KONSTITUTSIYA 33 YILLIGI: YANGI HUQUQIY TAFAKKUR SARI

4-dekabr kuni Inson huquqlari uyida shu mavzuda ma’rifiy-huquqiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etilgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33-yilligiga bag‘ishlandi.

Tadbirda davlat organlari, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Ayniqsa, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda M. Vosiqova nomidagi Toshkent davlat yuridik litseyi o‘qituvchi va o‘quvchilarining ishtiroki tadbirga iqtidorli yoshlarni jalb etish, konstitutsiyaviy qadriyatlarni yosh avlod ongiga singdirish nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov muloqotni boshlab berdi. Bunda, xususan, Konstitutsiyaning 33-yillik tarixi, konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyati, inson huquqlarini ta’minlash va “inson qadri – oliy qadriyat” tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarishda Bosh qomusimizning o‘rni haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, yuridik fanlar nomzodi Akmal Rahmonov “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: inson qadri ulug‘langan jamiyat sari” mavzusida chiqish qildi. Ma’ruzachi inson qadrini ulug‘lash g‘oyasining konstitutsiyaviy asoslari, fuqarolarning shaxsiy, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini kafolatlovchi yangi normalar, odil sudlovga erishish, davlat organlari faoliyati ochiqligi va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiluvchi mexanizmlarni chuqur tahlil etdi.

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi rahbari Shuhrat Bafoyev o‘z ma’ruzasida “Fuqarolik jamiyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari” mavzusini yoritdi. U nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kabi fuqarolik jamiyati institutlarining Konstitutsiyada belgilangan o‘rni va vazifalari, ularning davlat hokimiyati bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlari, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish orqali demokratik islohotlarni chuqurlashtirish masalalariga to‘xtaldi.

Jamoat xavfsizligi universiteti professori Muhammadi Usmonovning “Konstitutsiyaviy huquq fanini o‘qitishning dolzarb masalalari va zamonaviy ta’lim texnologiyalari” mavzusidagi ma’ruzasi huquqiy ta’limning zamonaviy yo‘nalishlariga bag‘ishlanadi. U konstitutsiyaviy huquq fanini o‘qitishda raqamli platforma va interaktiv usullardan foydalanish, keyslar, muammoli vaziyatlar, munozara va simulyatsiyalar yordamida yoshlarda mustaqil huquqiy fikrlash, konstitutsiyaviy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirish imkoniyatlari haqida so‘zladi.

Toshkent xalqaro universiteti dotsenti Sodiq Yuldashev “Globallashuv sharoitida konstitutsiyaviy huquqning rivojlanish tendensiyalari” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzachi inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari, demokratik islohotlarning xalqaro tajriba bilan uyg‘unligi hamda Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasining jahon hamjamiyatidagi nufuzi haqida o‘z ilmiy xulosalarni bayon etdi.

Tadbir doirasida professor Ozod Husanovning “Konstitutsiyaviy huquq” darsligi taqdimoti o‘tkazildi. Kitob muallifi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi professori O.Husanov darslikning yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalariga mos ravishda yozilgani, huquqiy ta’lim tizimi uchun muhim manba ekani, talabalar, litsey o‘quvchilari va amaliyotchi-yuristlar uchun ishonchli o‘quv qo‘llanma sifatida xizmat qilishini ta’kidladi.

 

Tadbir yakunida ishtirokchilar yangi tahrirdagi Konstitutsiya qoidalarini hayotga tatbiq etish, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, oila, onalik, bolalik va otalikni muhofaza qilish, gender tenglikni ta’minlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech