Yaqin Sharqdagi urush tufayli dunyo bo‘ylab kundalik mahsulotlar narxi ko‘tarilyapti
Yaqin Sharq bilan bog‘liq mojaro energiya narxi keskin oshishiga olib keldi. Buning ortidan allaqachon butun dunyo bo‘ylab do‘konlardagi kundalik tovarlar – oziq-ovqatdan maishiy-kimyoviy moddalar va yelim qadoqlash narxigacha ta’sir ko‘rsatmoqda.
“Reuters” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, neft va gaz narxi oshishi butun ta’minot zanjiriga ta’sir ko‘rsatgan. Natijada kimyoviy moddalar, qadoqlash unsurlari va transport xarajati oshmoqda. Bu esa tovarlarning yakuniy narxiga bevosita ta’sir qiladi.
Maqolada sanoat tahlili keltirilgan: Yevropada plastmassa har yili 15 foizdan qimmatlashyapti, Shimoliy Amerikada polietilen narxi qariyb 30 foiz ko‘tarildi. “NielsenIQ” axboroti Qo‘shma Shtatlarda ziddiyatning dastlabki haftalari kundalik tovarlar o‘rtacha narxi 2,9 foiz oshgani, jumladan suyuq sovun, taglik va shishadagi suv qiymati keskin oshganini ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlanishicha, dunyo miqyosida eng ko‘p yelim idish ishlab chiqariladigan Osiyo eng ko‘p zarar ko‘rgan. Xitoyda ayrim plastmassa turlari narxi qariyb 40 foiz ko‘tarilgan. Qayta ishlovchi korxonalar xom ashyo yetishmasligi tufayli ishlab chiqarishni allaqachon kamaytirgan.
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda iqtisodchilar bunday ta’sir uzoq muddat davom etishidan ogohlantirmoqda. Nizo barqarorlashgandan keyin ham allaqachon uzilgan ta’minot zanjiri va yuqori xarajat bois narx-navo darrov avvalgi darajaga qaytishi ehtimoldan yiroq.
S.Rahimov, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский