5−6-noyabr kunlari Ostonada Aqaba jarayoni doirasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. U sun’iy intellekt sohasidagi xavfsizlik hamda undan terrorchilik va ekstremistik maqsadlarda foydalanishga qarshi turish mavzusiga bag‘ishlanadi.
Gazeta mazkur xalqaro format — Aqaba jarayoni qanday tuzilgani, uning kun tartibi 10 yil ichida an’anaviy terrorizmga qarshi kurashdan tortib yangi texnologik tahdidlargacha qanday kengaygani va bu tashabbusda O‘zbekiston qanday o‘rin tutishi haqida hikoya qiladi.
Yaratilish tarixi, maqsadlari va formatning statusi
“Aqaba jarayoni” xalqaro tashabbusiga 2015-yilda Iordaniya qiroli Abdulla II tomonidan Iordaniyaning port shahri hisoblangan Aqabada asos solingan. Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va xavfsizlik sohasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uning asosiy maqsadlari sifatida e’lon qilingan.
Tashabbus transmilliy tahdidlarga qarshi kurashda davlatlarning yanada yaqinroq hamkorlik qilishi uchun maydon sifatida yuzaga kelgan. Asosiy e’tibor xavfsizlik va harbiy idoralar harakatlarini muvofiqlashtirish, axborot va tajriba almashish, shuningdek, terrorchilik tashkilotlari hamda ekstremistik mafkuraga qarshi kurashishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish masalalariga qaratilgan.
Ushbu jarayonning ahamiyatini baholar ekan, Iordaniya qiroli shunday degan edi: “Biz ba’zi janglarda g‘olib chiqqan bo‘lishimiz mumkin, ammo terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash hali tugagani yo‘q… Iordaniya sheriklarimiz bilan yaqindan hamkorlik qilishda davom etmoqda. Aqaba jarayoni orqali biz manfaatdor yetakchilarni muvofiqlashtirish, ilg‘or tajriba almashish va yangi strategiyalarni ishlab chiqish uchun birlashtirishga ko‘maklashdik”.
Xalqaro dinlararo munosabatlarda Iordaniya alohida o‘rin tutadi. Hoshimiylar Qirolligi shahardagi islom va nasroniylik muqaddas qadamjolarining rasmiy muhofazachisi sifatida tan olingan tarixiy maqomga ega. Falastin-Iordaniya kelishuvi va 1994-yildagi Isroil bilan tuzilgan tinchlik shartnomasi bilan mustahkamlangan ushbu missiya qirol Abdulla II ga Quddusning tarixiy status-kvosini himoya qilishda mutlaq huquq beradi; ayni paytda Iordaniyaning Islom ishlari bo‘yicha vazirligi Vaqf departamenti orqali “Al-Aqso” masjidi majmuasini saqlab turish va fuqarolik boshqaruvini to‘liq moliyalashtiradi.
Aqaba jarayoni xalqaro tashkilot yoki doimiy ishtirokchilar tarkibiga ega birlashma emas. Tashabbusning qat’iy a’zoligi yoki davlatlar uchun majburiy qarorlar qabul qiluvchi milliy hukumatlardan ustun apparati mavjud emas.
Bu uchrashuvlar va muhokamalar uchun mo‘ljallangan moslashuvchan xalqaro muloqot maydonidir. Ishtirokchilar tarkibi va tadbirlar mavzusi aniq kun tartibi hamda ko‘rib chiqilayotgan tahdidlarning xususiyatiga qarab belgilanadi. Tashkilotchilar sifatida Iordaniya va hamkor davlatlar ishtirok etadi.
Ish mexanizmlari va mintaqaviy qamrov
Aqaba jarayoni uchrashuvlarining formati yagona jadvalga yoki doimiy vakillik darajasiga bog‘lanmagan. Mavzuga qarab, ularda davlat va hukumat rahbarlari, tashqi ishlar va mudofaa vazirlari, xavfsizlik idoralari rahbarlari hamda maxsus xizmatlar vakillari ishtirok etishi mumkin.
Muhokamalarga, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor vakillari, xususan, texnologiyalar va xavfsizlik sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar hamda kompaniyalar rahbarlari jalb etiladi.
Ayrim hollarda uchrashuvlar mintaqaviy xavfsizlikning keng ko‘lamli masalalariga bag‘ishlanadi va davlat rahbarlarining ishtirokini nazarda tutadi. Boshqa hollarda esa ular aniq bir muammoga, masalan, dronlardan foydalanish, havo hududini boshqarish yoki internetda ekstremizm tarqalishiga e’tibor qaratadi.
Aynan qat’iy institutsional chegaralarning yo‘qligi ishtirokchilar tarkibini mavzuga qarab o‘zgartirish imkonini beradi.
Mintaqaviy yondashuv ham tashabbusning yana bir o‘ziga xos jihatiga aylandi. Ayrim raundlar terrorchilik va ekstremistik tahdidlar xalqaro muvofiqlashtirishni kuchaytirishni talab qiladigan dunyoning muayyan hududlariga bag‘ishlandi.
Jarayon mavjud bo‘lgan davr mobaynida uning mintaqaviy kun tartibi Sharqiy Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo, Lotin Amerikasi, G‘arbiy Afrika va Sahel mintaqasini qamrab oldi.
Masalan, 2022-yil martida Iordaniyaning Aqaba shahrida Sharqiy Afrikaga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi va unda mintaqaning bir nechta davlatlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘sha yilning dekabrida Braziliya bilan hamkorlikda tashkil etilgan Lotin Amerikasi bo‘yicha alohida raund bo‘lib o‘tdi. 2023-yil iyunida esa Ispaniyaning Kordova shahrida G‘arbiy Afrika va Saheldagi tahdidlar muhokama qilindi.
Bunda uchrashuvlar faqat Iordaniyada o‘tkazilmaydi. Aqaba jarayoni tadbirlariga mezbonlik qilgan davlatlar va xalqaro maydonlar qatorida Ispaniya, Albaniya, Indoneziya, Braziliya, Bolgariya, Ruanda, Singapur, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Nigeriya, Niderlandiya, AQSh va BMT bor.
Kun tartibining evolyutsiyasi: an’anaviy tahdidlardan sun’iy intellektgacha
Aqaba jarayoni mavjud bo‘lgan davrda uning kun tartibi izchil kengayib bordi. Agar dastlab asosiy e’tibor terrorchilik tashkilotlariga, ekstremistik mafkuraga qarshi kurashish va xavfsizlik tuzilmalarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lsa, keyinchalik muhokamalar markazidan raqamli muhit va yangi texnologiyalar o‘rin oldi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali terrorchilik targ‘iboti olib borilishi, tarafdorlar yollanishi va ekstremistik guruhlar faoliyati muvofiqlashtirilishi fonida onlayn ekstremizmga qarshi kurashish asosiy yo‘nalishlardan biriga aylandi.
2026-yil iyunida BMTning Nyu Yorkdagi qarorgohida Yevropa Ittifoqi va Aqaba jarayonining onlayn o‘yinlarda terrorizmning kelajagi, radikallashuv va yollashga bag‘ishlangan alohida yopiq uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muhokama BMTning Terrorizmga qarshi kurash haftaligi doirasida o‘tkazildi. Unda davlatlar, BMT, o‘yin industriyasi va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi. Qatnashchilar terrorchilik tashkilotlari tomonidan o‘yin maydonlaridan foydalanish xavflarini ko‘rib chiqdi.
Uchuvchisiz uchish apparatlari va havo makonini boshqarish yana bir texnologik yo‘nalishga aylandi.
2026-yil fevralida Sandherstdagi (Buyuk Britaniya) Qirollik harbiy akademiyasida havo makonini boshqarish va dronlardan foydalanishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda zamonaviy tizimlarni qo‘llash, havo hududi xavfsizligini oshirish, tajriba almashish va dron texnologiyalarining jadal rivojlanishini hisobga olgan holda qonunchilikni yangilash zarurati muhokama qilindi. Tadbirda bir necha davlat vakillari, ekspertlar va ixtisoslashgan xalqaro kompaniyalar rahbarlari qatnashdi.
Sun’iy intellekt sohasidagi xavfsizlik, xususan, texnologik xavf-xatarlarning oldini olish hamda yangi vositalardan terrorchilik va ekstremistik tashkilotlar tomonidan foydalanilishiga qarshi turish masalalaridagi hamkorlik yana bir yangi yo‘nalishga aylanmoqda.
Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuv aynan shu mavzuga bag‘ishlanadi. Uchrashuvda, shuningdek, yangi texnologik chaqiriq va tahdidlarga javoban xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonning Aqaba jarayonidagi ishtiroki
2025-yil 26-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqandda Iordaniya qiroli Abdulla II bilan o‘tkazgan muzokaralarida O‘zbekiston rahbari Aqaba jarayoni tashabbusini yuqori baholadi. U, shuningdek, tashabbusning bo‘lajak yig‘ilishlaridan birini Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi.
O‘sha uchrashuv chog‘ida tomonlar bag‘rikeng va ma’rifiy islom g‘oyalarini birgalikda ilgari surish zarurligi bo‘yicha yakdil fikrga keldi.
2025-yil 15-oktabrda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Rim shahrida bo‘lib o‘tgan “Aqaba jarayoni 2025” yig‘ilishida ishtirok etdi. Uchrashuv Iordaniya tomonidan Italiya bilan hamkorlikda, qirol Abdulla II va bosh vazir Jorja Meloni hamraisligida tashkil etildi. U G‘arbiy Afrikada terrorizm va ekstremistik mafkuraga qarshi kurashda xalqaro muvofiqlashtirishni kuchaytirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan Aqaba jarayonining ikkinchi raundi bo‘ldi.
Baxtiyor Saidov o‘shanda O‘zbekiston tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni mustahkamlash bo‘yicha xalqaro hamjamiyatning birgalikdagi sa’y-harakatlariga sodiq ekanini tasdiqlagandi.
Gazeta.uz
