Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi boshlandi

2026-yil 28-sentyabr kuni poytaxtimizda Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi o‘z ishini boshladi. Ushbu an’anaviy xalqaro tadbir «Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60-yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lida global sheriklik» mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilmoqda.

Forumda 200 nafardan ortiq xalqaro, mintaqaviy, xorijiy va milliy tashkilot vakillari off-layn va on-layn formatda ishtirok etmoqda. Jumladan, 10 ta xalqaro tashkilot, 8 ta mintaqaviy tashkilot, 8 ta xorijiy davlatning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari, 30 nafardan ziyod inson huquqlari bo‘yicha yetakchi milliy hamda xorijiy ekspert, tadqiqot markazlari, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari, biznes doiralar vakillari qatnashmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi ishtirokchilariga samimiy va astoydil minnatdorchilik bildirdi. Raislik qiluvchi an’anaviy tarzda har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro anjuman qisqa vaqt ichida inson huquqlarining turli sohalariga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama etish va samarador yechimlar topish borasida dunyo miqyosida kam uchraydigan noyob, qulay va o‘ziga xos muloqot maydoniga aylanganiga e’tiborni qaratdi.

Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi ana shu ezgu an’ananing mantiqiy davomidir. Bu galgi Forumni o‘tkazish uchun o‘ziga xos tarixiy asoslar bor. Avvalo, joriy yilda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qabul qilinganiga 60-yil to‘lmoqda. Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilinganining 40-yilligi  nishonlanmoqda. Bundan tashqari, bu yil Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilganiga ham 30-yil to‘ladi.

Bugun insoniyat murakkab va bir-biri bilan chambarchas bog‘langan global sinovlarga duch kelmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt va yangi raqamli texnologiyalarning jadal rivoji inson hayoti uchun ulkan imkoniyatlar bilan bir qatorda yangi huquqiy va axloqiy xavf-xatarlarni ham yuzaga chiqarmoqda.

Shu bois inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini zamonaviy voqeliklar asosida takomillashtirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumining dasturi ham aynan shu maqsadga qaratilgan.

Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi  Tanzila Narbayeva, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov, shuningdek, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl so‘zga chiqdi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurkning tabrik so‘zini Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqaviy bo‘limi vakili vazifasini bajaruvchi Ennio Boati hamda Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi Prezidenti Mirjana Spoljaris tabrigini mazkur xalqaro tashkilotning Markaziy Osiyodagi  mintaqaviy delegatsiyasi rahbari Biljana Milosevic o‘qib eshittirdi. Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus va EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi direktori Maria Telalianning video-murojaati namoyish etildi.

Dasturga ko‘ra, birinchi kun Forumning 2 ta yalpi majlisi va parallel tarzdagi 7 ta sho‘ba sessiyasi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi kuni yakunlovchi yalpi majlis Samarqandda o‘tkazilib, unda Forumning Yakuniy hujjati qabul qilinadi.

Forum Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, YEXHT, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi hamda Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ishtirokchilar geografiyasini inobatga olgan holda, Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi ishi 3 tilda, ya’ni o‘zbek tilida hamda BMTning 2 ta rasmiy tili – ingliz va rus tillarida olib borilmoqda. Forum ishi rasmiy axborot kanallari, OAV, onlayn platformalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 28.09.2026 Ko'rishlar 147
Ulashish