Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Samarqand forumi 7 ta sho‘ba sessiyalarida davom etdi

28-sentyabr-kuni poytaxtimizda Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi ochildi. Forumning yalpi yig‘ilishlarida 2 ta Xalqaro paktning oltmish yillik tajribasi, rivojlanish huquqining universal inson huquqi sifatidagi ahamiyati, global hamjihatlik va zamonaviy chaqiriqlarga javoban xalqaro va milliy inson huquqlari tizimini yanada kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shundan so‘ng Forum 7 ta sho‘ba yig‘ilishlarida o‘z ishini davom ettirdi. Bir vaqtning o‘zida,  ya’ni parallel o‘tkazilgan ushbu sessiyalarda fuqarolik hamda siyosiy huquqlar, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar, bolalar, ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquq va iqlim adolati, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar, fuqarolikka ega emaslikning oldini olish kabi muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Birinchi sessiya – «Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60-yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligi: inson huquqlari orqali barqaror rivojlanishni ilgari surish» mavzusiga bag‘ishlandi. Asosiy ma’ruzachilar ta’lim olish huquqi va sifatli, inklyuziv hamda uzluksiz ta’limni ta’minlash; sog‘liqni saqlash huquqi va zamonaviy tahdidlar sharoitida barqaror sog‘liqni saqlash tizimlarini mustahkamlash; munosib mehnat, ijtimoiy himoya va adolatli iqtisodiy o‘sish – barqaror rivojlanish asoslari kabi mavzular yuzasidan so‘z yuritdilar.

Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, tengsizlikni bartaraf etish va inklyuziv rivojlanishni ta’minlash; rivojlanish huquqi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda milliy tajriba va xalqaro hamkorlikning o‘rni; barqaror rivojlanishni moliyalashtirish va iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirishda xalqaro moliya institutlarining roli hamda qurolli mojarolar sharoitida madaniy boyliklarni muhofaza qilish singari dolzarb masalar ham so‘zga chiqqanlarning alohida diqqat markazida bo‘ldi.

Ikkinchi sessiyada – «Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60-yilligi: qonun ustuvorligi va yangi tahdidlar» mavzusi ko‘rib chiqildi. Milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlar o‘z ma’ruzalarida asosiy e’tiborni xalqaro huquq va milliy huquq tizimlari o‘rtasidagi nisbatga, xususan, shartnoma majburiyatlarining majburiy kuchi va davlatning shartnomani bajarmaganini oqlash uchun o‘z ichki huquqiga havola qilishi mumkin emasligi haqidagi qoida talqiniga qaratdilar.

Xalqaro paktning milliy huquqda amal qilishini ta’minlash majburiyati va milliy qonunchilikning uning qoidalariga muvofiqligi masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, hisobotlar taqdim etish sikli, yakuniy mulohazalar bo‘yicha keyingi choralar va ijroni davlat organlari o‘rtasida muvofiqlashtirish; Pakt va Inson huquqlari qo‘mitasi talqinlarining amal qilishini ta’minlashda milliy sudlar, prokurorlar va advokatlarning roli; individual murojaatlar tartibi milliy amaliyotda – ularning ichki sud ishlarida tutgan o‘rni batafsil tahlil etildi.

Paktning qoidalari o‘tgan oltmish yilda Inson huquqlari qo‘mitasi tomonidan talqin qilinishi va rivojlantirilishi hamda shartnoma organlari tizimining milliy ijroni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati; Pakt qoidalarini milliy yuridik ta’limda hamda sudyalar, advokatlar va prokurorlarning kasbiy tayyorgarligi jarayonlarida o‘rgatish; BMT Inson huquqlari qo‘mitasining zamonaviy amaliyotida Pakt qoidalarini talqin qilish va qo‘llashga yangicha yondashuvlari uqtirildi.

Uchinchi sessiya – «Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga 20-yil: huquqlarni tan olishdan – inklyuziv jamiyatlarga» mavzusi doirasida o‘tkazildi. Ma’ruzachilar nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining samarali amalga oshirilishini mustahkamlashda majburiyatlarni qat’iy bajarish muhimligini ta’kidladilar. Tenglik, kamsitmaslik va qulaylik yaratish misolida to‘liq inklyuziya yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish; inklyuziv ta’lim, munosib mehnat va ijtimoiy himoya borasida teng imkoniyatlarni ta’minlash masalalari haqida to‘xtaldilar.

Adolat sudlovidan foydalanish, mustaqil yashash va jamoat hayotida ishtirok etish; raqamli inklyuziya, yordamchi texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari va yuzaga keluvchi xavflar tahlil markazida bo‘ldi. Nogironlik masalalarini hisobga olgan rivojlanish jarayonida milliy ijro, xalqaro hamkorlik va «hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik» tamoyiliga amal qilishning muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi.

To‘rtinchi sessiya – «Demografik barqarorlik: inson huquqlari, inson kapitali va hozirgi hamda kelajak avlodlar farovonligi» mavzusiga bag‘ishlanib, unda inson huquqlari, yoshlar va oila farovonligi barqaror rivojlanish hamda inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish asoslari sifatida atroflicha talqin etildi. Demografik tendensiyalar, shu jumladan aholining qarishi va ularning davlat siyosati, mehnat bozorlari, ijtimoiy himoya va hududiy rivojlanishga ta’siri haqida fikr yuritildi.

Ma’ruzachilar ta’lim, sog‘liqni saqlash, kelajak ko‘nikmalari va butun umr davomida inson kapitaliga investitsiyalar; demografik o‘zgarishlar kontekstida gender tenglik, ongli tanlov va inklyuziv ishtirok; raqamli transformatsiya va yoshlarga xavfsizlik va jamoat qarorlarini qabul qilishda faol qatnashish uchun yaratilgan imkoniyatlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Bunda demografik barqarorlik, avlodlar hamjihatligi hamda hozirgi va kelajak avlodlar farovonligiga oid xalqaro hamkorlik va innovatsion yondashuvlarga alohida e’tibor qaratildi.

Beshinchi sessiya mavzusi –  «Xotin-qizlar huquqlari, gender tenglik va iqlim adolati: xalqaro majburiyatlardan – samarali amalga oshirishga» deb nomlandi. Bunda asosan xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va gender tenglikka erishish bo‘yicha davlatlarning xalqaro majburiyatlarini bajarishi masalasi haqida so‘z borar ekan, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish – barqaror, inklyuziv rivojlanish va tengsizlikni qisqartirishning muhim omili ekani ta’kidlandi.

Ma’ruzalarda iqlim o‘zgarishi va xotin-qizlar huquqlari: eng zaif guruhlarni himoya qilish va iqlim adolatini ta’minlash; iqlim o‘zgarishi kontekstida xotin-qizlarning tabiiy resurslar, oziq-ovqat, suv, sog‘liqni saqlash xizmatlari va munosib yashash sharoitlaridan foydalanishi;  xotin-qizlarning yetakchiligi va boshqaruvning barcha darajalarida qarorlar qabul qilishda ishtiroki kabi masalalar yuzasidan amaliy fikrlar o‘rtaga tashlandi. Xotin-qizlarga nisbatan kamsitish va zo‘ravonlikning barcha shakllari oldini olish bo‘yicha xalqaro standartlar va milliy amaliyot; raqamli transformatsiya va gender tenglik: xotin-qizlarning texnologiyalar, ta’lim va innovatsiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Oltinchi sessiya – «Sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va inson huquqlari: etika, huquqiy tartibga solish va xalqaro hamkorlik» mavzusiga bag‘ishlandi. Muhokamalarda sun’iy intellektni huquqiy tartibga solishning xalqaro standartlari va ularning inson huquqlarini himoya qilishga ta’siri masalasi keng tahlil etildi.

Ma’ruzachilar sun’iy intellektni ishlab chiqish va joriy etishning etik tamoyillari: shaffoflik, hisobdorlik va kamsitmaslikni ta’minlash; sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va shaxsiy hayot daxlsizligi, fikrni erkin ifoda etish hamda ma’lumot olish huquqini himoya qilish; algoritmik kamsitish, raqamli tengsizlik va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan teng foydalanishni ta’minlash; jadal texnologik rivojlanish davrida sun’iy intellektni global boshqarish va xalqaro hamkorlik masalalari yuzasidan chiqishlar qildi.

Sun’iy intellektdan davlat boshqaruvi va adliya sohasida foydalanishda mavjud imkoniyatlar, xavflar va inson huquqlari kafolatlari ko‘rib chiqildi. Zamonaviy qurolli mojarolarda sun’iy intellektdan foydalanish holatlari ortib borishining insoniy narxi muammosi borasida gumanitar tashkilotlarning nuqtayi nazari eshitildi.

Yettinchi sessiya – «Fuqarolikka ega bo‘lmaganlik holatlarini qisqartirish to‘g‘risidagi konvensiyaning 65-yilligi: uning saqlanib qolayotgan ahamiyati, Markaziy Osiyo davlatlarining erishgan natijalari va kelgusi istiqbollari» mavzusi doirasida tashkil etildi. So‘zga chiqqanlar 1961 yilgi BMT Konvensiyasining o‘tgan davrda  insonlarning fuqarolikka bo‘lgan huquqini himoya qilishga qo‘shgan hissasini yuqori baholadilar.

Muhokamalar asnosida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolikka ega bo‘lmaganlikning oldini olish va uni qisqartirish sohasida erishgan natijalar taqdim etildi. Bu boradagi muvaffaqiyatli amaliyot va olingan saboqlar bilan o‘rtoqlashildi.

Ayniqsa, mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan Ashxobod deklaratsiyasi hamda xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan hamkorlikning rolini atroflicha yoritib berildi. Xalqaro standartlarni qo‘llashni mustahkamlash va mintaqada hamda uning tashqarisida fuqarolikka ega bo‘lmaganlikni bartaraf etish bo‘yicha taraqqiyotni jadallashtirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar taklif etildi.

Forumning yakuniy yalpi majlisi 29-sentyabr kuni Samarqand shahrida o‘tkaziladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 28.09.2026 Ko'rishlar 72
Ulashish