BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1993-yilda 3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni deb e’lon qilingan
3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom MIRZO bilan ayni shu xalqaro sananing tarixi, mohiyati va ahamiyati haqida suhbatlashdik.
- 1991-yil 3-may kuni Namibiyada Mustaqil va plyuralistik Afrika matbuotini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi Vindxuk deklaratsiyasi qabul qilingan, – deydi G‘.Mirzo. – Mazkur deklaratsiyada bayon etilgan matbuot erkinligini ta’minlashga doir talablar mazkur xalqaro sananing ta’sis etilishiga turtki bo‘lgan.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – axborot erkinligi tamoyillarini ilgari surish, dunyoning barcha mintaqalarida axborot olish va tarqatish erkinligi holatiga baho berish, jurnalistlar erkinligi va mustaqilligiga tajovuzlarning oldini olish, kasbiy burchini bajarayotganda halok bo‘lgan jurnalistlarni yod etish, ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Zero, bu kun har bir inson matbuotdan, ommaviy axborot vositalaridan faqat ishonchli ma’lumot olish huquqiga ega ekanligini yodga soladi.
Bu sanada YUNESKO erkin matbuot rivojiga eng katta hissa qo‘shgan shaxslarga mukofot taqdim etadi. Ushbu faxriy mukofot jurnalistlarga ham, ularning muxlislariga ham topshirilishi mumkin.
Binobarin, 3-may – matbuot taqdiriga befarq bo‘lmagan, faqat ishonchli ma’lumotlarni olishni xohlaydigan va jamoatchilikka haqiqatni yetkazadigan odamlar mehnatini qadrlaydigan barchaning bayramidir.
– Matbuot erkinligining mohiyati va ahamiyati nimada?
– Matbuot erkinligi demokratiya va adolatning tamal toshidir. Ammo, hozirgi kunda butun dunyoda matbuot erkinligi turli tajovuzlarga duchor bo‘lmoqda. Yolg‘on axborot (dezinformatsiya) va nafrat tili ta’sirida dalillar va uydirmalar, ilm-fan va fitna (konspirologiya) nazariyalari o‘rtasidagi chegaralar yo‘qolib bormoqda. Shuningdek, jurnalistlar po‘pisa, ta’qib va zo‘ravonliklarga uchramoqda.
Shu nuqtai nazardan, YUNESKO tomonidan dunyoning o‘nlab mamlakatlarida jurnalistlarni huquqiy himoya qilish bo‘yicha treninglar o‘tkazilayotir. Bu borada bir qancha xalqaro tashkilotlar, jumladan, Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Shunga qaramay, bu galgi xalqaro sana bir qadar tashvish va xavotirlar bilan kutib olinmoqda, nazarimizda. Zero, «Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) xalqaro tashkiloti e’lon qilgan yangi hisobotga ko‘ra, dunyoda matbuot erkinligi surunkali ravishda yomonlashib bormoqda va bu tendensiya xalqaro hamjamiyat uchun jiddiy xavf sifatida baholanmoqda.
– Ushbu hisobotning ma’no-mazmunini qisqacha sharhlab bersangiz.
– Joriy yilda, RSF hisobotiga qaraganda, dunyoda matbuot erkinligi so‘nggi 25 yildagi eng yomon holatga tushgan. Indeks mualliflari ma’lum qilishicha, mamlakatlarning o‘rtacha reytingi tarixiy minimumga yaqinlashgan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, dunyo mamlakatlarining 52,2 foizida vaziyat «murakkab» yoki «juda murakkab» deb baholangan. Tashkilot jurnalistlarga nisbatan jinoiy ta’qiblar, milliy xavfsizlik qonunlarining suiiste’mol qilinishi, sud orqali bosim o‘tkazish va jurnalistik tekshiruvlarga to‘siqlar kuchayib borayotganini qayd etgan.
Hisobotga ko‘ra, jurnalistlar uchun eng xavfli hududlar sifatida Sharqiy Yevropa va Yaqin Sharq ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, G‘azo sektorida 2023-yil oktabridan beri 220 dan ortiq jurnalist halok bo‘lgani qayd etilgan. Ulardan kamida 70 nafari o‘z kasbiy faoliyatini bajarayotgan paytda o‘ldirilgani aytilmoqda.
Hisobotda huquqiy muhitning yomonlashgani alohida qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 60 foizdan ortiq mamlakatda pasaygan.
– Hisobotda O‘zbekiston haqida qanday ma’lumotlar bor?
– RSF xalqaro tashkiloti hisobotida O‘zbekistondagi matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyatga 100 balldan 35,24 ball berilgan bo‘lib, bu – o‘tgan yilgidan biroz kamroq ko‘rsatkich. Ayni chog‘da, O‘zbekiston yangi reytingda o‘rnini bir pog‘onaga yaxshilagan va 147-o‘rinni egallagan.
Boshqacha aytganda, mazkur reytingda AQSH 64-o‘ringa tushib, so‘nggi yilda 7 pozitsiyaga pasaygan va Rossiyaning bu boradagi ko‘rsatkichlari so‘nggi bir yilda yana pasayib, 172-o‘ringa tushgan bir sharoitda O‘zbekiston bir pog‘onaga ko‘tarilgan.
– Buning zamirida qanday omillar mujassam, deb o‘ylaysiz?
– Avvalo, o‘zingiz guvoh bo‘lib turganingizdek, dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda matbuot erkinligi holati bilan bog‘liq yuqoridagi kabi tanqidiy-tahliliy ma’lumotlar mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida ochiq e’lon qilinmoqda. Qolaversa, ayni mavzu jamoatchilik tomonidan emin-erkin muhokama etilmoqda.
Yana bir muhim omil shuki, mamlakatimiz hayotining barcha sohalari qatori matbuot erkinligini ta’minlash borasida ham izchil va qamrovdor islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda Jahon matbuot erkinligi kunini belgilashga asos bo‘lgan Vindxuk deklaratsiyasi qoidalariga ham tayanilayotgani tabiiydir.
Vindxuk deklaratsiyasining 1-bandida qayd etilishicha, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga muvofiq mustaqil, plyuralistik va erkin matbuotni ta’sis etish, qo‘llab-quvvatlash va kuchaytirish millat demokratiyasini va iqtisodiy taraqqiyotini rivojlantirish hamda rag‘batlantirishda alohida ahamiyat kasb etadi”.
Bizning bu boradagi yondashuvimiz ham aynan shunday. Ya’ni, so‘z va matbuot erkinligi – Yangi O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va so‘z erkinligi bu – davr talabi, bu – O‘zbekistondagi islohotlarning talabi”.
– Vindxuk deklaratsiyasining 2-bandidagi: “Mustaqil matbuot, deganda – biz davlatdan, siyosiy va iqtisodiy nazoratdan, gazetalar, jurnallar va davriy nashrlar ishlab chiqarish va tarqatish uchun zarur materiallar hamda infratuzilmalar ustidan nazorat o‘rnatilishidan mustaqil bo‘lgan matbuotni tushunamiz”, degan norma mamlakatimiz hayotida qanday tatbiq etilmoqda?
– Bu haqda so‘z borganda, avvalambor, Vindxuk deklaratsiyasida tilga olingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida to‘la o‘z aksini topganini ta’kidlash lozim.
Keyingi davrda mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yanada kuchaytirildi.
Konstitutsiyada uchta yo‘nalishda: birinchidan, axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligini kengaytirish; ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari erkinligini yanada mustahkamlash; uchinchidan, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom taqdim etilishi timsolida so‘z erkinligi har tomonlama kafolatlandi.
Endilikda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 33-moddasiga muvofiq: “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.
Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi”.
E’tibor bering: yangi normalar bilan har bir shaxsning Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqi e’tirof etilgan. Mazkur huquqning ta’minlanishi uchun bevosita davlatning o‘zi shart-sharoitlar yaratishi aniq belgilandi.
Binobarin, Internet nafaqat aloqa vositasi, balki virtual muhitga ham aylanib borayotgan, ko‘plab tushuncha va xizmatlar “real” zamindan jadal tarzda “virtual” hayotga ko‘chayotgan bugungi davr ayni shunday ilg‘or yondashuvni taqozo etmoqda. Hozirgi kunda Internetni taqiqlash va cheklash nafaqat noto‘g‘ri, balki mantiqsiz hamdir.
Nega deganda, bugun odamlar ishini, o‘qishini, hobbilarini, turli tovar va xizmatlar logistikasini, qolaversa, davlat xizmatlarini ham Internetga ko‘chiryapti. Bu, o‘z navbatida, Konstitutsiya va qonunlarni zamonga hamnafas tarzda o‘zgartirishni talab qilmoqda.
– Ommaviy axborot vositalarining huquq va erkinliklari kafolatlari qanday ta’minlanmoqda?
– Asosiy qonunda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari qat’iy kafolatlangan.
Konstitutsiyaning “Ommaviy axborot vositalari” deb nomlangan XV bobidagi ikkita moddada ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi davlat tomonidan kafolatlangan. Xususan, 81-moddaga ko‘ra: “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar. Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir”.
Ayni shu konstitutsiyaviy normalardan ko‘zlangan maqsad – ommaviy axborot vositalari uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratishga, davlat va jamiyat o‘rtasida amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan konstitutsiyaviy asoslarni shakllantirishdir.
O‘z navbatida, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 82-moddasiga ko‘ra, senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Senzuraning taqiqlanishiga oid norma Konstitutsiyada oldin ham bor edi. Ayni chog‘da, keyingi norma muhim yangilik bo‘lib, ommaviy axborot vositalarining samarali faoliyat yuritishi uchun ta’sirchan huquqiy asos vazifasini o‘taydi.
Bu normalar ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning emin-erkin, turli ma’muriy bosimlardan qo‘rqmasdan faoliyat yuritishini ta’minlaydi hamda jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitining rivojlanishiga sharoit yaratadi.
Muxtasar aytganda, Yangi O‘zbekistonda oshkoralik va so‘z erkinligi – davr talabidir. Binobarin, Vindxuk deklaratsiyasining 5-bandida qayd etilganidek, “Demokratiyaga va axborot hamda fikrni ifodalash erkinligiga dunyo miqyosida intilish insoniyat orzu-niyatlarining ijobati yo‘lida muhim ulush hisoblanadi”.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova suhbatlashdi
Ўзбекча
English
Русский