O‘zbekiston delegatsiyasi BMT bosh qarorgohida xotin-qizlarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 2026-yil 11-mart kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida tashkil etilgan “Barcha xotin-qizlarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash va mustahkamlash” mavzusidagi yuqori darajadagi vazirlar davra suhbatida ishtirok etdi. Tadbir BMT Xotin-qizlar maqomi bo‘yicha komissiyasining (CSW70) 70-sessiyasi vazirlar segmenti doirasida bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbati sessiyaning ustuvor mavzusi – xotin-qizlarning odil sudlovdan teng foydalanishini ta’minlashga bag‘ishlandi. Jumladan, inklyuziv va adolatli huquqiy tizimlarni ilgari surish, kamsituvchi qonunlar, siyosat va amaliyotlarni bartaraf etish, shuningdek, ayollar huquqlarining ro‘yobga chiqarilishini cheklaydigan tarkibiy to‘siqlarni yengib o‘tish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibi – senator Gulnora Ma’rufova, Oliy sud raisi o‘rinbosari Malika Qalandarova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratovadan iborat.

BMTga a’zo davlatlar vazirlari va delegatsiyalari rahbarlari xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha tajriba va milliy amaliyotlar bilan o‘rtoqlashdilar. Muhokama ishtirokchilari kamsitish, zo‘ravonlik va ayollar huquqlarining buzilishi holatlariga samarali munosabat bildira oladigan gender-sezgir sud-huquq tizimlarini shakllantirish zarurligini ta’kidladilar.

Muhokama chog‘ida bir qator dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Bu o‘rinda asosan xotin-qizlar huquqlarini cheklovchi kamsituvchi qonunchilik normalari va amaliyotlarini bartaraf etish; yuridik yordam va huquqiy ko‘makni o‘z ichiga olgan inklyuziv va qulay huquqiy mexanizmlarni rivojlantirish; xotin-qizlarning o‘z huquqlarini himoya qilish imkonini beradigan huquqiy savodxonligini oshirish; sud tizimi va huquqni qo‘llash institutlarida ayollarning rolini kuchaytirish; xotin-qizlarning odil sudlovdan foydalanishiga to‘sqinlik qiluvchi ijtimoiy va institutsional to‘siqlarni bartaraf etish istiqbollari haqida so‘z bormoqda.

Xotin-qizlarning odil sudlovdan samarali foydalanishini ta’minlash gender tenglikka va barqaror rivojlanishga erishishning asosiy shartlaridan biri ekani qayd etildi. Bu omil, shuningdek, Barqaror rivojlanishning 5-maqsadi – gender tenglikni ta’minlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishni amalga oshirishda ham ulkan ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu tadbirdagi ishtiroki mamlakatimizning xotin-qizlar huquqiy himoyasini kuchaytirish, gender tenglikka asoslangan institutlarni rivojlantirish hamda jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarga sodiqligini ifodalaydi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech