Yevroittifoq Rossiyadan dezinformatsiyaga qarshi kurash strategiyasini o‘zgartirmoqda

YeI mamlakatlarining Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi kurashdagi yangi yondashuvi faktchekingdan ko‘ra aholi mediasavodxonligiga e’tiborni kuchaytiradi.

Yevropa ittifoqi Rossiya tomonidan tarqatilayotgan dezinformatsiyaga qarshi kurash strategiyasini o‘zgartirmoqda: endi feyklarni fosh etish (faktcheking) o‘rniga aholi mediasavodxonligiga tayanadi, deb xabar berdi 4 mart, chorshanba kuni Fransiyaning Le Monde gazetasi. 

 

YeIning bu yangi yo‘nalishi fevral oxirida ish boshlagan Yevropa “Demokratik barqarorlik markazi” (Centre de democratic resilience) faoliyati uchun asos qilib olindi. U markaz Rossiya va boshqa rejimlar tomonidan amalga oshiriladigan axborot hujumlariga Yevroittifoq davlatlarining javob choralarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. Namuna sifatida Finlandiya tanlangan: u yerda aholiga mediasavodxonlik boshlang‘ich maktabdanoq o‘rgatiladi va u mamlakatda Yevropada OAV hamda davlat institutlariga ishonch darajasi eng yuqori, deb yozadi nashr.

Yevrokomissiyaning 2025 yilgi hisobotiga ko‘ra, Rossiya axborot ta’siri nuqtai nazaridan Yevroittifoqda eng zaif mamlakat — Fransiya. Bunga sabab sifatida aholining psixologik charchaganligi va mamlakat ichidagi siyosiy qutblanish keltiriladi, deb hisoblaydi Bruno Courtois — Cercle Pégase (dezinformatsiyaga qarshi kurashga ixtisoslashgan tahliliy markaz) koordinatori. 2021 yildan buyon Fransiyada Viginum nomli innovatsion davlat xizmati ishlaydi — u xorijiy raqamli aralashuvga qarshi kurash bilan shug‘ullanadi. Yaqin orada mamlakatda axborot manipulyatsiyalariga qarshi kurash akademiyasi ham tashkil etilishi kutilmoqda.

Le Monde qayd etishicha, Rossiya chet eldagi propagandistik operatsiyalar uchun yiliga taxminan 1,3 mlrd yevro sarflaydi. Yevroittifoq esa 2025 yilda mediasavodxonlikni oshirish va dezinformatsiyaga chidamlilikni kuchaytirish uchun bor-yo‘g‘i 5 mln yevro ajratgan.

Kun.uz

Powered by GSpeech