20 noyabr – Butunjahon bolalar kuni
Inson hayotining eng muhim davri – bolalik. Yosh avlodning barkamol va yetuk shaxs sifatida shakllanishida ta’lim va tarbiyaning, oila hamda katta avlod vakillarning o‘rni beqiyos.
Dunyoning barcha mamlakatlarida bolalarga alohida e’tibor qaratish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shunday ekan, bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish – ularning kelajagi uchun qo‘yilgan mustahkam poydevor hisoblanadi.
BMT 1954 yilda 14 dekabrda butun dunyoda bolalar farovonligini ta’minlash hamda mazkur tashkilotning bolalar bo‘yicha faoliyatini kengaytirish va kuchaytirish maqsadida barcha mamlakatlarga 20 noyabrni “Butun jahon bolalarni himoya qilish kuni” sifatida keng nishonlashni tavsiya qilgani bejiz emas. Zero, BMT Bosh Assambleyasi 1959 yilning aynan shu kunida Bola huquqlari deklaratsiyasini, 1989 yilning ushbu sanasida esa Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qilgan.
Bola huquqlari va manfaatlarini ta’minlash masalasi O‘zbekiston uchun doim ustuvor maqsadlardan biri bo‘lib kelmoqda. Yurtimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng, 1992 yil 9 dekabrda inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar ichida birinchi bo‘lib Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgani buning yaqqol namunasidir.
Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga Konvensiyaning bajarilishi to‘g‘risida doimiy ravishda hisobotlar taqdim etib boradi. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari bajarilishi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga 5 ta davriy ma’ruza taqdim etildi.
2022 yil 29 avgust – 23 sentyabr kunlari BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 91-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur sessiya davomida, ya’ni 31 avgust – 1 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarilishi yuzasidan Beshinchi davriy ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.
BMT Qo‘mitasining ushbu sessiyasida bolalar huquqlarini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, bolaning eng yaxshi manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar, bolalarga do‘stona odil sudlov tamoyillarini joriy etish, bolalarga nisbatan kamsitishning oldini olish, bolalarning oilada yashash va tarbiyalanish huquqlarini ta’minlash, ta’lim olish, malakali tibbiy yordam olish huquqini ta’minlash, bolalar mehnatini oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Sessiya yakunida BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi O‘zbekistonning Beshinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan o‘zining Yakuniy tavsiya va mulohazalarini taqdim etdi. Bu hujjat 2022 yil 27 oktyabrda tasdiqlangan bo‘lib, jami 52 ta bandga birlashgan tavsiyalardan iborat.
Shu o‘rinda yana bir muhim jihatni alohida ta’kidlash lozim. 2023 yil 10 dekabrda butun insoniyat uchun eng muhim hujjatlardan biri bo‘lgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganiga 75 yil to‘ladi. Butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash kampaniyasi qizg‘in davom etmoqda.
Ayni jarayon inson huquqlarining universalligi va ajralmasligi haqidagi bilimlarni chuqurlashtirish, shuningdek, huquqlarni himoya qilish imkoniyatlarini, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kengaytirishga qaratilgan. Ushbu tashabbus Deklaratsiyada aks ettirilgan inson huquqlari infratuzilmasini tiklash, mustahkamlash va yanada rivojlantirishga yordam beradi.
2023 yil 12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Farmon bilan 30 banddan iborat tadbirlar dasturi tasdiqlangan bo‘lib, undan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish va ularni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi ta’limni takomillashtirish hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘rin olgan.
Shu tadbirlar qatorida BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalari bajarilishi bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish masalasi ham bor.
Mazkur farmon ijrosi doirasida mas’ul davlat organlari va tashkilotlar, jumladan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi yakuniy mulohazalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) ishlab chiqildi.
Milliy harakatlar rejasi loyihasi 2023 yil 17-20 may kunlari BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo mintaqaviy bo‘limi hamda BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan seminarda 30 dan ortiq manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar vakillari bilan birga muhokama qilindi.
Keyingi bosqichda BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalari bajarilishi bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi vazirlik va idoralar bilan kelishildi. So‘ngra Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha Parlament komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritildi.
Bundan tashqari, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” degan tamoyilga amal qilmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, “Inson qadri uchun” g‘oyasi hamda “Hech kimni orqada qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mamlakatimiz Asosiy qonuniga bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi ilg‘or normalar kiritildi. Milliy qonunchilik bola huquqlariga doir xalqaro normalarga to‘la-to‘kis muvofiqlashtirilmoqda.
Xususan, O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirildi. Bu borada davlatning majburiyatlari kengaytirildi.
Mamlakatimizda bolalar huquqlarini ta’minlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hayotga joriy qilishga qaratilgan.
2021 yil 7 dekabrdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, 13 yoshga to‘lgan shaxslarning jinoiy javobgarlikka tortilishi bekor qilindi. Jinoiy javobgarlikka tortish 14 yoshdan boshlanishi belgilandi. Voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishda pedagog bilan bir qatorda psixolog ham qatnashishi belgilandi.
2023 yil 12 aprelda qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilib, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilandi. Bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirildi.
Aholining 40 foizini bolalar tashkil etgan O‘zbekiston uchun bola huquqlarini har tomonlama ta’minlash ustuvor ahamiyatga ega. Bola huquqlarini himoya qilish borasidagi islohotlarni muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakiki (Bolalar ombudsmani) lavozimi tashkil etildi.
O‘zbekistonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining “Bolalar manfaatlari ularga tegishli barcha qarorlar qabul qilish jarayonida doimo e’tiborga olinishi lozim” degan tamoyili tatbitq etilganini alohida ta’kidlash lozim.
Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030 strategiyasi”da bolalar huquq va manfaatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan 10 dan ortiq chora-tadbirni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, bola huquqlari kafolatlarini yanada takomillashtirish yo‘lidagi izchil islohotlarimiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga hamohangdir. O‘zbekistonda ham Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan global kampaniyaga start berilishi hamda bu borada normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, qator tadbirlar amalga oshirilayotgani – mamlakatimizning asosiy xalqaro shartnomalardagi maqsad va prinsiplarga sodiqligini namoyon qiladi.
Husniddin Xolmamatov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 20.11.2023
- Ko'rishlar: 2549
- Chop etish