Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

2030-yilga borib, dunyoda 11 milliondan ortiq tibbiyot xodimi yetishmasligi mumkin

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yangi hisobotiga ko‘ra, global keksayish tendensiyasi tufayli 2030-yilga borib, dunyo bo‘yicha 11,1 million nafar tibbiyot xodimi yetishmasligi prognoz qilinmoqda.

Xususan, 67 ta mamlakatda shifokor va hamshiralar tanqisligi sababli aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning hozirgi darajasini saqlab qolish qiyinlashishi mumkin. Ushbu davlatlarda kelgusi o‘n yil ichida har uch nafar shifokordan biri pensiyaga chiqishi kutilyapti.

Muammo, ayniqsa, yuqori daromadli mamlakatlar, jumladan, Yevropaning ko‘plab davlatlarida jiddiy tus olishi aytilmoqda. Chunki bu hududlarda katta yoshli tibbiyot xodimlarining ulushi nisbatan yuqori.

JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, aholining soha kadrlari bilan hozirgi ta’minlanganlik darajasini saqlab qolish uchun qayd etilgan 67 mamlakatda qo‘shimcha 832 ming nafar tibbiyot xodimiga ehtiyoj mavjud.

Bu esa xorijlik tibbiyot mutaxassislariga bo‘lgan talabni oshirib, kam daromadli mamlakatlardan malakali kadrlar oqimini kuchaytirishi mumkin. Oqibatda ushbu davlatlarda tibbiy xizmatlar sifati pasayishi taxmin qilinmoqda.

Shundan kelib chiqib, JSST tegishli hukumatlarni tibbiyot kadrlari tanqisligini kamaytirish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.

M.Qosimova, O‘zA

 
Nashr sanasi 24.09.2026 Ko'rishlar 28
Ulashish