Pokiston OAV: Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi inson huquqlari, demokratiya, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan davlat qurish yo‘llarini ochib berdi

ISLOMOBOD, 1-dekabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop “Daily The Spokesman” gazetasi va “Islamabadpost” elektron nashrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, akademik Akmal Saidovning “Yangi O‘zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallif yozganidek, O‘zbekistonda o‘tkazilgan so‘nggi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar mazmun-mohiyatini muxtasar tahlil etadigan bo‘lsak, mazkur jarayonda xalqning keng ishtiroki – konstitutsiyaviy islohotlarning birinchi o‘ziga xos xususiyati hisoblanadi. Keng jamoatchilik ishtiroki va mazmunli munozaralar taʼminlangan ochiq va erkin jamoatchilik muhokamasidan keyingina Konstitutsiyaga tegishli o‘zgartirishlar ishlab chiqildi.

“Yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson huquqlarini himoya qiluvchi organlarning konstitutsiyaviy-huquqiy maqomi belgilangan. Parij prinsiplari, Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi tavsiyalariga muvofiq O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tashkil etilgan. Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar yaratildi. Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida O‘zbekiston dunyoda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning konstitutsiyaviy maqomini mustahkamlagan to‘rtinchi (Meksika, Marokash va Misrdan keyin) davlatga aylandi”, – deyilgan maqolada.

 Shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini samarali himoya qilish kafolatlari kuchaytirildi. O‘zbekistonda 2020-yildan boshlab Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya amalga oshirilmoqda. Ushbu Strategiyada konstitutsiyaviy shikoyat institutini joriy etish, Konstitutsiyaviy sudda masalalarni ko‘tarish huquqiga ega bo‘lgan subyektlar doirasini kengaytirish vazifalari ham qamrab olingan.

Hozirda 2030-yilgacha mo‘ljallangan yangi Strategiya ishlab chiqilmoqda. Unda yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini hisobga olgan holda asosiy huquqlarni himoya qilish ustuvor yo‘nalish bo‘ladi.

 Akademik Akmal Saidov qayd etganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”, deb taʼkidlagani zamirida g‘oyat ulug‘vor haqiqatlar mujassam. Chunki, O‘zbekiston Konstitutsiyasida davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qatʼiy belgilab berilgani bu fikrning yaqqol isbotidir.

Nashrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi 2025-yilda o‘zining o‘ttiz yilligini nishonlayotgani maʼlum qilingan. Taʼkidlash joizki, 1990-yildayoq, bundan 35 yil oldin O‘zbekiston Respublikasida konstitutsiyaviy nazorat to‘g‘risidagi birinchi qonun qabul qilingan va Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi tashkil etilgan edi.

Konstitutsiyaviy sudning o‘ttiz yilligi munosabati bilan "Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni ham taʼkidlash lozim, zero ayni yangilanishlarning poydevori 2023-yilgi konstitutsiyaviy islohotlar asnosida qo‘yilgan edi. Eng muhimi, Konstitutsiyaviy sud maqomi va tartib-taomillari masalalariga taalluqli o‘zgartirishlar ko‘p yillik milliy amaliyot va ijobiy xalqaro tajribani inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.

Shunday qilib, Konstitutsiyaviy qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar natijasida tugatish prinsipi shikoyatni ish yuritishga qabul qilishga yondashuvning asosi etib belgilandi. Unga ko‘ra, shikoyatni ish yuritishga qabul qilish uchun arizachi sud himoyasining barcha ichki davlat vositalarini tugatishi lozim bo‘ladi.

Muallif xulosasida yozganidek, “Konstitutsiya – doimo harakatdagi muhim siyosiy-huquqiy hujjat. Yaʼni, u hayot jo‘shqinligi va o‘zgarishlarini o‘zida yaqqol aks ettiradi. Hozirgi kunda konstitutsiyaviy vatanparvarlikni shakllantirish – ustuvor vazifa”.

 
 
Powered by GSpeech