«2025-yilda O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risida axborot” chop etildi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan «2025-yilda O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risida axborot” alohida kitob shaklida nashr etildi.

Mazkur nashr O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 10-dekabrdagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” qarori hamda 2020-yil 22-iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” farmoni talablariga asosan tayyorlandi.  

Axborot Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining 2025-yildagi ijrosi, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishi, inson huquqlari sohasida ta’lim hamda xalqaro hamkorlik borasidagi faoliyatning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qamrab olgan. Ushbu nashr o‘zbek va ingliz tillarida chop etildi.

O‘zbekiston Respublikasida 2025-yilda ham inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil va tizimli ravishda davom ettirildi. Mamlakatda iqtisodiy o‘sish, davlat boshqaruvini raqamlashtirish, siyosiy institutlarni mustahkamlash, sud-huquq tizimini isloh qilish kabi ustuvor maqsadlar bilan bir qatorda, inson huquqlarini ta’minlash sohasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi.

Axborot oltita asosiy bo‘limdan iborat. Unda Oliy Majlis palatalari, 20 dan ortiq davlat organi va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlardan foydalangan holda, har bir yo‘nalishda erishilgan natijalar va ustuvor vazifalar batafsil yoritilgan.

 Mazkur nashr O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilish holati yuzasidan xabardorlikni oshirish va faoliyati davomida foydalanish maqsadida davlat organlari, vazirlik, idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda mamlakatimizning xorijdagi elchixonalariga yetkaziladi.

Axborot O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, demokratik institutlarni mustahkamlash va global miqyosda faol hamkorlikni davom ettirishga qaratilgan izchil siyosatini o‘zida aks ettirgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech