O‘zbekiston delegatsiyasi Madridning 6-son jazoni ijro etish muassasasidagi sharoitlar bilan tanishdi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D.Muratova boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Ispaniyadagi amaliy uchrashuvlari davom etmoqda.

16-dekabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari – Milliy markaz, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi vakillari hamda Jazoni ijro etish departamentining 35 va 24-sonli manzil koloniyalari boshliqlari Ispaniya Penitensiar muassasalari Bosh kotibiyati (SGIP) vakillari hamrohligida Madridning 6-son jazoni ijro etish muassasasida bo‘ldi.

Ushbu muassasa direktori o‘rinbosarlari Santiago Rodrigez va Angela Mortes delegatsiyamiz a’zolarini kutib oldi. Muloqot asnosida mazkur muassasadagi sharoitlar, mahkumlar bilan ishlash, ularni qayta tarbiyalash va jamiyatga integratsiya qilishga qaratilgan modullar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Madridning 6-son muassasasi aralash tipdagi jazoni ijro etish muassasalaridan biridir. Bu yerda mahkumlar ishlashi, ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasbiy mahoratini oshirishi uchun zarur sharoitlar mavjud. Yosh bolali ayollar uchun ham muassasada alohida modullar nazarda tutilgan.

Delegatsiya a’zolari Madridning 6-son jazoni ijro etish muassasasi mutasaddilariga xavfsizlikni ta’minlash, mahkumlar bilan ishlashni tashkil etish, ularning bandligi va boshqa masalalar yuzasidan savollar berdilar. Barcha savollarga atroflicha javob olindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech