Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Jahon amaliyotiga inson huquqlari bo‘yicha «Samarqand ruhi»ni olib kirgan an’anaviy forum

Joriy yilda Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumiga asos solinganiga 8-yil bo‘ldi. An’anaviy tarzda har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro anjuman qisqa vaqt ichida inson huquqlarining turli sohalariga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama etish va samarador yechimlar topish borasida dunyo miqyosida kam uchraydigan noyob, qulay va o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Yurtimizda ilk bor 2018-yilda o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi jahon amaliyotiga o‘ziga xos «Samarqand ruhi»ni olib kirdi desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu tariqa inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bag‘ishlangan Samarqand forumlarini o‘tkazish yaxshi an’ana tusini oldi».

Shu yil sentyabr oyining so‘nggi kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi bo‘lib o‘tadi. Fikrimizcha, navbatdagi an’anaviy Forum arafasida uning tarixiga muxtasar nazar solish ayni muddaodir.

  

Inson huquqlari bo‘yicha I Samarqand forumi:

2018-yil noyabr

 

Dastlabki Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi BMT tashkil etilganidan keyingi 70-yil davomida Osiyo mintaqasida ilk marta «Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi» sifatida tashkil etildi. Forum «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70-yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik» mavzusiga bag‘ishlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha I Samarqand forumi jahonda, jumladan, Janubi-Sharqiy Osiyodan tortib Yaqin Sharqqacha bo‘lgan makonda qurolli to‘qnashuvlar kuchayib, o‘zaro ishonchsizlik va nizolar, millatlar va konfessiyalararo ixtiloflar chuqurlashgan, barqaror taraqqiyotga qarshi boshqa global tahdid va xatarlar kuchaygan murakkab sharoitda o‘tkazildi.

Shu ma’noda, Prezidentimizning Forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida: «bizning qat’iy ishonchimizga ko‘ra, jami 4,5 milliarddan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Osiyo mintaqasining kelajagi ko‘p jihatdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2030-yilga qadar barqaror taraqqiyot sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga tayyor bo‘lishga, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha samarali mintaqaviy mexanizmni shakllantirishga bog‘liq», deb ta’kidlangani bejiz emas. 

Xalqaro anjuman yakunida BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasi hujjati sifatida tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston parlamenti inson huquqlarining «Samarqandcha ruhi»ni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqladi.

Ushbu hujjatlar inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga, bu ezgu ishni yangi, yanada yuksak pog‘onaga olib chiqishga xizmat qildi.

  

Inson huquqlari bo‘yicha II Samarqand forumi:

2020 yil 12-13 avgust

 

Inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi Samarqand forumi «Yoshlar  ̶ 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari» mavzusiga bag‘ishlandi. O‘zbekiston Prezidentining Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand veb-forumi ishtirokchilariga tabrigida e’tirof etilganidek, «Kelajakka intilib yashaydigan yosh avlod sayyoramizda farovon hayot va yuksak taraqqiyot barqaror bo‘lishi uchun yangi g‘oyalar va ijodiy ruhdagi sa’y-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuchdir».

Prezidentimiz o‘z tabrigida, shuningdek,      «BMTning Yoshlar strategiyasida ta’kidlanganidek, «yoshlar siymosida eng qimmatli va o‘ta muhim resurslar mujassam topgan bo‘lib, unga har qancha investitsiya kiritsa arziydi, chunki bu sarmoyalar bir necha barobar ziyoda bo‘lib qaytadi». Men g‘oyat muhim ushbu fikrga to‘liq qo‘shilaman», deya qayd etdi.

Forum ishtirokchilarining fikricha, bugun dunyoda yoshlar aholining misli ko‘rilmagan darajada ko‘pchiligini, ya’ni 2 milliarddan ziyod qismini tashkil qilmoqda. Bu aksariyat mamlakatlarda, jumladan O‘zbekistonda ham, aholining o‘sib boradigan katta qismi yoshlardan iborat,  deganidir. Shu ma’noda, yoshlarning barcha huquqlarini, xususan, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlarni himoya qilish va amalga oshirishni ta’minlash uchun yanada ko‘proq harakat qilish lozim.

Ishtirokchilar yoshlarga inson huquqlari sohasida ta’lim berish bo‘yicha xalqaro tajribani tahlil qildilar. Munozaralar asnosida dunyo yoshlarining inson huquqlari borasidagi savodxonligini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Samarqand forumida ta’kidlanganidek, BMT doirasida va undan tashqarida yoshlar masalasi tez-tez muhokama markaziga qo‘yilmoqda. Ammo, global rivojlanish davrida oldinga qarab bir necha qadam, natijali qadamlar qo‘yish zarurati mavjud. Shu nuqtayi nazardan, ishtirokchilarning baholashicha, Samarqand veb-forumi yer yuzidagi yoshlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligini alohida ta’kidlashga qaratilgani bilan g‘oyatda ahamiyatlidir.

Koronavirus kuchaygan bir qaltis davrda o‘tkazilgan mazkur onlayn Forum yakunlari bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiya BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida taqdim etildi.  Ushbu hujjat BMTning 6 ta rasmiy tili – arab, ingliz, ispan, xitoy, rus va fransuz tillariga tarjima qilindi va keng tarqatildi.

  

Inson huquqlari bo‘yicha III Samarqand forumi:

2022-yil 5-6-dekabr

 

 Inson huquqlari bo‘yicha uchinchi Samarqand forumi «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusida bo‘lib o‘tdi. Ushbu Global forumni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgandi.

Global forum Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 11-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarning dastlabkisi bo‘ldi. Ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari Samarqand forumi ishtirokchilariga samimiy qutlovlar bilan murojaat qildilar va xalqaro anjuman ishida faollik ko‘rsatdilar.

Xalqaro hamjamiyat Prezident Shavkat Mirziyoyevning inson qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasida olib borayotgan siyosati hamda tashabbuslarini yuksak baholamoqda. Global forum ishtirokchilarining birlamchi va eng asosiy xulosasi shu.

Ishtirokchilar tomonidan keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasidagi ta’limni takomillashtirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish sohalarida keng qamrovli ishlar amalga oshirilgani e’tirof etildi.

Eng muhimi, Samarqand Global forumi, bir tomondan, bashariyat tarixida ilk bor insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75-yilligini nishonlashga qaratilgan «Qadr-qimmat, erkinlik va adolat – hamma uchun» kampaniyasini boshlab berdi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 26-moddasida qayd etilganidek, «Ta’lim inson shaxsini to‘la barkamol qilishga va inson huquqlari hamda asosiy erkinliklariga nisbatan hurmatni kuchaytirishga qaratilmog‘i lozim. Ta’lim barcha xalqlar, irqiy va diniy guruhlar o‘rtasida bir-birini tushunish, xayrixohlik va do‘stlikka xizmat qilishi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni saqlash borasidagi faoliyatiga yordam berishi kerak».

 Shu nuqtayi nazardan, Global forum ishtirokchilari tomonidan inson huquqlari sohasidagi ta’limning quyidagi uchta jihati alohida ta’kidlandi:

birinchi jihati – barcha insonlar inson huquqlari o‘zi nima ekani, bu huquqlar qanday kafolatlanishi yoki ta’minlanishi haqida yetarlicha bilim olishlari lozim;

ikkinchi jihati – inson huquqlari sohasidagi ta’lim inson huquqlariga oid qadriyatlarga mos va muvofiq holda amalga oshirilishiga hamda bu sohadagi ta’limning nafaqat jarayoni, balki mazmun-mohiyati ham juda muhimligiga jiddiy e’tibor qaratish kerak;

uchinchi jihati – inson huquqlari talablaridan kelib chiqqan holda, inson huquqlari sohasida ta’lim berish, o‘z navbatida, ta’lim olayotgan shaxslarga inson huquqlariga oid qadriyatlarni o‘z hayotida qo‘llash, shuningdek, inson huquqlarini mustaqil ravishda yoki jamoatchilik bilan birgalikda rag‘batlantirish va himoya qilish uchun juda qo‘l kelishini unutmaslik zarur.

Forum yakunida Markaziy Osiyoda inson huquqlari sohasida ta’limni amalga oshirish bo‘yicha Samarqand Harakatlar rejasi qabul qilindi. Samarqand Harakatlar rejasi, Global forum ishtirokchilarining fikricha, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini amalga oshirish ishiga qo‘shilgan katta hissa bo‘ldi. Binobarin, Jahon ta’lim dasturining o‘zi – Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldiruvchi global Harakatlar rejasi, deganidir.

 

 Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi:

2024-yil 13-14-iyun

 

Inson huquqlari bo‘yicha to‘rtinchi Samarqand forumi «Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish» mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazildi. Forum sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz – iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaygan keskin ekologik vaziyatda bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Inson huquqlari bo‘yicha IV an’anaviy Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaatida ta’kidlaganidek, «Ekologik inqiroz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi eng asosiy to‘siq va tahdidga aylandi, global miqyosda qashshoqlik bilan bog‘liq muammolar ko‘paymoqda, insonning sog‘liq, toza suv, oziq-ovqat va uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash xavf ostida qolmoqda. Bundan avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar, ayollar va bolalar jiddiy aziyat chekmoqda».

Inson huquqlari bo‘yicha IV an’anaviy Samarqand forumi davomida jahon amaliyotida o‘ziga xos o‘rin egallab ulgurgan «Samarqand ruhi» yana bir bor o‘zini baralla namoyon etdi. Forumning quyidagi o‘ziga xos xususiyatlari bu fikrimizni  yaqqol tasdiqlaydi:

birinchidan, an’anaviy Samarqand forumi Birlashgan Millatlar Tashkilotining-2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari kun tartibini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha sa’y-harakatlar butun jahonda davom etayotganining yana bir amaliy isboti bo‘ldi;

ikkinchidan, Samarqand forumida BMT va uning tuzilmalari hamda boshqa xalqaro tashkilotlardan nufuzli vakillar ishtirok etgani, shubhasiz, ayni yo‘nalishda global hamkorlik muhimligi e’tirof etilayotganining yorqin ifodasiga aylandi;

uchinchidan, Forumda iqlim o‘zgarishining inson huquqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini yumshatish bo‘yicha turfa tamoyil va yondashuvlar, shuningdek, bu sohada turli mamlakatlardagi ilg‘or tajriba va amaliyotlar bilan o‘zaro almashinish asosida aniq tavsiya va yechimlar ishlab chiqishga e’tibor qaratildi.

Bunday yondashuv O‘zbekiston Prezidentining: «Parij bitimida ta’kidlanganidek, iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar ko‘rilayotganida, davlatlar inson huquqlarini hurmat qilishi, rag‘batlantirishi va himoya qilishi, asosiy diqqat-e’tiborini mazkur sohadagi majburiyatlarini bajarishga qaratishlari lozim», degan fikrlari bilan uyg‘un va hamohangdir.

Aslida ham, global muammolarga samarali yechimlar topishda o‘zaro jam bo‘lib va barcha bosqichlardagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirgan holda ish tutish juda muhim. Xuddi shu bois to‘rtinchi Samarqand forumida ekologiya muammolarining inson huquqlariga ta’sirini o‘rganish va ushbu salbiy holatlarga barham berish uchun global ko‘lamda maqbul yechimlar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

Forum yakunida «Iqlim o‘zgarishlari sharoitida  inson huquqlarini global himoya qilish: barqaror kelajak yo‘lidagi majburiyatlar va sa’y-harakatlar to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi» loyihasi ishlab chiqildi. Ishtirokchilar ushbu Loyihani O‘zbekiston Prezidenti murojaatida ilgari surilgan tashabbus va tavsiyalar hamda Forum davomida kelib tushgan 150 dan ortiq amaliy taklif asosida maromiga yetkazilgan holda qabul qilish uchun ovoz berdilar.

Forumning ikkinchi kuni ishtirokchilar tomonidan Samarqand zaminida «Inson huquqlari bog‘i» barpo etib, g‘amxo‘rlikka muhtoj sayyoramiz bag‘rida yangi va mo‘jaz bir bog‘ga asos soldilar. Bu sa’y-harakat zamirida ham o‘ziga xos ibratli ramz o‘z mujassamini topdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi:

2026-yil 28–29-sentyabr

 

Ayni vaqtda «Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarga 60-yil va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaga 40-yil: qadr-qimmat, tenglik va barqaror rivojlanish yo‘lidagi global sheriklik» mavzusida o‘tkaziladigan beshinchi xalqaro Forumga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston–2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni doirasida tashkil etilmoqda.

Bo‘lajak Forum BMTning 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan ikkita asosiy hujjati – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60-yilligiga, Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligiga, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30-yilligiga bag‘ishlanadi.

Forumning yuqori darajadagi yalpi yig‘ilishlarida, xususan:

  • inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro tizimining olti o‘n yillikdan keyingi transformatsiyasi: erishilgan natijalar, muammolar va rivojlanish istiqbollari;

  • zamonaviy global tahdidlar sharoitida barcha inson huquqlarining universalligi, bo‘linmasligi, o‘zaro bog‘liqligi va o‘zaro aloqadorligi;

  • inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro tizimi kelajagi: xalqaro paktlarning olti o‘n yillikdan keyingi ijrosi va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro arxitekturani mustahkamlash istiqbollari;

  • rivojlanish huquqi – universal inson huquqi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va global tengsizlikni qisqartirishning muhim omili;

  • global hamjihatlik va xalqaro hamkorlik zamonaviy tahdidlarga, jumladan raqamli transformatsiya, iqlim o‘zgarishi, mojarolar va gumanitar inqirozlarga samarali javob berish asosi;

  • urushda insoniylik: zamonaviy qurolli mojarolar sharoitida xalqaro huquq oldidagi tahdidlar kabi dolzarb, umumbashariy va inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro huquqqa bevosita aloqador mavzular muhokama etilishi mo‘ljallangan.

Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi doirasida, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30-yilligiga bag‘ishlanadigan «yubiley yig‘ilishi» ham o‘tkazilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, «Capstone Project Uzbekistan» inson huquqlari bo‘yicha ta’lim dasturi g‘oliblarini taqdirlash marosimini tashkil etish rejalashtirilgan.

Xulosa qilib aytganda, Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumining kelib chiqish tarixi uning tashabbuskori shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ekanligini yaqqol tasdiqlab turibdi. Ayni shu muhim tashabbus asosida Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bag‘ishlangan Samarqand forumlarini o‘tkazish izchil, xayrli va samarador an’anaga aylangani har qancha tahsinga sazovor.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori,

akademik

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2026-yil 26-sentyabr kungi 200(1799)-soni

Nashr sanasi 26.09.2026 Ko'rishlar 40
Ulashish