Surxondaryoda yangi sanatoriya –"Sangardak" ish boshladi

Sariosiyo tumanidagi tog‘lar qo‘ynida 200 o‘rinli "Sangardak" sanatoriyasi foydalanishga topshirildi.

Dengiz sathidan 1 ming 500 metr balandlikda qad rostlagan sanatoriyaning tantanali ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar va mahalla faollari, ustoz va murabbiylar, taniqli ijodkorlar va yoshlar ishtirok etdi.  

Tantanali marosimda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, O‘zbekiston  Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayidov,  O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov,  O‘zbekiston ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Alimatov va boshqalar mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, aholining munosib turmush kechirishi, salomatligini tiklashi va dam olishi uchun zarur sharoitlarni yaratish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidlashdi. Shunday ezgu maqsadda yangi sihatgohlar barpo etish, tizimdagi sanatoriyalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, qabul quvvatini oshirish, bu orqali mehnatkashlar va ularning oila a’zolari salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.  

Prezidentimiz 2019 yil 17-18 oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Sariosiyo tumanidagi dunyoga mashhur "Sangardak" sharsharasiga yaqin hududda barcha qulayliklarga  ega zamonaviy sanatoriya barpo etish yuzasidan tegishli topshiriqlar bergan edi. Shunga muvofiq Kasaba uyushmalari federatsiyasi purviqor tog‘lar bag‘rida 200 o‘rinli “Sangardak” sanatoriyasi qurilishiga ta’mal toshini qo‘ydi. Qisqa vaqtda qiya relefli maydonlarda murakkab sharoitdagi qurilish ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy va milliy me’moriy yechimlar asosida yetti qavatli sog‘lomlashtirish maskani qad rostladi. Uning birinchi qavatida qabul va boshqaruv bo‘limi, ikkinchi qavatdan oltinchi qavatgacha barcha qulaylikka ega  yotoqxonalar, yettinchi qavatda  lyuks-appartament xonalari joylashgan. Yangi sanatoriya tog‘ iqlimi, tabiatining shifobaxsh xususiyatiga ko‘ra, yuqori nafas yo‘llari, allergiya, astma, asab, yurak qon-tomir, urologik, ginekologik, harakat-tayanch tizimi kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan. 3,16 gektar maydonda joylashgan sanatoriyaga 4 kilometr masofadagi tog‘lar qo‘ynidan maxsus quvurlar orqali toza ichimlik suvi tortib kelindi. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi  dam olish maskanini tashxislash va davolash, salomatlikni tiklash va turli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiluvchi eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, shuningdek, eng zamonaviy, yuqori sifatli qattiq va yumshoq mebellar bilan jihozladi. Dam oluvchilar uchun bu yerda fizioterapiya va suv bilan davolash bo‘limlari, shifobaxsh tuz g‘ori, laboratoriya, jismoniy tarbiya, balchiq va parafin bilan davolash, gadroaeroionizatsiya xonalari, yopiq suzish havzasi, turk hammomi xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Kutubxona, madaniyat saroyi, tennis xonalari, mazali va darmondorilarga boy taomlar tayyorlanadigan oshxona, bolalar o‘yingohi ham bunyod etilgan.  

So‘lim tog‘lar qo‘ynidagi sog‘lomlashtirish maskanida 150 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlandi.  

Tantanali marosimda sanatoriyaga ramziy kalit, avtobus va yengil avtomashina topshirildi.  

Ishtirokchilar "Sangardak" sharsharasida bo‘lib, uning tengsiz go‘zalligidan  bahramand  bo‘lishdi.

Tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov ishtirok etdi.

Xolmo‘min  Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech