Yoshlar va korrupsiyaga qarshi immunitet: O‘zbekiston tajribasi va islohotlarida yangi avlodning roli

Korrupsiya bugungi globallashuv davrida nafaqat alohida mamlakatlar, balki jahon siyosiy va iqtisodiy barqarorligiga jiddiy tahdid solayotgan omillardan biridir.

U davlat boshqaruvining samaradorligini pasaytiradi, aholining davlatga bo‘lgan ishonchini susaytiradi va ijtimoiy tenglikni buzadi. Shu bois, korrupsiyaga qarshi kurashish har bir mamlakat uchun strategik ustuvor vazifaga aylangan. O‘zbekiston ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratib, so‘nggi yillarda tizimli islohotlarni amalga oshirmoqda.

Masalan, 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi davlat siyosatining huquqiy poydevori yaratildi. Ushbu qonun davlat organlari faoliyatida ochiqlikni kuchaytirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va jamoatchilik nazoratini kengaytirish kabi tamoyillarni mustahkamladi. Mazkur qonun asosida 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi va mamlakatda korrupsiyaga qarshi siyosatni muvofiqlashtiruvchi asosiy tuzilmaga aylandi.

Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha katta qadamlar tashlandi. «Openbudget.uz», «my.gov.uz» kabi platformalarning joriy etilishi ma’muriy jarayonlardagi inson omilini kamaytirib, korrupsiya xavfini sezilarli darajada pasaytirmoqda. Aholi va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan 1 028 davlat xizmatlarining 360 dan ortiq turi elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etilayotgani tufayli minglab jarayonlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qisqardi va bu korrupsiya omillarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari korrupsiyani «taraqqiyotning eng katta dushmani» deb atab, bir necha bor davlat xizmatchilari, yoshlar, ta’lim tizimi va biznes sektorida halollikni mustahkamlash zarurligini ta’kidlab kelmoqda. 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining besh muhim ustuvor yo‘nalishidan biri aynan korrupsiyaga qarshi kurashish va tizimli profilaktika hisoblanadi. Ushbu strategiya asosida barcha davlat organlarida «Korrupsiya xavflarini baholash xaritalari», «Komplaens nazorati» kabi amaliy mexanizmlar joriy etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston aholisi tarkibida yoshlar ulushi 60 foizga yaqin bo‘lgani uchun ularning siyosiy ongi, halollik qadriyatlari va ijtimoiy faolligi jamiyatda korrupsiyaga nisbatan munosabatni belgilaydi. Shu sababli, yoshlar korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirishda eng muhim demografik qatlam hisoblanadi. «Yoshlar daftari» kabi dasturlar yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga, ularning qonuniy mehnat bozori va ta’limdagi ishtirokini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu esa o‘z navbatida yoshlarning korrupsion harakatlardan uzoqlashuviga turtki bermoqda.

Dunyo tajribasida korrupsiyaga qarshi kurashishda notijorat tashkilotlarining o‘rni alohida e’tirof etiladi. Shu bois, O‘zbekistonda ham NNTlarning korrupsiyaga qarshi siyosatdagi faolligini oshirishga qaratilgan amaliy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, «Taraqqiyot strategiyasi markazi», «Yuksalish» umummilliy harakati, «Inson huquqlari bo‘yicha tashabbus guruhi» va boshqa bir qator NNTlar davlat organlari bilan hamkorlikda jamoatchilik nazorati, monitoring, tadqiqotlar va halollik bo‘yicha treninglar o‘tkazib kelmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan NNTlar uchun grantlar va ijtimoiy buyurtmalar muntazam moliyalashtirib kelinmoqda.

Shu islohotlar fonida ishlab chiqilgan «Yoshlar va korrupsiyaga qarshi immunitet» loyihasi yoshlarni korrupsiyaning ijtimoiy oqibatlari, halollik qadriyatlari va fuqarolik ongini mustahkamlash bo‘yicha tizimli faoliyatni qamrab oladi. Loyiha doirasida O‘zbekiston Ma’rifatparvarlar jamiyati tomonidan halollik darslari, “Ustoz so‘zi” muloqotlari, seminar-treninglar, viktorinalar, antikorrupsiya mavzusida esse tanlovlari, jamoatchilik monitoringida ishtirok, ijtimoiy tarmoqlarda «Halollik trendda» aksiyasi va yoshlar uchun media-loyihalar amalga oshirilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi — yoshlar ongida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat va mustahkam immunitet shakllantirishdir.

Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash faqat qonuniy mexanizmlar orqali emas, balki keng jamoatchilik, xususan, yoshlarning faol ishtiroki bilan amalga oshadigan jarayondir. Yangi O‘zbekiston uchun korrupsiyasiz kelajakni yaratish yo‘lidagi eng muhim poydevor yosh avlodning halol, ongli, faol va mas’uliyatli fuqarolik pozitsiyasidir.

Bahodir Isroilov,

«Yoshlar va korrupsiyaga qarshi immunitet»

 loyihasi rahbari, i.f.d., professor

Powered by GSpeech