JIDU talabalari uchun “Inson huquqlari” fanidan master-klass o‘tkazildi

Joriy yilning 13-mart va 2-aprel kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro huquq” fakulteti 3-bosqich talabalari uchun “Inson huquqlari” fani doirasida master-klass tashkil etildi. Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi Husniddin Xolmamotov va Xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Sultonov Nodir ishtirok etdi.

Master-klass davomida inson huquqlarini ta’minlashning milliy va xalqaro mexanizmlari, ularning o‘zaro uyg‘unligi va amaliyotda qo‘llanilishi atroflicha yoritildi. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi zamonaviy tendensiyalar, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning xalqaro standartlar bilan uyg‘unligi batafsil muhokama qilindi.

Tadbirda inson huquqlari sohasida uchraydigan dolzarb masalalar, jumladan, huquqlarni ta’minlash mexanizmlarining samaradorligi, institutsional hamkorlik va tahlil-tashxis ishlarining ahamiyati muhokama qilindi. Master-klass interaktiv shaklda o‘tkazilib, talaba­lar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi, bu esa tadbirning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi.

Ushbu master-klass talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, tahliliy fikrlash va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda inson huquqlari sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan kengroq tasavvur hosil qilishga xizmat qildi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti

Powered by GSpeech