Strategiya muhokamasi: xalqaro ekspertlar nima deydi?

“O‘zbekiston-2030” strategiyasida barcha sohalar qatori tashqi siyosat, xorijiy hamkorlik, eksport, investitsiya masalalari ham qamrab olingan.

Bu jihatlar mamlakatimizning hamkorlari, xalqaro konsultantlar va xorijiy kompaniyalar rahbarlarida ham qiziqish uyg‘otmoqda. 

Alfred Guzenbauer,
Xalqaro maslahatchilar kengashi raisi, Avstriyaning sobiq kansleri:

– Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasini qayta ko‘rib chiqish tashabbusini ilgari surdi. Bu ayni muddao va o‘ta dolzarb pallaga to‘g‘ri keldi. Chunki 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston ulkan iqtisodiy yutuqqa erishib, yalpi ichki mahsulot hajmini 145 milliard AQSH dollariga yetkazdi. E’tiborli jihati shundaki, ushbu ko‘rsatkichning qariyb uchdan bir qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa mamlakatda izchil amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro biznes hamjamiyatining yuksak ishonchi va faol qo‘llab-quvvatlovini yaqqol namoyon etadi.

Endilikda davlat rahbari O‘zbekiston iqtisodiyoti va investitsiya muhitini yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan. 

Asosiy e’tibor raqamli texnologiyalar, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan, sifatli investitsiyalar hamda mutlaqo yangi tarmoq va yo‘nalishlarni rivojlantirishga qaratilmoqda.

Muhim jihati shundaki, strategiyani yangilash jarayoniga jamoatchilik ochiq va faol jalb etilmoqda. Bu esa strategik hujjatning butun jamiyat tomonidan qabul qilinishi, qo‘llab-quvvatlanishi va amalda samarali ijro etilishiga xizmat qiladi.

Bugungi global raqobat sharoitida – qonun ustuvorligi bilan bir qatorda – shaffoflik, ishonchlilik va barqarorlik investitsiyalarni jalb etishda hal qiluvchi omillar hisoblanadi. Aynan shu omillar ishbilarmonlarni ma’lum bir mamlakatni ishonchli hamkor sifatida tanlashga undaydi.

Shu ma’noda, mamlakatda ochiq va pragmatik tashqi siyosat izchil davom ettirilayotgani alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni mustahkamlab bormoqda, o‘tgan yili Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi esa bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, O‘zbekiston AQSH va Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘ziga xos muloqot va hamkorlik ko‘prigi vazifasini bajarmoqda. Bugun ziddiyatlarga to‘la dunyoda O‘zbekiston kabi davlatlarning ana shunday ko‘prik rolini o‘z zimmasiga olishi nihoyatda muhim. Chunki bunday yondashuv nafaqat milliy manfaatlarga, balki mintaqaviy va global barqarorlikka ham xizmat qiladi.

Albatta, 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyada belgilangan yangi va yuksak maqsadlarni ro‘yobga chiqarish ulkan sa’y-harakatlarni talab etadi. Biroq O‘zbekistonda bunga to‘liq imkoniyat bor. Agar butun aholi, mahalliy tadbirkorlar va xalqaro biznes hamjamiyatini yagona maqsad atrofida birlashtirib, ularni yangi muvaffaqiyatlarga ilhomlantirishga erishilsa, O‘zbekiston bu tarixiy yutuqni qo‘lga kiritishi shubhasiz.

Men O‘zbekistonga 2030 yilgacha mo‘ljallangan ushbu strategiyani samarali amalga oshirishda muvaffaqiyat tilayman. 

Shtefan Fyule,
Xalqaro maslahatchilar kengashi a’zosi, chexiyalik siyosatchi:

– Avvalo, O‘zbekistonda yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinishi oldidan o‘tkazilgan keng jamoatchilik muhokamalari va fuqarolarning faol ishtiroki natijasida shakllangan ijobiy ijtimoiy-siyosiy sur’at alohida ta’kidga loyiq. Prezident Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston-2030» strategiyasini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi aynan shu sur’atni saqlab qolish va uni yangi bosqichga ko‘tarish nuqtai nazaridan g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Ikkinchidan, bugungi tahlikali, oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan global sharoitda O‘zbekistonning nafaqat mintaqada, balki undan tashqarida ham barqaror, faol, ochiq va muvozanatli tashqi siyosat olib borayotgani juda kamyob holatdir. Yirik Yevroosiyo integratsiya makoni bilan qo‘shnichilikda yashar ekan, barcha hamkorlar uchun o‘zaro manfaatli munosabatlarni ta’minlash ulkan diplomatik mahorat va izchil sa’y-harakatlarni talab etadi. Bu jarayonda AQSH bilan strategik hamkorlik ham alohida o‘rin tutadi.

Uchinchidan, Prezident Mirziyoyevning ochiq qoidalar, so‘z erkinligi, shaffoflik va qonun ustuvorligi tamoyillariga qat’iy sodiqligi mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim harakatlantiruvchi kuchlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Aynan shu institutsional o‘zgarishlar xalqaro investorlar uchun sarmoya kiritishda miqdordan sifatga o‘tish, yuqori texnologiyali va eksportga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini yaratmoqda.

To‘rtinchidan, siyosatchi sifatida aytishim mumkinki, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan uzoq muddatli va strategik hamkorlikka qat’iy sodiqdir. Bu jarayonda Prezident Mirziyoyevning o‘rni beqiyos. Shu ma’noda, o‘tgan yili Bryusselda imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bu – navbatdagi shartnoma emas, balki O‘zbekistonning 27 ta ilg‘or Yevropa davlati bilan teng huquq, teng himoya va teng imkoniyatlar asosida hamkorlik qilishini kafolatlovchi strategik hujjatdir.

Xulosa qilib aytganda, ulkan salohiyatga ega rahbariyat tomonidan boshqarilayotgan O‘zbekistonning jadal taraqqiyoti uni yaqin istiqbolda farovon davlatlar safidan o‘rin egallash uchun eng qulay mavqega olib chiqmoqda. Men yangilangan «O‘zbekiston-2030» strategiyasi aynan shunday kelajakka yetaklovchi umumiy maqsadga aylanishiga ishonaman.

Devid Xoffman, 
Global o‘zgarishlar institutining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori:

– Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekiston-2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi mamlakatingizda davlat boshqaruvi, iqtisodiy siyosat va ijtimoiy taraqqiyotni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim siyosiy qarordir. Zamonaviy dunyoda strategiyalar o‘zgarmas hujjat emas. Samarali davlat siyosati doimiy tahlil, javobgarlik va moslashuvni talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish bu islohotlar mantig‘ini davom ettirish, davlatning yangi global voqeliklarga tayyor ekanini namoyon etuvchi ongli siyosiy tanlovdir. Bu jarayon O‘zbekiston so‘nggi yillarda erishgan natijalarni xolisona baholash, erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va keyingi maqsadlarni aniq belgilash imkonini beradi. Yalpi ichki mahsulot hajmining 145 milliard AQSH dollaridan oshgani, eksportning 23 foizga o‘sgani, investitsiyalar hajmining barqaror ortib borayotgani – amalga oshirilayotgan siyosatning samaradorligini ko‘rsatadi.

Eng muhimi, Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu strategiyani shakllantirishda ochiqlik va ishtirokchilikni asosiy tamoyil sifatida belgiladi. Jamoatchilik, biznes hamjamiyati, mahalliy va xorijiy investorlar, fuqarolik jamiyati institutlarining fikrlari inobatga olinishi bu O‘zbekistonda qarorlar yuqoridan pastga emas, balki jamiyat bilan muloqot asosida qabul qilinayotganining yorqin belgisidir.

Strategiya mazmunida iqtisodiy o‘sishga nisbatan yondashuv ham tubdan yangilanmoqda. Endi gap faqat raqamlar haqida emas, balki sifatli o‘sish, barqaror investitsiyalar, qonun ustuvorligi va ishonchli institutlar haqida ketmoqda. Investorlar uchun shartnomalar himoyasi, sud tizimining mustaqilligi va tartib-taomillarni soddalashtirishga qaratilgan yagona darcha mexanizmlari shu siyosiy irodaning amaliy ifodasidir.

Shu bilan birga, strategiyaning fuqaroga yo‘naltirilganligi ushbu islohotlarning eng muhim siyosiy mazmunidir. Iqtisodiy o‘sish alohida hududlar yoki cheklangan guruhlar manfaatiga emas, balki butun mamlakat, barcha hududlar va barcha fuqarolar manfaatiga xizmat qilishi kerak. Bu – inklyuziv taraqqiyot, ijtimoiy adolat va barqaror davlatchilik tamoyillariga asoslangan yondashuvdir.

Prezident Mirziyoyev tashabbusiga muvofiq “O‘zbekiston-2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish jarayoni O‘zbekistonning islohotlar yo‘lidan qat’iyat bilan ortga qaytmasdan harakat qilayotganini, ochiq, hisobdor va natijaga yo‘naltirilgan davlat qurish sari intilayotganini namoyon etadi. Men ishonamanki, ushbu strategiya mamlakat uchun nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki siyosiy barqarorlik, ijtimoiy ishonch va uzoq muddatli farovonlikni ta’minlaydigan mustahkam yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qiladi.

Nika Gilauri
“Reformatics” konsalting kompaniyasi rahbari:

– Biz mamlakatda kechayotgan o‘zgarishlarni uzoq yillar davomida kuzatib kelmoqdamiz va hozirgi islohotlar o‘z miqyosi va ta’siri jihatidan mutlaqo yangi bosqichni anglatishini alohida ta’kidlamoqchiman.

O‘zbekiston bugun nafaqat milliy iqtisodiy o‘sishni, balki butun mintaqa taraqqiyotini belgilab berayotgan yetakchi islohotchi davlatga aylandi. Iqtisodiy sur’atlar barqaror va yuqori. Mamlakatga nisbatan xalqaro ishonch tobora mustahkamlanib, O‘zbekiston yangi investitsiyalar uchun strategik jihatdan eng jozibador yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda.

Bu fikrlar aniq raqamlar bilan tasdiqlanadi. So‘nggi yillarda mamlakat yalpi ichki mahsuloti qariyb 150 milliard AQSH dollariga yetdi. Yaqin o‘tmishda bunday natijani tasavvur qilishning o‘zi qiyin edi. Bugun esa O‘zbekiston qisqa vaqt ichida ulkan iqtisodiy sakrashni amalga oshirgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.

Mazkur o‘sish yangi yondashuvlarni, yangi maqsad va ko‘rsatkichlarni talab etadi. Shu nuqtai nazardan 2023 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasining yangilanishi o‘z vaqtida qabul qilingan muhim qaror hisoblanadi. Asosiy ko‘rsatkichlar va maqsadli parametrlarni qayta ko‘rib chiqish orqali davlat boshqaruvi natijaga yo‘naltirilgan mutlaqo yangi sifat bosqichiga ko‘tarilmoqda.

Bu hujjat mamlakat taraqqiyoti uchun yo‘l xaritasi emas, balki strategik sakrash mexanizmi vazifasini bajaradi.
Eng muhimi, bu islohotlar o‘z samarasini aholi hayotida bevosita namoyon etyapti. Daromadlar o‘smoqda, yangi ish o‘rinlari yaratilyapti, biznes yuritish sharoiti tubdan yaxshilanmoqda. Iqtisodiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda turizm, soliq ma’murchiligi, investitsiya siyosati va biznes muhitida tizimli islohotlar amalga oshirilyapti.

O‘zbekiston bugun tarixiy imkoniyatlar davriga kirib keldi. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy sakrash aynan fundamental, izchil va qat’iy islohotlar orqali amalga oshadi. Biz o‘z faoliyatimiz davomida 30 dan ortiq mamlakat tajribasini o‘rganib, Singapur, Janubiy Koreya, Estoniya, Gruziya va Polsha misolida shu haqiqatga amalda guvoh bo‘lganmiz. Bugun ana shu model O‘zbekistonda amalga oshmoqda.

Shu bois ishonch bilan ayta olamiz, kelgusi 2-3 yil O‘zbekiston uchun yangi iqtisodiy sakrash davri bo‘ladi. “O‘zbekiston-2030” strategiyasining yangilanishi va yangi KPIlarning joriy etilishi mamlakat iqtisodiyotiga yangi sur’at, yangi sifat va yangi dinamika bag‘ishlaydi. Ta’limdan tortib barcha sohalarda boshlangan o‘zgarishlar bu jarayonni yanada tezlashtiradi.

Bugun O‘zbekiston nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham eng ilg‘or islohotlar amalga oshirilayotgan davlatlar qatoriga kirdi. Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonni zamonaviy islohotlar bo‘yicha namunaviy mamlakat sifatida baholamoqda. Mamlakat iqtisodiyoti jadal modernizatsiya qilinmoqda va yangi iqtisodiy arxitektura shakllanyapti.

Reformatics kompaniyasi ham ana shunday tarixiy pallada O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shayotganidan faxrlanadi. Ishonchim komilki, yaqin yillarda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 200 milliard AQSH dollaridan oshgan yangi iqtisodiy reallikka qadam qo‘yamiz va buni nafaqat tashqi baholarda, balki har bir fuqaro hayotida ham yaqqol his etamiz.

Shuningdek, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi bugungi islohotlarning ilk poydevori bo‘lganini alohida ta’kidlash joiz. Bugun esa barcha jarayonlar ushbu rejadan ham yuqori sur’atlarda amalga oshmoqda. Shu sababli 2025-2026 yillarga kelib strategiyani yangilash zarurati tug‘ildi.

Yangi KPIlar va yangilangan strategiya iqtisodiy rivojlanishga yana bir kuchli turtki berishiga ishonaman. Ular qisqa vaqt ichida ulkan tizimli ishlarni amalga oshirdi va joriy yilda bu jarayonni mantiqiy yakunga yetkazadi.

O‘zA

Powered by GSpeech