Fuqarolarning murojaatlari “shoshilinch”, “odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalari bo‘yicha o‘rganiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026-yil 1-aprelda “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi. Ushbu hujjatga muvofiq, 2026 yil 1-maydan:
-
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha nazorat vaqti rejimi o‘rnatiladi, bunda ko‘rib chiqilishi belgilangan muddatdan o‘tgan murojaatlar ijro uchun avtomatik yuqori turuvchi davlat organiga o‘tadi;
-
Virtual qabulxona axborot tizimida murojaatlarni qabul qilishda ular “shoshilinch”, “odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalariga ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, nazoratga qaytarilgan murojaatlar 3 ish kuni ichida yuqori turuvchi organlar tomonidan qayta o‘rganib chiqiladi;
-
aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini Qonunchilik palatasi va Senatda, hokimlar hamda hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini esa tegishlicha Senatda yoki mahalliy kengashlarda har chorakda kamida 1 marta eshitib borish tartibi joriy qilinadi;
-
davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda hududda murojaatlar bilan ishlash holatini yoritadi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarning ko‘rib chiqilishiga oid e’tirozlarni o‘rganib boradi va bu ular faoliyatining samaradorligi ko‘rsatkichlarida aks ettiriladi.
Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi (Prezident Xalq qabulxonasi) tashkil etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlari tegishli Xalq qabulxonasiga jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi hamda muntazam ravishda Xalq qabulxonasida fuqarolarni shaxsan qabul qiladi va muammolarini joyida hal qilish choralarini ko‘radi, murojaatlar tahlilini olib boradi.
Vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan faoliyati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida qilinadigan taqdimotlarda aholi murojaatlaridagi tizimli muammolar va ularning yechimi yuzasidan rejalari haqida alohida hisobot beriladi.
Davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimliklar tomonidan o‘tkaziladigan shaxsiy va sayyor qabullar tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali qabullar jarayoni ustidan nazorat o‘rnatiladi.
Jamoaviy tusdagi murojaatlar aholi vakillari va “mahalla yettiligi” ishtirokida o‘rganilib, ular roziligi asosida nazoratdan olinadi.
Ma’lumot uchun: Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilishga bag‘ishlab 2026-yil 13-mart kuni o‘tkazilgan videoselektorda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimining bugungi holati, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilingandi. Yig‘ilishda aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim haqida atroflicha tushuntirish berildi.
Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Bundan to‘qqiz yil oldin Xalq qabulxonalari tashkil qilinganda bitta maqsad qo‘yilgan edi: davlat idoralarini xalqqa yaqinlashtirish. To‘g‘ri, Xalq qabulxonalari o‘z vaqtida samarali ishladi. Lekin bu idorani ham odamlarning bugungi talabiga mos holda o‘zgartiradigan vaqt keldi”. Bundan buyon ayni sohadagi islohotlarda “Har bir inson va xonadon muammosini bilib, vaqtida ko‘mak berishim kerak” degan shior barcha darajalardagi rahbarlar faoliyatida bosh qoida bo‘ladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский