Buxoro axborot-kutubxona markaziga inson huquqlariga oid yangi adabiyotlar topshirildi

23-iyun kuni Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat axborot-kutubxona markazida inson huquqlariga oid yangi adabiyotlarni tantanali topshirish marosimi bo‘ldi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu ma’rifiy tadbirda viloyat axborot-kutubxona markazi jamoasi, kitobxonlar, tadqiqotchilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev kutubxonada tashkil etilgan inson huquqlariga oid adabiyotlar burchagi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. U inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish va yosh avlodni demokratik qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda bunday ma’rifiy tashabbuslarning muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

Kutubxona fondiga topshirilgan yangi nashrlarda inson huquqlari, gender tenglik, bola huquqlari, xalqaro huquq, konstitutsiyaviy islohotlar hamda inson manfaatlarini ta’minlashga oid qator dolzarb masalalar qamrab olingan.

Mazkur adabiyotlar nafaqat kitobxonlar, balki ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar uchun ham muhim ilmiy-manbaviy asos bo‘lib xizmat qiladi. Xususan, buxorolik tadqiqotchilarning inson huquqlari sohasidagi eng so‘nggi ilmiy yangiliklardan xabardor bo‘lishi, ilmiy izlanishlarini yanada takomillashtirishi va amaliy faoliyatida samarali foydalanishi uchun qulay imkoniyat yaratadi.

Yangi kitob va jurnallar to‘plami viloyat axborot-kutubxona markazidagi “Konstitutsiya va inson huquqlari” burchagi fondini yanada boyitdi. Binobarin, ushbu ma’rifiy burchak aynan Milliy markaz tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda kitobxonlar uchun muhim axborot va ma’rifat maskaniga aylangan.

Buxoro viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Hosimjon Qosimov taqdim etilgan qimmatli adabiyotlar uchun samimiy minnatdorlik bildirib, o‘zi rahbarlik qilayotgan muassasa bilan Milliy markaz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik izchil davom etayotganini qayd etdi. U kelgusida ham inson huquqlariga oid ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va ilmiy-amaliy uchrashuvlarni hamkorlikda tashkil etish rejalashtirilganidan mamnunligini bildirdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Powered by GSpeech