Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

JURNALNING YANGI SONI INSON HUQUQLARI BO‘YICHA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY MARKAZINING 30 YILLIGIGA BAG‘ISHLANDI

«Demokratlashtirish va inson huquqlari» ilmiy-ma’rifiy jurnalining navbatdagi soni nashrdan chiqdi. Jurnalning ushbu soni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilganining-30-yilligiga bag‘ishlandi.

Jurnalning dastlabki sahifalaridan atoqli davlat va jamoat arbobi, siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning «Millat Shavkati» nomli nihoyatda teran tahlil bilan yozilgan maqolasi o‘rin olgan. Maqolada Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-falsafiy va ma’naviy-madaniy mazmuni, ushbu islohotlar tashabbuskori va Yangi O‘zbekiston me’mori – Prezident Shavkat Mirziyoyevning yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi va inson qadrini yuksaltirish yo‘lidagi ezgu faoliyatlari yoritilgan. Muallif e’tirof etganidek, «Bundan 6-7 asr ilgari bu yurtda ko‘tarilgan muazzam bayroq o‘z atrofida jahonni birlashtirgan, o‘ziga qaratgan edi. Bu, shubhasiz, buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temur qurgan qudratli davlatning bayrog‘i edi. Oradan qariyb yetti asr o‘tib, uzoq yillar ko‘zdan panada qolgan o‘sha bayroq bugun yana hilpiray boshladi. Bu bayroq bugungi Yangi O‘zbekistonning bayrog‘idir».

Muallif o‘ziga xos uslub – tarixiy misollar, siyosiy tahlil va hayotiy kuzatuvlarni birlashtirgan holda, Yangi O‘zbekistonning buguni va istiqboliga oid tarixiy voqeliklarni aholining barcha qatlamlari uchun birdek tushunarli va ravon tilda bayon qilgan. Mutolaa jarayonida o‘quvchi mamlakat taqdiri shu yurtda yashayotgan har bir insonning shaxsiy mas’uliyati bilan chambarchas bog‘liq ekanini teran anglaydi.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, senator Abdusaid Ko‘chimovning «Ulug‘ ne’mat» nomli maqolasida esa davlatimiz mustaqilligining xalqimiz uchun tarixiy ahamiyati, istiqlol bergan imkoniyatlar, «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» – degan g‘oyaning mazmun-mohiyati, so‘nggi o‘n yilda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar samarasi tahlil qilingan. «Istiqlol bizga nima berdi?» – degan savolga javob berar ekan, muallif: «Sen – shu tuproqning egasisan... Bu bog‘-rog‘lar seniki... Bu kengliklar – bu Vatan seniki. O‘z tilingda so‘zlaysan, kuylaysan, o‘ylaysan. Ota-bobolaring kim bo‘lganligini olam ahliga baralla ayta olasan va bundan faxrlanishingga hech kim monelik qila olmaydi. O‘z tug‘ing, madhiyang bor... Bu oz narsami?.. Ana shunday ulug‘ ne’mat, bu Mustaqillik degani!..» – deya yozadi. Ushbu maqola o‘quvchini Vatanni sevishga, erkin hayotni qadrlashga, hamjihatlikda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shishga undaydi.

Jurnalning ushbu soni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilganining-30-yilligiga bag‘ishlangani bois ayni mavzuga oid bir qator maqolalar ham taqdim etildi. Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yuy Szyun, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan yurist Tatyana Moskalkova, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii, BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Mahir Safarli, Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi ijrochi direktori Hadi bin Ali al-Yamiy, 2017 – 2021-yillarda BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi bo‘lib ishlagan xalqaro ekspert Helena Freyzer, Qatar davlati Milliy inson huquqlari qo‘mitasi raisi Maryam bint Abdulloh al-Atiyya, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i O‘tkirbek Ochilov hamda Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish bo‘limi boshlig‘i Kamila Olimovaning «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30-yilligi» ruknida taqdim etgan maqolalari o‘quvchini bee’tibor qoldirmasligiga aminmiz.

Xususan, Ombudsman Feruza Eshmatovaning «Inson huquq va erkinliklari himoyasi yo‘lida samarali hamkorlik» nomli maqolasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasidagi hamkorlik natijalari yoritilgan. Xalqaro shartnomalarni amalga oshirish jarayonida har ikki institutning vakolatlari, o‘zaro hamkorlik mexanizmlari va xalqaro platformalardagi ishtiroki tahlil qilingan.

Yuridik fanlar doktori O‘tkirbek Ochilovning «Inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqotlar va metodologiya: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tajribasi» nomli maqolasi esa O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning rivojlanishi va zamonaviy metodologiyasi tahliliga bag‘ishlangan. Maqolada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida inson huquqlari sohasida ilmiy kadrlar tayyorlash va dissertatsiya tadqiqotlarini amalga oshirish holati yoritilgan. Milliy markazning 30-yillik tajribasi asosida O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha ilmiy maktabni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilingan.

Shu o‘rinda 1996-yilda tashkil etilgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati haqida muxtasar to‘xtalib o‘tsak.

Mamlakatimizda 2016-yildan boshlab jamiyat hayotining barcha sohalarida inson qadri ustuvorligi tamoyili asosida amalga oshirilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar natijasida inson huquqlari sohasidagi milliy institutlarning vakolatlari yanada kengaydi. Xususan, 2018-yil 10-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga muvofiq, Milliy markaz inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organi hisoblanadi. U o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi. Milliy markaz har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi mamlakatimizning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi. Shuningdek, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga inson huquqlari masalalari bo‘yicha ko‘maklashadi.

Milliy markaz tarkibida bugungi kunda inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik, ta’lim va ma’rifat, xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, noshirlik, axborot-resurs multimedia kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashgan bo‘limlar faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, 2020-yildan boshlab Milliy markazda 12.00.13 – «Inson huquqlari (yuridik fanlar, sotsiologiya fanlari)» ixtisosligi bo‘yicha ilmiy kadrlar tayyorlanmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzurida mazkur sohada yuridik fanlar doktori (DSc) va yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajalarini beruvchi Ilmiy kengash tashkil etilgan.

O‘zbekiston BMTning inson huquqlari bo‘yicha 18 ta shartnomasidan 11 tasini ratifikatsiya qilgan va shundan 7 tasi asosiy, 4 tasi fakultativ protokol hisoblanadi. Milliy markaz tashkil topgandan buyon BMTning tegishli ustav va shartnomaviy organlariga ushbu xalqaro shartnomalarda belgilangan majburiyatlarning mamlakatimizda bajarilishi yuzasidan jami 52 ta milliy ma’ruza taqdim etgan.

Milliy markaz BMT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik aloqalarini mustahkamlab kelmoqda. Birgina 2025-yilning o‘zida Milliy markazda 30 ta rasmiy delegatsiya, xalqaro tashkilot va chet el davlatlarining vakillari qabul qilinib, ular bilan uchrashuvlar tashkil etilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Shu bilan bir qatorda, Milliy markaz tomonidan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, eng yaxshi amaliyot va axborot, shu jumladan, inson huquqlari sohasida qabul qilingan qonun hujjatlari to‘g‘risida ma’lumotlar almashish maqsadida 2025-yilda Vengriya Asosiy huquqlar bo‘yicha vakili, BMT Taraqqiyot dasturi, Taraqqiyot va odil sudlov xalqaro markazi bilan hamkorlik memorandumlari,-2026-yilda Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi bilan Xalqaro gumanitar huquqni ilgari surish bo‘yicha 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi imzolangan.

Milliy markaz mamlakatimiz qonunchiligini takomillashtirishga ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat yo‘llash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va huquqiy ekspertiza uchun yuborilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash Milliy markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Masalan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining murojaatiga asosan «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasi uchinchi qismi beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29, 65 va 141-moddalariga muvofiqligini aniqlash haqidagi masala-2026-yil 10 va 12-iyun kunlari Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqildi.

Milliy markaz tomonidan 2025-yilda jami 84 ta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan, 44 ta qonun, 14 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni, 5 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori, 17 ta Vazirlar Mahkamasi qarori, 2 ta Vazirlar Mahkamasi farmoyishi, 2 ta Oliy sud plenumi qarori loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarning 43 tasi yuzasidan e’tirozlar bilan kelishilgan bo‘lib, ularni takomillashtirish bo‘yicha jami 173 ta taklif bildirilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat ijroiya, Fuqarolik-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Inson huquqlari – 2030» strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi Milliy markaz tomonidan tayyorlangan. Hozirda «Inson huquqlari – 2030» strategiyasi loyihasi yanada takomillashtirilmoqda. Shuningdek, Milliy markaz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va 2020-yilda qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi doirasida belgilangan vazifalar samarali amalga oshirilgan.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi jamiyatda inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish, davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining inson huquqlari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida har yili yurtimizning barcha hududlarida o‘quv mashg‘ulotlari, seminar-treninglar tashkil etadi. Masalan,-2026-yilning 15-iyunidan 31-iyuliga qadar Toshkent shahri, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ichki ishlar organlarining barcha hududiy bo‘linmalarida profilaktika inspektorlari uchun «Xalqaro standartlar va milliy qonunchilik» mavzusida seminar-treninglar o‘tkazildi. Besh mingga yaqin profilaktika inspektorini qamrab olgan ushbu seminar-treninglar O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Ichki ishlar vazirligi hamda Bolalar Ombudsmani bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

2024-yil 3-dekabrda Milliy markaz tarkibida tashkil etilgan «Inson huquqlari uyi» Markaziy Osiyoda yagona inson huquqlari sohasiga ixtisoslashgan axborot-kutubxona markazi hisoblanadi. Unda sohaga oid minglab adabiyotlar jamlangan, tizimlashtirilgan va ushbu manbalardan keng jamoatchilik foydalanishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

Shuningdek, Milliy markaz huquqiy adabiyotlarni, shu jumladan xalqaro shartnomalar to‘plami, maqolalar to‘plami, monografiya, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni nashrga tayyorlash, xalqaro yuridik hujjatlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish va chop etish bilan ham shug‘ullanib kelmoqda. Nashr etilgan kitoblar mamlakatimizdagi kutubxonalar, ta’lim muassasalari, davlat va nodavlat tashkilotlarga beg‘araz taqdim etiladi. Xususan, Milliy markazda nashr qilingan yuridik adabiyotlar asosida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda uning mamlakatimizdagi barcha viloyat, tuman va shaharlardagi axborot-resurs markazlarida «Konstitutsiya va inson huquqlari» burchaklari tashkil etilgan. «Konstitutsiya va inson huquqlari» burchaklari Milliy markazda chop etilgan yangi adabiyotlar va xalqaro hamda milliy tashkilotlarning homiylik asosida yetkazgan kitoblari bilan muntazam ravishda to‘ldirib borilmoqda.

Milliy markaz muassis sifatida «Demokratlashtirish va inson huquqlari», «Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari» ilmiy jurnallari faoliyatini ham qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Har ikki jurnal sahifalarini huquqiy mavzudagi dolzarb ilmiy maqolalar bilan boyitishda, inson huquqlari sohasidagi xalqaro ekspertlardan ushbu jurnallar uchun maxsus ilmiy maqolalar olishda va ko‘plab tashkiliy masalalarda Milliy markazning ishtiroki hamda o‘rni nihoyatda salmoqli.

2018-yildan beri mamlakatimizda har ikki yilda bir marotaba an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumlarining asosiy tashkilotchisi ham Milliy markazdir. Ushbu nufuzli xalqaro forum 2018-yilda «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70-yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik», 2020-yilda «Yoshlar – 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari», 2022-yilda «Inson huquqlari sohasida ta’lim», 2024-yilda «Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash» mavzusida tashkil etilgan. 2026-yilning-28-29-sentyabr-kunlari «Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarning-60-yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning-40-yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror rivojlanish yo‘lida global hamkorlik» mavzusida Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Muxtasar aytganda, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi keng qamrovli faoliyati bilan mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha davlat siyosatini shakllantirishga, inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish orqali xalqimizni rozi qilib, eng avvalo, inson qadri ulug‘ bo‘lgan demokratik ijtimoiy qadriyatlarni yuksaltirishga o‘ttiz yildan beri salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.

Shuningdek, «Demokratlashtirish va inson huquqlari» jurnalining yangi sonida «Xalqaro huquq va O‘zbekiston tajribasi» ruknida berilgan taniqli huquqshunos olim, BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Aslan Abashidzening rus tilidagi «Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarning-60-yilligi!» (“Международным пактам по правам человека – 60 лет!”) nomli maqolasi ham dolzarb mavzuga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli. Maqolada ta’kidlanganidek, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qabul qilinganining oltmish yilligi ularning inson huquqlarini xalqaro miqyosda himoya qilish universal tizimidagi o‘rnini dolzarb masalaga aylantiradi. Maqolada ushbu xalqaro paktlar qabul qilinganidan keyin universal huquqni muhofaza qilish tizimi evolyutsiyasining ayrim jihatlari, 1993 yilgi Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi BMT tizimining institutsional tuzilishiga ko‘rsatgan ta’sir, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha shartnomaviy organlar – Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mita hamda Inson huquqlari qo‘mitasi faoliyati bilan bog‘liq zamonaviy tendensiyalar yoritilgan. Muallif barcha inson huquqlarining bo‘linmasligi prinsipi va ularni institutsional hamda protsessual jihatdan «ajratish» holatlari mavjud bo‘lgan amaliyot o‘rtasidagi nisbat muammosini tadqiq etgan.

Shuningdek, ushbu sonda B. Yusupov, K. Sultonov hamda A. Sultonova (hammualliflikda), Q. Abdurahmonov hamda X. Chinibayev (hammualliflikda), Z. Arslonovning o‘zbek tilidagi, Sh. Sharapov, M. Nosirova, T. Obidov, N. Xudayberganovaning ingliz tilidagi, M. Turg‘unov hamda E. Kurbanova (hammualliflikda), A. Isabayevning rus tilidagi maqolalari taqdim etilgan.

Ma’lumot uchun: «Demokratlashtirish va inson huquqlari» ilmiy-ma’rifiy jurnali Oliy attestatsiya komissiyasining siyosiy fanlar, huquqshunoslik, falsafa, tarix, islomshunoslik va sotsiologiya fanlari bo‘yicha dissertatsiya asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan davriy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan. 

 

Azizbek RAMAZONOV,

«Demokratlashtirish va inson huquqlari» jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

Nashr sanasi 25.09.2026 Ko'rishlar 31
Ulashish