VELOSIPED: sog‘liq, tejamkorlik va toza havo
Bugun shahar ko‘chalarida velosipedchilar soni tobora ortib bormoqda. Bu tasodif emas. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida velosiped allaqachon shahar transport tizimining muhim qismiga aylangan. “Aqlli shahar”larda maxsus veloyo‘laklar, veloturargohlar va ijara xizmatlari misolida velosipeddan kundalik foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Tabiiyki, savol tug‘iladi: biz ham shunday madaniyatni shakllantira olamizmi?
Har yili 3-iyunda Butunjahon velosiped kuni nishonlanadi. Bu sana nafaqat sport yoki dam olish vositasi sifatidagi velosipedni targ‘ib qilish, balki hayot tarzimiz haqida yana bir bor o‘ylab ko‘rish imkoniyati hamdir.
Velosipedning kashf etilishi tarixi XIX asr boshlariga borib taqaladi. Ikki asrdan ziyod vaqt mobaynida uning konstruksiyasi takomillashib, inson ehtiyojlariga moslashib keldi. Bugungi kunda velosiped sport, sayohat, dam olish va kundalik qatnov vositasi sifatida keng qo‘llanilmoqda. Ayniqsa, rivojlangan davlatlarda velosiped madaniyati yuqori darajada shakllangan bo‘lib, ko‘plab shaharlarda maxsus infratuzilma yaratilgan.
Mutaxassislar velosiped haydashni jismoniy faollikning eng samarali turlaridan biri sifatida baholaydilar. Muntazam velosiped haydash yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi, mushaklarni chiniqtiradi, nafas olish faoliyatini yaxshilaydi va ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga ko‘maklashadi. Shu bilan birga, velosiped sayri stress va ruhiy charchoqni kamaytirib, kayfiyatni ko‘taradi. Qisqacha aytganda, har kuni yarim soat velosiped haydash salomatlikni saqlashning eng oddiy, arzon va samarali usullaridan biridir.
Bugun atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi har qachongidan ham dolzarb. Havoning ifloslanishi, transport vositalaridan chiqadigan zararli gazlar va iqlim o‘zgarishi butun insoniyat oldida turgan jiddiy muammolardir. Velosiped esa ekologik jihatdan eng toza transport vositalaridan biri hisoblanadi. U yonilg‘i talab qilmaydi va atmosferaga zararli chiqindilar chiqarmaydi. Shuning uchun avtomobil o‘rniga velosipeddan foydalanish tabiatni muhofaza qilishga qo‘shilgan amaliy hissa hisoblanadi.
Velosipedning iqtisodiy afzalliklari ham kam emas. Uni xarid qilish, ta’mirlash va saqlash xarajatlari boshqa transport vositalariga nisbatan ancha arzon. Yonilg‘i, sug‘urta yoki transport tirbandliklari bilan bog‘liq muammolar sizni bezovta qilmaydi. Shu bois velosiped qulay va iqtisodiy jihatdan oqilona tanlovdir.
Mamlakatimizda ham velosiped madaniyati bosqichma-bosqich rivojlanib bormoqda. Shaharlarda yangi veloyo‘laklar qurilmoqda, velomarafonlar va ommaviy velosayrlar tashkil etilmoqda.
Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida velosipedga qiziqish ortib borayotgani ijobiy holatdir. Bu jarayon shaharlarimizni yanada sog‘lom, toza va yashash uchun qulay muhitga aylantirishga xizmat qiladi.
Agar siz hali velosipedni kundalik hayotingizning bir qismiga aylantirmagan bo‘lsangiz, bugundan boshlashingiz mumkin. Yaqin masofalarga, masalan, bozorga, o‘qishga yoki ishga borishda velosipeddan foydalanib ko‘ring. Kichik qadamlar katta o‘zgarishlarga olib keladi.
Velosiped haydash orqali inson nafaqat o‘z salomatligini mustahkamlaydi, balki kelajak avlodlar uchun tozaroq va barqaror muhitni saqlashga ham hissa qo‘shadi.
Velosipedni tanlang – bu hayotingizdagi foydali qarorlardan biri bo‘lishi aniq.
Lazizbek XOLIQULOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali tahririyati bo‘lim boshlig‘i
Ўзбекча
English
Русский