Muqobil ma’ruza tayyorlashga bag‘ishlangan seminar-trening

14 sentyabr kuni Toshkent shahrida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani bajarilishi bo‘yicha muqobil ma’ruzalar tayyorlashga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti hamda O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov kirish so‘zi bilan murojaat qildi.

Mamlakatimizda 2022 yili Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha 2023 – 2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi tasdiqlandi va izchil amalga oshirilmoqda. Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining dastlabki milliy ma’ruzasi 2023 yil 28 iyulda BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga topshirildi.

Seminar-treningda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat tashkilotlari faollari ishtirok etdi. Tadbir davomida Muqobil ma’ruzalarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olish huquqi, bino-inshootlar, transport infratuzilmasi, axborot, atrof-muhit va boshqa xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari, gender tenglik xamda mustaqil yashash va jamiyat faoliyatida ishtirok etishi masalalarini aks ettirish uslubi va talablari muhokama qilindi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalar, yoshlar va ayollar uchun inson huquqlariga asoslangan yondashuvni tatbiq etish muqobil ma’ruzalarning asosiy mazmunini tashkil etishi kerakligi yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Seminar yakunida e’tirof etilganidek, Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashning samarali mexanizmlari joriy etilmoqda. Nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech