O‘zbekiston dunyoda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning konstitutsiyaviy maqomini mustahkamlagan to‘rtinchi davlatga aylandi

BISHKEK, 30-noyabr. / “Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning ommabop “Alliance-press.kg” nashrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati, akademik Akmal Saidovning “Yangi O‘zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari”, maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Shuni alohida taʼkidlash joizki, hozirgi davrda Yangi O‘zbekiston ortga qaytmas demokratik islohotlar yo‘lidan dadil bormoqda, pragmatik tashqi siyosat yuritmoqda, jahon hamjamiyati bilan ochiq va faol muloqot olib bormoqda. Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda”, - deb yozgan muallif.

Parij prinsiplari, Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi tavsiyalariga muvofiq O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tashkil etilgan bo‘lib, bugun O‘zbekiston dunyoda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning konstitutsiyaviy maqomini mustahkamlagan to‘rtinchi (Meksika, Marokash va Misrdan keyin) davlatga aylandi.

Shuningdek, taʼkidlanishicha, O‘zbekistonda 2020-yildan boshlab Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya amalga oshirilmoqda. Ushbu Strategiyada konstitutsiyaviy shikoyat institutini joriy etish, Konstitutsiyaviy sudda masalalarni ko‘tarish huquqiga ega bo‘lgan subyektlar doirasini kengaytirish vazifalari ham qamrab olingan.

“Hozirda 2030-yilgacha mo‘ljallangan yangi Strategiya ishlab chiqilmoqda. Unda yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini hisobga olgan holda asosiy huquqlarni himoya qilish ustuvor yo‘nalish bo‘ladi”, - deb yozilgan maqolada.

Powered by GSpeech