25 noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni
Har yili 25 noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni sifatida dunyo miqyosida keng nishonlanadi. Ushbu sana BMT tashabbusi bilan joriy qilingan bo‘lib, ayollarni tahqirlash, kamsitish, jinsiy, iqtisodiy, psixologik yoki jismoniy zo‘ravonlikka qarshi kurashning ramziga aylangan.
Bu kun muayyan davra suhbatlari yoki aksiya tadbirlari bilan chegaralanib qolmayapti, u butun jamiyatning ongini o‘zgartirishga qaratilgan harakatlarning markaziga aylandi. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik shunchaki shaxsiy muammo emas. U ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va siyosiy barqarorlikka xavf soluvchi global inqirozdir.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har uch ayoldan biri hayoti davomida kamida bir marta zo‘ravonlikka duch keladi. Ba’zi mintaqalarda esa bu ko‘rsatkich 70 foizgacha yetadi.
Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashda BMT tomonidan bir necha muhim hujjatlar qabul qilingan. Xususan, “Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi konvensiya” (CEDAW) – ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini yo‘q qilishga qaratilgan huquqiy hujjat bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1979 yilda qabul qilingan. Konvensiya davlatlarni ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish uchun siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda tegishli chora-tadbirlar ko‘rishga da’vat etadi.
Pekin deklaratsiyasi ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish va jamiyat hayotining barcha jabhalarida tenglik asosida to‘liq ishtirok etishi, taraqqiyot va tinchlik maqsadlariga erishish asosida 1995 yilda to‘rtinchi Butunjahon ayollar konferensiyasida qabul qabul qilingan. Ushbu hujjat dunyoda gender tengligining muhimligi va ayollar huquqlarining himoya qilinishini ta’kidlaydi. Shuningdek, ko‘plab sohalarda gender tengsizligini bartarash etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilaydi.
Qolaversa, har yili ushbu kundan boshlab 10 dekabr – Inson huquqlari kuniga qadar “Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik” faol harakatlar kampaniyasi o‘tkaziladi.
Bu kun oddiy sana emas, balki, inson huquqlari, adolat, tenglik uchun kurashning ramzidir. Zo‘ravonlikka barham berish har bir jamiyat a’zosi, har bir oilaning zimmasidagi mas’uliyat. Ayolning xavfsizligi ta’minlangan jamiyatgina demokratiya, taraqqiyot va barqarorlik sari dadil qadam tashlay oladi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский