Ayollar huquqlarini himoya qilishning xalqaro va milliy mexanizmlari

9-iyul kuni poytaxtimizda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan  shu mavzuda uch kunlik o‘quv kursi boshlandi. Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va  Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O‘quv kursi Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi ijrosi doirasida o‘tkazilmoqda. Ma’rifiy tadbir BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi 45-yilligiga bag‘ishlangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov o‘quv kursi tinglovchilariga yo‘llagan videomurojaatida mamlakatimizda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligini ta’kidladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 58-moddasida mustahkamlab qo‘yilganidek, “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi”. Bugungi kunda izchillik bilan amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham ushbu muhim masala teran aks etgan.

O‘z navbatida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida xotin-qizlarni himoya qilish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyatda ayollarga nisbatan tazyiqlarga barham berish hamda har qanday zo‘ravonliklarning oldini olish bo‘yicha qator qonunlar qabul qilingan. Ularning ijrosi bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu haqda so‘z borganda, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarni alohida qayd etish lozim. Binobarin, ayollarni jamiyat va davlat boshqaruviga jalb etish masalasi juda muhim.

Chunki xotin-qizlar jamiyat hayotida va davlat ishlarida qanchalik faol bo‘lsa, o‘z huquq va erkinliklarini to‘g‘ri anglab yetsa, bugun taraqqiyotimizga to‘g‘onoq bo‘lib turgan ayrim ijtimoiy muammolarga shunchalik tezroq barham beriladi. Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat ta’biri bilan aytganda, xotin-qizlar – millat onalaridir.

Xotin-qizlar millatning yangi nasli – farzandlarini tarbiyalash uchun o‘zlari ham yuksak bilimli bo‘lishlari zarur. Shunday ekan, jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratish oldimizda turgan yangi ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

O‘quv kursining ochilishida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi direktori Muqaddam Rasulovaning videomurojaati ham namoyish etildi. Unda tinglovchilarga o‘quv kursidan ko‘zlangan ustuvor maqsad va vazifalar haqida atroflicha tushuncha berildi.

O‘quv kursidan ko‘zlangan asosiy maqsad – Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish  markazi xodimlarining inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, ayollar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslariga oid xalqaro va milliy mexanizmlar, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalari yuzasidan bilimlarini oshirishdir.

Mashg‘ulotlar davomida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini tahlil qilish va bu borada zarur ko‘nikmalarni shakllantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Mashg‘ulotlarni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining yordamchisi Oybek Ahmadov “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzusidagi ma’ruzasi bilan davom ettirdi.

O‘z navbatida, Milliy markaz yetakchi mutaxassisi Dilnoza Rahmatjonova “Ayollar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari: xalqaro va milliy mexanizmlar” mavzusida ma’ruza qildi.

O‘quv kursining birinchi kuni qizg‘in savol-javob va bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.

Mashg‘ulotlarda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, uning hududiy bo‘limlari va namunali tumanlararo markazlari direktorlari hamda ushbu Markaz huquqshunoslari – jami 42 nafar ishtirokchi onlayn qatnashmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech