Ayollar huquqlarini himoya qilish mexanizmlariga oid mashg‘ulotlar davom etmoqda  

10-iyul kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Ayollar huquqlarini himoya qilishda xalqaro va milliy mexanizmlar” mavzusidagi onlayn o‘quv kursi davom etdi. Mashg‘ulotlar Prezidentimizning 2023-yil 7-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilmoqda.

Ikkinchi kunda dastlab Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati bosh inspektori, podpolkovnik Nazokat Tojiyeva ma’ruza qildi. U o‘z chiqishida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar bilan o‘tkazilayotgan profilaktika ishlari bilan bog‘liq masalalarga e’tiborni qaratdi.

Oliy sud sudyasi Sanobar Mamadaliyevaning “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga yordam berish va jinoyatchilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar” yuzasidan ma’ruzasi ham tinglandi.

Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i O‘g‘iloy O‘rozova “Gender tengligini ta’minlash: xalqaro va milliy tajriba” mavzusida ma’ruza qildi.

Mashg‘ulotlar qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Tinglovchilar mavzuga oid hamda amaliyotda uchrayotgan masalalar bilan bog‘liq barcha savollariga ekspertlar tomonidan batafsil javob oldi.

O‘quv kursida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, uning hududiy bo‘limlari va namunali tumanlararo markazlari direktorlari hamda ushbu Markazning huquqshunoslari –42 nafar ishtirokchi onlayn qatnashmoqda.

Mazkur ma’rifiy tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamkorligida tashkil etilgan. U BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi 45-yilligiga bag‘ishlangan.

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech