Toshkent yuqori texnologiyalar va sun’iy intellekt markaziga aylanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 dekabr kuni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bilan tanishish hamda kelgusidagi vazifalarni faollar ishtirokida belgilab olish uchun Yunusobod tumaniga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Toshkent shahri Yunusobod tumanida barpo etilgan yirik quvvatli kogeneratsiya stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Poytaxtda aholi va iqtisodiyot ob’ektlarini qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan barqaror va uzluksiz ta’minlash maqsadida bir vaqtning o‘zida elektr va issiqlik ishlab chiqaradigan bir qator zamonaviy kogeneratsiya qurilmalari ishga tushirilmoqda.

Yunusobod tumanidagi 4-issiqlik markazi hududida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan, quvvati 100 MVt bo‘lgan mazkur loyiha ana shunday muhim tashabbuslardan biridir.
Xitoyning “CNTIC” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha 3,5 gektar maydonda joylashdi. Uni moliyalashtirish uchun 65 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya yo‘naltirildi.
Davlatimiz rahbari markazning ish jarayoni bilan tanishdi.

Kogeneratsiya inshootiga Buyuk Britaniyaning “Rolls-Royce” kompaniyasining 70 ta gaz-porshen uskunalari o‘rnatildi.
Qozonxonalardan iste’molchilargacha bo‘lgan issiqlik ta’minoti infratuzilmasi rekonstruksiya qilindi. Issiqlik magistrallari yangilandi. Tarmoqlar izolyatsiyali quvurlar bilan almashtirildi. Bu esa turli darajadagi energiya yo‘qotishlarining oldini olish imkonini beradi.
Markaz ishga tushirilishi natijasida yiliga 876 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 858 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, yiliga 35 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.
Endilikda poytaxtning Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek va Yakkasaroy tumanlarida joylashgan jami 1 ming 846 ta ob’ekt doimiy issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi. Ularning 1 ming 400 tasi aholi xonadoni, qolgan qismi esa ijtimoiy soha ob’ektlaridir. Shuningdek, 292 ming xonadonga elektr energiyasi barqaror yetkazib beriladi.
Loyiha ishga tushishi bilan issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan xarajatlar 40-45 foizga kamayadi. Atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori sezilarli darajada qisqarib, oqova suv tashlanmalari yuzaga kelmaydi.
Shu yerning o‘zida Prezidentimiz kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va issiqlik markazlarini rivojlantirish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish, poytaxtda obodonlashtirish ishlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar, shuningdek, anomal sovuq sharoitida xizmatga jalb etiladigan kuch va vositalarni taqsimlash yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi.
Poytaxtda 11 ming 630 ta ko‘p qavatli uy bor. Ularga 358 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbari ularning mavsumga qay darajada shayligi bilan qiziqdi.
– Shahar sharoitida boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati aholi hayoti bilan uzviy bog‘liq. Shu bois ular soat mexanizmiday aniq, uzluksiz ishlashi kerak. Buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Endilikda soha xodimlarining dunyoqarashi va yondashuvi ham o‘zgarishi lozim. Aholining holidan xabar olish, ko‘p qavatli uylarning yerto‘la va tom qismlarini, yo‘laklar va o‘yin maydonchalarini tartibli saqlash zarur, – dedi Prezident.
Shuningdek, energetika, obodonlashtirish, qurilish va servis tarmoqlari mas’ullariga mavsum davomida tizimli va muvofiqlashgan holda ishlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumanida joylashgan “Yunusobod galereyasi” savdo, xizmat ko‘rsatish va biznes markaziga tashrif buyurdi.

Ikki yarim gektar maydonni egallagan ushbu yirik majmuada 53 ming kvadrat metrdan ziyod savdo va tijorat maydonlari tashkil etilgan. 14 million dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga qator xorijiy brendlar o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
Umuman olganda, majmuada 100 dan ortiq savdo nuqtalari ochilib, 500 ga yaqin ish o‘rinlari yaratilgan. Markazga yiliga 2,5 million nafargacha tashrif buyuruvchi kelishi kutilmoqda.
Loyiha qiymati 43 million dollar bo‘lgan ushbu majmuaning arxitektura-dizayn yechimi joriy yil MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro me’morchilik tanlovida birinchi o‘rinni egallagan.

Prezident shu yerda ochilgan kitob do‘konida nashriyotlar vakillari hamda kitobxon yoshlar bilan suhbatlashdi.
Kitob savdosini rivojlantirish, umuman olganda mutolaa madaniyatini bolalikdan boshlab keng ommalashtirishning muhimligi, shuningdek, ilmiy va badiiy adabiyotlar nashrini kengaytirish, bu borada nashriyotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Poytaxt faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi.
– Barcha sohalarda erishilayotgan natijalar, avvalo, yurtimizdagi tinchlik va xalqimiz hamjihatligi samarasidir. Poytaxtimiz kun sayin obod va ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda. Buni chet eldan kelayotgan mehmonlar ham alohida e’tirof etmoqda. Birdamlikda gap ko‘p. Uning ildizi, eng avvalo, mahallalarimizda. Adolatli bahoni ham xalqning o‘zi, shu mahalla beradi. Shuning uchun odamlarni rozi qilishga qaratilgan ishlarimizni eng quyi bo‘g‘indan boshladik, – dedi Prezident.

Markazga tashrif doirasida davlatimiz rahbariga shu yerda faoliyat yuritayotgan “Unicon-Soft” IT kompaniyasi faoliyati taqdim etildi.
Mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasida yaratilgan qulay shart-sharoit va imtiyozlar natijasida davlat boshqaruvini raqamlashtirish, aloqa infratuzilmasini yaxshilash, IT ta’limini rivojlantirish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda milliy dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchilarning ishtiroki izchil kengayib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan.
Ushbu jarayonga Yunusobod tumanida faoliyat yuritayotgan “Unicon-Soft” kompaniyasi ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda. 2017 yilda tashkil etilgan korxona shu kunga qadar respublika bo‘ylab 70 dan ortiq dasturiy tizim ishlab chiqqan va joriy etgan.
Kompaniyaning barcha hududlar hamda 208 ta tuman (shahar)larda axborot tizimlarini joriy qilish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha filiallari mavjud. Ularda 1,5 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda, shundan 80 foizini yoshlar tashkil etadi.
Ayni paytda “Unicon-Soft” tomonidan raqamlashtirish yo‘nalishida dasturiy va texnik vositalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, bojxona faoliyatini raqamlashtirish, shuningdek, “Raqamli mahalla” platformasini joriy etish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari kompaniyaning ushbu yo‘nalishdagi loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Milliy IT mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, yoshlarning sun’iy intellekt texnologiyalari sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, davlat idoralarida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, Prezidentimiz Rixsiliy ko‘chasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari va zamonaviy infratuzilmani ko‘zdan kechirdi.
Ko‘chaning ikki kilometrlik qismida muhandislik va transport infratuzilmasi tubdan yangilandi. Shuningdek, 24 soat faoliyat yuritadigan savdo, umumiy ovqatlanish hamda ko‘ngilochar ob’ektlar tashkil etildi. Natijada 650 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Hududda kuniga o‘rtacha 35 mingga yaqin avtotransport vositasi harakatlanadi. Buni inobatga olgan holda, aholi xavfsizligi va harakat qulayligini ta’minlash choralari ko‘rildi. Jumladan, 39 ming kvadrat metr piyodalar yo‘laklari barpo etildi. Yuzga yaqin videokuzatuv kameralari hamda o‘nga yaqin favqulodda chaqiruv tugmalari o‘rnatildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining yangi binosi va o‘quv-ilmiy faoliyati bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilgan edi.
Akademiya qisqa vaqt ichida tor ixtisoslashgan ta’lim muassasasidan prokuratura va tergov-surishtiruv organlari uchun kadrlarni yagona yondashuv asosida tayyorlaydigan, ta’limning uzluksiz tizimiga ega bo‘lgan, to‘laqonli ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasiga aylandi.
Akademiyaning professor-o‘qituvchilari va boshqaruv xodimlari tarkibi prokuratura, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ilmiy va ekspertlik muassasalarida amaliy tajribaga ega malakali kadrlar bilan to‘ldirildi.
O‘tgan davrda Akademiyaga biriktirilgan hududdagi infratuzilma izchil kengaytirilib, besh qavatli ma’muriy bino, zamonaviy oshxona, mehmonxona va talabalar uchun kovorking maydoni qaytadan barpo etildi hamda konferens-zal, kutubxona tubdan rekonstruksiya qilindi.

Bundan tashqari, 2 ta o‘quv korpusi va 2 ta yotoqxona binolari qayta ta’mirlanib, ta’lim oluvchilarni qamrab olish imkoniyati ikki baravarga oshirildi. Hozirda esa ochiq va yopiq sport majmualarining qurilishi davom etmoqda.
Nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida kriminalistika poligonlari, sud protsessi imitatsiyasi uchun maxsus zallar, Gezell oynasi bilan jihozlangan so‘roq va tanib olish xonalari, kiberpoligon, “darknet” va sud-ekspertizasi laboratoriyalaridan iborat jami 12 ta maxsus xona barpo etildi.
Akademiyada oliy ta’limning ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura yo‘lga qo‘yilgan. 2023/2024 o‘quv yilidan mamlakatimizda ilk marotaba “Turli tizim – yagona yondashuv” tamoyili asosida bakalavriatning “Tergov faoliyati” va “Prokurorlik faoliyati” ta’lim yo‘nalishlarida o‘quv jarayonlari tashkil etildi. Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan “kiberprokuror” va “kibertergovchi”larni tayyorlash uchun kelgusi yildan boshlab “Kiberhuquq” bakalavriat yo‘nalishi tashkil etiladi.
Magistraturada “Tergov faoliyati”, “Prokurorlik faoliyati” shuningdek, milliy ta’lim tizimida yagona bo‘lgan “Korrupsiyaga qarshi kurash faoliyati”, “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab, “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlanadi.
Malaka oshirishning sifat jihatidan yangi tartibi joriy etilib, prokuratura va tergov organlari xodimlarining har uch yilda kamida bir marta uzluksiz malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Prokuratura organlarining rahbar kadrlarini qayta tayyorlash, yangi qabul qilingan xodimlarning boshlang‘ich ixtisoslashuvini ta’minlash, vakolatli organlar surishtiruvchi va tergovchilarini qayta tayyorlash bo‘yicha yangi tizim yaratildi.
Masofaviy va aralash kurslar hamda xodimlarning ehtiyojlariga asoslangan ta’limning elektiv modeli qo‘llanib kelinmoqda. Bu – har bir xodimga butun xizmat faoliyati davomida shaxsiy ta’lim trayektoriyasi bo‘yicha o‘z malakasini uzluksiz oshirib borish imkonini yaratadi.
Portal orqali masofaviy va aralash kurslarni sun’iy intellekt texnologiyalari asosida joriy etish yo‘lga qo‘yildi. Bunda sun’iy intellekt asosida yaratilgan virtual assistent va haqiqiy tergov amaliyotida uchraydigan muammoli vaziyatlarni aks ettirgan raqamli simulyatsiya videolari keng qo‘llanilmoqda.
Aholiga bepul huquqiy maslahat berish uchun yuridik klinika va maxsus elektron platforma faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu faoliyatga talabalar jalb etilib, tajribali mutaxassislar rahbarligida amaliy ko‘nikmalarini shakllantirmoqda.
Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi tashkil etilgan. Mazkur yo‘nalishda magistrlarni tayyorlash, shuningdek, ilmiy kengash faoliyatini ilmiy uslubiy jihatdan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi.
Kiberjinoyatchilik va boshqa global tahdidlarga qarshi kurashish hamda bu borada malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida o‘tgan yilda Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida Akademiya tarkibida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.
Ahamiyatlisi, zamonaviy kiberlaboratoriyada 439 ta murakkab raqamli tadqiqot va ekspertiza o‘tkazilib, 189 ta kiberjinoyat fosh etilgan.
Akademiyaning loyiha ofisida AQSH, Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Sloveniya va Shvetsiya kabi davlatlardan jalb qilingan ekspertlar hamkorligida 15 dan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.
Akademiyada 10 ta ixtisoslik bo‘yicha ilmiy darajalarini beruvchi kengash faoliyat olib boradi. Shundan “Korrupsiya muammolari” ixtisosligi bo‘yicha ilmiy kengash mamlakatimizda yagona bo‘lib hisoblanadi. Akademiyaning ilmiy salohiyati uch yil ichida 26 foizdan 67 foizga yetkazildi.
Prezidentimiz Akademiyaning sud protsessi imitatsiyasi uchun maxsus zallari, so‘roq va tanib olish hamda boshqa ixtisoslashtirilgan xonalari, axborot-resurs markazida yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdi, talabalar bilan muloqot qildi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan har tomonlama rivojlantirish, shahar muhitini yaxshilash va munosib yashash sharoitlarini yaratish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Avvalo, poytaxtda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. So‘nggi yillarda shaharda ulkan o‘zgarishlar ro‘y bergani ta’kidlandi.
O‘tgan to‘qqiz yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 20 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritildi, 5 mingga yaqin yirik loyiha ishga tushdi. Jon boshiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya 2017 yildagi 71 dollardan 2,2 ming dollarga oshdi.
Bunyodkorlik ishlari, yangi qurilgan savdo-servis va ko‘ngilochar ob’ektlar “tungi iqtisodiyot”ni rivojlantirdi. Tunu kun ishlaydigan savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining soni 3 mingdan oshdi.
Toshkentga 1 mingta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, 168 ta yangi yo‘nalish ochildi. Qo‘shimcha 33 kilometr metro liniyasi va 21 ta yangi stansiya qurildi. Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusoboddagi 1 millionga yaqin aholiga metro xizmatlari yaqinlashdi.
Umuman, poytaxt iqtisodiyoti oxirgi to‘qqiz yilda 2,5 barobar o‘sib, joriy yil 27 milliard dollarga yetadi. Aholi jon boshiga daromad esa 4,4 ming dollardan 8,6 ming dollarga ko‘paydi.

Natijada kambag‘allik darajasi yil boshidagi 7,3 foizdan 1 foizga, ishsizlik esa 4,5 foizdan 3,5 foizga pasayadi. Ya’ni Toshkent shahrida kambag‘allik va ishsizlik tabiiy darajaga tushadi.
Toshkent shahrining doimiy aholisi har yili o‘rtacha 100 mingdan ko‘payib, 2030 yilda 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda. Shuningdek, yalpi hududiy mahsulotni 52 milliard dollarga yetkazish, jon boshiga daromadni qariyb 2 karra oshirish reja qilingan.
Ushbu marralarga erishish uchun shahar hokimi va uning o‘rinbosarlari, 12 ta tuman hokimi tinimsiz izlanishi, shahar uy-joy fondi, transport, energetika, ta’lim va tibbiyot, servis infratuzilmalarini dunyoning zamonaviy megapolislari andozasi asosida qayta ko‘rib chiqishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, shunday megapolislarda rahbar bo‘lgan mutaxassislarni hokimga maslahatchi qilib olib kelish bo‘yicha taklif ma’qullandi. Ularning ko‘p yillik tajribasidan foydalanib, Toshkent shahrini moliya, ilg‘or texnologiyalar, madaniyat va turizm markaziga aylantirish kerakligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari hali yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligini qayd etib, yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
– Eng avvalo, shahar aholisini tashvishga solayotgan ekologiya, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish va sifatli boshqaruv masalasida shahar mas’ullari yondashuvini o‘zgartirishi zarur.
– 2026 yil Toshkent shahri uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi” yili bo‘ladi. Bu g‘oyani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha katta dastur amalga oshiriladi, – dedi Prezidentimiz.
Poytaxt tumanlari 3 ta yo‘nalishda rivojlantirilib, 2026 yilda 9 milliard dollar, ikki yilda 20 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish maqsadi belgilandi.
Xususan, Sergeli, Yangihayot, Bektemirda yuqori texnologik sanoat va logistika sohalari “o‘sish nuqtasi” bo‘ladi. Jumladan, kelasi yili Sergelida maydoni 120 ming kvadrat metr bo‘lgan 70 million dollarlik zamonaviy agrologistika va omborxona ishga tushiriladi.
Yangihayotdagi “Yangi avlod” sanoat zonasida elektrotexnika, to‘qimachilik, avtomobilsozlik va oziq-ovqat sohasida 2 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu sanoat zonasi Yangihayot va Bektemirdagi 640 gektar yer hisobidan kengaytiriladi. Buning hisobiga umumiy qiymati 3 milliard dollarlik ekologiya talablariga mos va yuqori texnologik yangi loyihalarni boshlash topshirildi.
Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy, Shayxontohur va Olmazorda xizmatlar, kreativ iqtisodiyot, dizayn va turizm asosiy investitsiya yo‘nalishlariga aylanadi.
Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Mirobod va Yashnobodda esa sun’iy intellekt, startap, moliyaviy texnologiyalar, moliya, tibbiyot va ta’lim sohasida 1 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.
Joriy yilda shahardagi 26 ta ko‘cha tunu kun ishlaydigan ko‘chalarga aylantirildi. Bu ko‘chalarda 1 ming 200 ta savdo-servis ob’ektini joylashtirish hisobiga 5 ming aholi daromadli bo‘ldi. Kelgusi yilda yana 18 ta shunday ko‘cha tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.
Bugungi kunda poytaxtda 75 ta maktab va shuncha bog‘cha, 23 ta sport ob’ektlariga ehtiyoj bor.
Tuman hokimlari o‘zlari mablag‘ jalb qilib, har yili 1 tadan maktab, bog‘cha va sport ob’ektini qurishi, qolgan 15 tadan maktab va bog‘cha hamda 11 ta sport ob’ekti investitsiya dasturi doirasida qurib berilishi belgilandi.
Shu yildan Toshkent shahrining har bir tumanida 1 tadan maktabda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha “Toshkent tajribasi” boshlandi. Ya’ni 7-11-sinfdagi 1,5 ming o‘quvchi saralanib, ularni AT, tibbiyot, biznes, muhandislik kabi yo‘nalishlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. O‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishiga qarab, o‘qituvchilariga 20 million so‘mgacha oylik maosh to‘lanyapti.
Bu tajribani kengaytirib, bunday maktablar sonini kelasi yili 24 taga, 2027 yilda esa 33 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Endi yirik megapolislar kabi poytaxtimizda ham transport tizimini yagona yondashuv asosida boshqaradigan markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu markaz har bir ko‘cha, har bir chorrahada transport va piyodalar oqimini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, tirbandlik va yo‘l transport hodisasining oldini olish bilan shug‘ullanadi.
Kelasi yili poytaxtga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga ko‘chadi, 3 tasi rekonstruksiya qilinadi. Bu yerlarda kamida 3,5 mingta yuk va 5,5 mingta yengil avtomobil uchun turargohlar hamda aholi uchun kempinglar barpo etiladi.
Asosiysi, bu nuqtalarga jamoat transporti tarmog‘i bog‘lanadi. Poytaxtga kelayotgan mehmonlar avtomobilini shu yerda qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin bo‘ladi.
Shahar hokimligiga kelgusi yilda yagona boshqaruv tizimiga ega svetoforlar bilan jihozlangan 100 ta “aqlli” chorrahani yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlar bilan 30 mingta avtomobil to‘xtash joyi qurib, 300 ta bekatni rekonstruksiya qilish, 40 kilometr piyoda va 20 kilometr veloyo‘laklar qurish, 100 kilometr yo‘lni ta’mirlab, Yunusobod va Yashnobodda yo‘l o‘tkazgich va tonnel barpo etish topshirildi. Kelgusi yilda 200 ta elektrobus olib kelish vazifasi qo‘yildi.
Dunyoning yirik shaharlari kabi poytaxtimizda ham ekologiya masalasining dolzarbligi oshmoqda.
Poytaxtning 4 ta qismida sun’iy ko‘l va havzalar qurish loyihalarini tayyorlab, ishlarni boshlash topshirildi. 1 iyungacha har bir tumanda 5 kilometrli 3 tadan soyali sayr ko‘chalari foydalanishga topshiriladi. Har 10 ta mahalla uchun 1 tadan yashil bog‘ barpo qilish bo‘yicha alohida dastur boshlanadi.
2026 yilda shaharda 18,5 kilometr kanal qirg‘oqlari mustahkamlanadi. Bu joylarda ham yashil hududlar va sayilgohlar tashkil qilishni hozirdan o‘ylash zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, Bektemir, Sergeli va Yangihayotdan o‘tgan Chirchiq daryosining 16 kilometr qismini mustahkamlash hisobiga qo‘shimcha 800 gektar ochiladi. Bu yerlarda ham 200 gektarda “yashil belbog‘”, 250 gektarda ichki yo‘llar, sayilgohlar, piyoda va veloyo‘laklar qurilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shahar drenaj tizimining master-rejasi ishlab chiqilib, kelgusi yildan qurilish ishlari boshlanishi e’lon qilindi. Dastur doirasida 150 kilometr yopiq drenaj tizimini qurish, 197 kilometr kanal va kollektorlarni ta’mirlash, 63 kilometr yangi kanallar barpo qilib, shaharda salqin mikroiqlim yaratish rejalashtirilgan.
Yomg‘ir suvini yig‘adigan 17 ta inshoot barpo qilinadi. Bu suvlar daraxt va yashil hududlarni sug‘orishga ishlatiladi.
Poytaxtning barcha kommunal tashkilotlari va favqulodda xizmatlar tunu kun ishlashga o‘tib, avariyaviy holatlarning oldini olish va tezlik bilan bartaraf etish bilan shug‘ullanishi, jamoat xavfsizligini ta’minlash ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
– Poytaxt – davlatning siyosiy, ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Poytaxtni boshqarish, rivojlantirish va muhofaza qilish bo‘yicha o‘ziga xos yondashuvlar bo‘lishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar kengashiga orttirib bajarilgan daromadning mahalliy byudjetga qaytariladigan qismidan 20 foizini tumanlarga taqsimlash vakolatini berish, Toshkent shahar va tuman hokimlariga mahalliy kengashlar bilan kelishgan holda bo‘sh mablag‘larni depozitga qo‘yishga ruxsat etish taklif qilindi.
Toshkent shahri faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilovchi “O‘zbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish vaqti kelgani ta’kidlandi.
“Mahalla yettiligi”ning samarasini oshirishda poytaxt yetakchi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
2026 yildan Toshkent shahrida yangi tizim joriy qilinadi – “mahalla yettiligi” to‘liq shahar hokimligi ixtiyoriga o‘tadi.
– “Yettilik” hisobotlar bilan emas, balki odamlarning og‘irini yengil qilish bilan shug‘ullanishi zarur, – dedi Prezidentimiz.
Yig‘ilish davomida poytaxt va uning tumanlari hokimlarining hisobotlari tinglandi, tadbirkorlar bilan muloqot qilindi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA maxsus muxbirlari
Ўзбекча
English
Русский