Internetdagi haqoratomuz harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan — “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, loyihani ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan berilgan taklif va mulohazalar, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralarning fikrlari asosida uning ayrim normalari aniqlashtirildi hamda tahririy jihatdan takomillashtirildi.
Qonun loyihasi bilan telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmogʻi orqali uyatli soʻzlar bilan soʻkinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolar osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlarni sodir etish, harbiy harakatlarda ishtirok etishni targʻib qiluvchi materiallarni tarqatish, shaxsning oʻzi sodir etgan huquqbuzarligini ommaviy axborot vositalari va Internet tarmoqlarida tarqatish, shuningdek, ijro harakatlari davomida xatlangan mulk bilan bogʻliq qonunga xilof harakatlar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Bu orqali axborot makonida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash, huquqbuzarliklarni targʻib qilish holatlarining oldini olish, shuningdek, mazkur turdagi huquqbuzarliklar boʻyicha javobgarlikda mavjud huquqiy boʻshliqni bartaraf etish koʻzda tutilmoqda.
Muhokamalar jarayonida deputatlar tomonidan mazkur qonun loyihasi jamiyatda huquqiy tartibotni mustahkamlash, jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, axborot makonida axloq-odob meʼyorlariga rioya etilishini kuchaytirish, fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, yangi turdagi huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika mexanizmlarini samarali ishlatish hamda huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Qizgʻin muhokamalardan soʻng, qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский