O‘zbekistonda bolalarni himoya qilishning “Barnahus” modeli joriy etilishi muhokama qilindi

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va ularning huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan ilg‘or xalqaro tajribalarni mamlakatimizga tatbiq etish masalalari yuzasidan navbatdagi muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligida bo‘lib o‘tgan tadbirda  “Barnahus” modelini ishlab chiqish va uni O‘zbekistonda joriy etish masalalari muhokama qilindi.  

Tadbir 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni himoya qilish strategiyasini amalga oshirish doirasida o‘tkazilib, ishchi hamda ekspert-tahliliy xususiyatga ega bo‘ldi.

Muhokama jarayonida “Barnahus” modelining konseptual yondashuvlari, uni joriy etish bo‘yicha o‘rganilgan xalqaro tajriba, jumladan, milliy huquqiy tizimlarga moslashtirilgan Yevropa davlatlari amaliyoti taqdim etildi.

Shuningdek, ishtirokchilar bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga javob berishning amaldagi tizimini tahlil qildi.  

Qayd etilishicha, idoralararo hamkorlikning mavjud mexanizmi ayrim hollarda bolaning qayta jarohatlanishiga, uning ruhiy-hissiy holatining yomonlashishiga va dalillar sifatining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar milliy huquqiy va institutsional xususiyatlarni hisobga olgan holda “Barnahus” modelini O‘zbekistonda bosqichma-bosqich joriy etish maqsadga muvofiq ekani to‘g‘risida umumiy xulosaga keldi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA

Powered by GSpeech