16-17 noyabr kunlari Samarqand shahrida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning transport vositalaridan foydalana olish imkoniyati” bo‘yicha monitoring o‘tkazildi. Ushbu tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bajarilishining monitoringi doirasida amalga oshirildi.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning bajarilishini monitoring qilish tizimli va uzluksiz jarayon bo‘lib, uning maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslarning ushbu Konvensiyada belgilangan huquq va kafolatlariga rioya etilishini baholash va ta’minlashdan iborat. Xususan, mazkur monitoringda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoni talablariga tayanildi.
Monitoring o‘tkazish maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston Nodavlat notijroat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh a’zolari Samarqand shahridagi xalqaro aeroport, temir yo‘l vokzali hamda avtobuslarda va avtobus bekatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimi H.Xolmamatovning qayd etishicha, hozirda monitoring yakunlari bo‘yicha ishchi guruh tomonidan aniqlangan kamchiliklar umumlashtirilmoqda. Shu asosda tegishli amaliy takliflar ishlab chiqiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.11.2023
- Ko'rishlar: 413
- Chop etish