Yangi O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida keng ko‘lamli va shiddatli islohotlar amalga oshirilmoqda.
2017-2024 yillarda fuqarolik jamiyati institutlarini bevosita qo‘llab-quvatlash va samaradorligini oshirishga qaratilgan 64 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur huquqiy va institutsional baza yaratildi.
Bu borada Prezidentimiz, jumladan: “Fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi" deb alohida e’tirof etdilar.
Yangi O‘zbekiston va fuqarolik jamiyati: konstitutsiyaviy-huquqiy va tashkiliy asoslari
Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida bir qator samarali aniq quyidagi ishlar amalga oshirildi.
Birinchidan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida birinchi marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilib, uning XIII bobi “Fuqarolik jamiyati institutlari”, deb nomlandi. Jumladan 69-moddada “Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi” deb mustahkamlab qo‘yildi.
Eng asosiysi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada milliy qonunchiligimizda birinchi marotaba fuqarolik jamiyati institutlarining tarkibi ochib berildi. Ushbu institutlar fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi mustahkamlandi. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining boshqa boblarning 5 ta moddasida fuqarolik jamiyati institutlarini manfaatlari himoya qilingan.
Ikkinchidan, O‘zbekiston tarixida ilk marotaba 2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Konsepsiyaning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib:
- fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning huquqiy asoslarini izchil takomillashtirish;
- fuqarolik jamiyati institutlariga ko‘mak berish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmini yanada takomillashtirish;
- davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
- davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish;
- fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash belgilandi.
Uchinchidan, Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashning demokratik tashkiliy-huquqiy tizimi yaratildi. Xususan, Oliy Majlis hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari huzurida Jamoat fondlari tuzildi. Jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan so‘nggi yetti yilda 1 trln. 916 mlrd. so‘m ajratildi. Natijada 2 246 ta loyihalar qo‘llab-quvvatlandi. 2008-2016 yillarga solishtirganda 30 barobar ko‘p. Keyingi 3 yilda hududiy Fondlar orqali 140 milliard so‘mlik 2120 ta loyiha amalga oshirildi.
To‘rtinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, Karlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi, ularning 500 ga yaqin tizim tashkilotlari to‘liq davlat subsidiyalaridan foydalanmoqda.
Beshinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari doirasida har bir viloyatda “Do‘stlik va Nodavlat tashkilotlar uylari” tashkil etildi. Bu uylarda 350 ta NNT va milliy madaniy markazlar bepul joylashtirildi.
Oltinchidan, nodavlat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bojlari o‘rtacha ikki barobar pasaytirildi. Nogironlar, nuroniylar, xotin-qizlar, bolalar jamoat birlashmalarini esa bojdan to‘liq ozod etildi. Qayta ro‘yxatdan o‘tish muddati bir ойдан 15 кунga qisqartirdi.
Yettinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan o‘z tadbirlarini o‘tkazishda adliya organining ruxsatini olish talabi bekor qilinib, ularning faoliyat erkinligi yanada mustahkamlandi.
Sakkizichidan, tashqi manbalardan mablag‘ olish jarayoni osonlashtirildi. Maxsus hisob raqam ochish talabi bekor qilindi. Mablag‘ olish bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati 40 кундан 15 кунga qisqardi. Bundan tashqari adliya organi bilan kelishmasdan olinadigan mablag‘ miqdori 5 бараvaрga oshirildi. Natijada so‘nggi 7 yilда jalb etilgan xalqaro grantlar 125 mln dollardan oshdi.
To‘qqizinchidan, nodavlat notijorat tashkiltlariga barcha davlat xizmatlari elektron tarzda ko‘rsatilmoqda. Buning uchun alohida e-ngo.uz portali ishga tushirildi.
O‘ninchidan, fuqarolik jamiyati institutlari Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli va shiddatli islohotlarning bevosita ishtirokchisi va eng yaqin hamkoriga aylandi. “Vatandoshlar” jamoat fondi, “Hunarmand” uyushmasi, “Soglom avlod” fondi, O‘zbekiston umumjaxon yoshlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, “Progressivislohotlar” markazi, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati kabi eng faol nodavlat notijorat tashkilotlar bevosita ishtirok etmoqda.
Yangi O‘zbekiston fuqarolik jamiyatlarining istiqbollari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 avgustida imzolangan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-124-sonli Farmon yuqoridagi islohotlarning uzviy davomi bo‘lib, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof va sog‘lom raqobat tamoyiliga asoslangan tizimini, shuningdek, ijtimoiy samarali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Farmon bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi bosqichida fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini oshirishga xizmat qiladigan sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning eng muhim oltita yo‘nalishi belgilab berildi:
birinchi yo‘nalish, Davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada oshirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, madaniy-ma’naviy va gumanitar sohalarni rivojlantirishda ularning salohiyatidan to‘laqonli foydalanish;
ikkinchi yo‘nalish, jamiyat manfaatlari va aholining haqiqiy ehtiyojlarini ko‘zlagan, joylarda saqlanib qolayotgan dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish;
uchinchi yo‘nalish, давлат organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish;
to‘rtinchi yo‘nalish, фуқаролик jamiyati institutlari tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashish yo‘lida ta’sirchan jamoatchilik nazorati olib borilishini rag‘batlantirish;
beshinchi yo‘nalish, фуқаролик jamiyati institutlarining xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda ularning xorijdagi uyushmalari bilan hamkorligini mustahkamlash;
oltinchi yo‘nalish, fuqarolik jamiyati institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularga o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish belgilandi.
Farmon bilan fuqarolik jamiyati institutlariga quyidagi rag‘batlantirish va qulayliklar belgilangan:
Birinchidan, Parlament huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilmoqda.
Endi, fondni boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasiga navbatma-navbat Senat va Qonunchilik palatasi vakillari raislik qilib boradi. Bu esa Fondni boshqarish samaradorligini oshiradi.
Ikkinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy kengashlar huzurida “Fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo‘lgan maslahat guruhlari” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Uchinchidan, Davlat organlariga fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravarigacha tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi berildi.
To‘rtinchidan, Fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish maqsadida davlat organlari huzuridagi Jamoatchilik kengashlariga fuqarolik jamiyati instituti vakili raislik qilishi tartibiga o‘tiladi.
Beshinchidan, Davlat grantlari va ijtimoiy buyurtma loyihalarining ijtimoiy ahamiyatga molik ekanligi e’tiborga olinib, bunday loyihalar doirasida daromad solig‘i va ijtimoiy soliq stavkalari 3 yil muddatga 50 foizga kamaytirildi. Tejalgan mablag‘lar loyiha maqsadiga yo‘naltiriladi hamda ularning samaradorligi ortishiga xizmat qiladi.
Oltinchidan, Nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini tuzishni yanada yengillashtirish uchun 2025 yil 1 yanvardan boshlab shunday tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji 2 baravarga kamaytirildi.
Yettinchidan, har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni o‘tkazib boriladi. Uning doirasida Parlament komissiyasi tomonidan soha vakillari “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
Sakkizinchidan, har ikki yilda Parlament fondi tomonidan taqdirlanadigan “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti ta’sis etiladi.
To‘qqizichidan, Jurnalistlar o‘rtasida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritish yo‘nalishida nominatsiya tashkil etiladi.
Fuqarolik jamiyati institutlarining yagona elektron platformasi
Farmon ijrosi bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlarning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan fuqarolik jamiyati institutlarining yagona elektron platformasi ishga tushirildi.
Yagona elektron platformaning ishga tushirilishi quyidagi natijalarni beradi:
Birinchi natija, fuqarolik jamiyati institutlarini va keng jamoatchilikni Oliy Majlis xuzuridagi fondi o‘tkazadigan tanlovlarning yo‘nalishlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etadi.
Ikkinchi natija, tanlovlarning barcha bosqichlari, shu jumladan ariza berishdan tanlov natijasini e’lon qilishgacha barchasi raqamlashtirilib, inson omili minimal darajaga tushiriladi.
Uchinchi natija, fuqarolik jamiyati institutlari ortiqcha qog‘ozbozlikdan holi bo‘ladi;
To‘rtinchi natija, monitoring qilish, shartnoma tuzish, xisobot topshirish elektron tarzda amalga oshiriladi.
Beshinchi natija, davlat organlarini ijtimoiy buyurtmasi elektron shakllarda shakllantiriladi.
Yagona elektron platforma tizim fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqib, mazkur jarayonlarning ochiq va shaffofligini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, “Bugun Yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Siyosatimizning markazida inson qadri va uning manfaatlarini ta’minlash eng ulug‘ maqsad va vazifa etib belgilangan. Taraqqiyot strategiyamizning asosiy mazmuni – qonun ustuvorligi va inson kapitalini rivojlantirish, adolatli va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdan iboratdir.
Eng muhimi, Farmon fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Xususan, ijtimoiy sheriklik institutini amalda rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratadi, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish ta’sirchanligini oshiradi.
Shu nuqtai nazardan Davlatimiz rahbarining quyidagi fikrlari davr talabiga aylandi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi: “Bugun Yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Siyosatimizning markazida inson qadri va uning manfaatlarini ta’minlash eng ulug‘ maqsad va vazifa etib belgilangan. Taraqqiyot strategiyamizning asosiy mazmuni – qonun ustuvorligi va inson kapitalini rivojlantirish, adolatli va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdan iboratdir. Biz o‘z oldimizga yaqin kelajakda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, mamlakatimizda kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish kabi katta rejalarni qo‘yganmiz.”
Akmal Saidov
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik
O‘zA
- Qo'shildi: 15.10.2024
- Ko'rishlar: 462
- Chop etish