“Volontyor” – ixtiyoriy ravishda yordam qo‘lini cho‘zuvchi inson

5-dekabr – Xalqaro ko‘ngillilar kuni

 

Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar – inson huquqlarining bir turi bo‘lib, bizga munosib hayot kechirish, jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlarni kafolatlaydi. Bunda har bir kishi farovonlikka erishishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi hamda baxtli bo‘lishi va o‘z hayotidan rozi bo‘lishini ta’minlash nazarda tutiladi.

Xalqimizda “Chin ko‘ngildan yaxshilik qilish” degan azaliy tushuncha bor. Odatda, o‘zaro mehr-oqibatga undovchi amallarga nisbatan mana shu ibora qo‘llanadi.

Bunday mehr-oqibatli insonlarni turli faoliyat sohalarida uchratish mumkin. Mahallalarda birlashib muhtojlarga ko‘maklashish, o‘zaro hashar yo‘li bilan uy tiklash, og‘ir vaziyatlarga tushgan insonlarga jamoa bo‘lib yordam berish – shu kabi yumushlarning barchasi yurtimizda ko‘ngillilar ko‘magi bilan bitadigan ibratli ishlarni anglatadi.

Ko‘ngillilar bugungi kunda “volontyorlar” tushunchasi bilan yanada keng qamrov kasb etdi. Natijada ayni zamonaviy atama negizida o‘z bo‘sh vaqtini jamiyat uchun beminnat ko‘mak berishga sarflovchi insonlar jamoasi shakllandi.

“Volontyor” so‘zi fransuzcha “volontaire” so‘zidan olingan bo‘lib, “ixtiyoriy”, “o‘z xohishiga ko‘ra ish qiluvchi”, degan ma’nolarni anglatadi.

Ko‘ngilli (volontyor) – so‘zining yuridik ta’rifi esa moddiy mukofot kutmagan holda faoliyatning turli sohalarida chin ko‘ngildan, beg‘araz holda o‘z yordami va xizmatini rasmiy tarzda taklif etuvchi kishidir.

Beg‘araz faoliyatning qamrovi ham keng va turlichadir. Chin ko‘nglidan ko‘mak berib, evaziga hech qanday manfaat, foyda kutmasdan yordam qo‘lini cho‘zuvchi insonlarga esa jamiyatda har doim ehtiyoj seziladi.

1985 yil BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasida dunyo davlatlariga 5-dekabrni – Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish yo‘lidagi xalqaro ko‘ngillilar kuni yoki qisqacha – Xalqaro ko‘ngillilar kuni sifatida nishonlash taklif qilingandi. Shu tariqa BMT Ko‘ngillilar dasturi har yili dunyo bo‘ylab minglab ko‘ngilli insonlarni harakatga chorlab kelmoqda.

Ko‘ngillilarning bir qismi jamoat joylarini tozalashda o‘zlari talabgor bo‘lib ishlasa, ba’zilari ijtimoiy yoki xayriya kampaniyalari uchun risola va plakatlar tarqatdi, yirik sport musobaqa va olimpiadalarida ko‘ngilli tarjimon va gid sifatida yollanadi. Ko‘ngillilar asosan yoshlar, talaba va o‘quvchilardan iborat bo‘ladi.

Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 2 dekabrda “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga imzo chekkanini ta’kidlash lozim. Ushbu qonunda volontyor va volontyorlik tashkiloti maqomi mustahkamlandi, ko‘ngillilik faoliyatining yo‘nalishlari belgilab berildi.

O‘z navbatida, 2020 yil 4 dekabrda O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi tashkil etilib, volontyorlar forumi o‘tkazildi.

Xulosa o‘rnida shuni ham ta’kidlash joizki, 2024-yil 4-iyunda “Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlarni topish” mavzusida o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumida ham Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari tarjimonlik sohasida ko‘ngilli ko‘mak ko‘rsatishdi.

 Bugungi kunda volontyorlar mehribonlik va muruvvat uylariga yordam ko‘rsatish, bu maskanlarga bayram tadbirlari uyushtirish va ehtiyojmand insonlarni parvarishlash ishlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Yer yuzida sodir bo‘layotgan turli tabiiy ofatlar, zilzila, sel va boshqa noxushliklar oqibatlarini bartaraf etish ishlarida ham minglab ko‘ngilli insonlar ko‘magi asqatmoqda.

 

Hamid RAVSHANOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston

 Respublikasi Milliy markazi

Hisob-kitob bo‘limi boshlig‘i

Powered by GSpeech