari bo‘yicha global alyans to‘rtta strategik ustunga tayanadi. Bular: «Inson huquqlari uyda» (Human Rights at Home); «Inson huquqlari amalda» (Human Rights in Action); «Kelajak uchun inson huquqlari» (Human Rights for the Future); «Inson huquqlari ongda» (Human Rights in Mind) degan strategik tayanchlardan iborat.

Mazkur alyans tashabbusi zamirida dunyoda inson qadr-qimmatini ulug‘lash, raqamli texnologiyalar, xususan, sun’iy intellekt asrida shaxsiy daxlsizlik va huquqlarni himoya qilish hamda xalqaro konvensiyalar ijrosini kuchaytirish maqsadi mujassamdir. U BMTning islohotlar dasturi, xususan, tashkilotning kelajakdagi yangi strategik tizimi, masalan, «UN-80» tashabbusi bilan chambarchas bog‘liq.

Inson huquqlari bo‘yicha global alyansning ahamiyatiga kelsak, bugungi global qutblashish va mojarolar sharoitida inson huquqlari xalqaro miqyosda ko‘p hollarda zaiflashib borayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, alyans davlatlarni yagona platformaga birlashtirib, qonun ustuvorligini ta’minlash va raqamli kamsitishlarga, boshqacha aytganda, raqamli tafovutga barham berishda muhim vositaga aylanishi taqozo etiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 25.09.2026 Ko'rishlar 32
Ulashish