Milliy markazda yuridik texnikum tinglovchilari uchun o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi

28 mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Toshkent shahridagi yuridik texnikumi tinglovchilari uchun sayyor o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Ushbu mashg‘ulot yosh huquqshunoslarni Milliy markazning mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari, qadr-qimmatini himoya qilish borasida olib borayotgan faoliyati bilan yaqindan tanishtirish hamda O‘zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasini qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan referendum to‘g‘risida kengroq xabardor qilish maqsadida tashkil etildi.

Mashg‘ulot davomida tinglovchilarga yangi Konstitutsiya loyihasida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanayotgani to‘g‘risida axborot berildi. Shu munosabat bilan insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilmoqda.

Xususan, yoshlarning ta’lim olish huquqi, shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishi hamda davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki rag‘batlantirilishi, ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy tarbiyasi uchun shart-sharoit yaratilishi Konstitutsiyada kafolatlanmoqda. Shuningdek, navqiron avlodning ma’naviy rivojlanish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy, ishga joylashish, bandlik va dam olish huquqlari tubdan kengaytirilayotgani holda, bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan har qanday bolalar mehnati taqiqlanmoqda.

Sayyor o‘quv mashg‘uloti doirasida yuridik texnikumi tinglovchilari O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi borasida Milliy markazning xalqaro tashkilotlar, davlat organlari va boshqa idoralar bilan o‘zaro hamkorligi, milliy ma’ruzalar tayyorlash bo‘yicha asosiy vazifalariga oid ma’lumotlar bilan ham yaqindan tanishdilar.

Ushbu tadbir Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi doirasida o‘tkazildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech