JSST: maktab yoshidagi har o‘ninchi bola va o‘smir semirishdan aziyat chekyapti
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ilk bor maktablarda sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha ishlab chiqilgan global tavsiyalar e’lon qilindi.
Ma’lum qilinishicha, dunyo bo‘ylab bolalar o‘rtasida ortiqcha vazn va semirish ko‘rsatkichlari oshib bormoqda. Shu bilan birga, to‘yib ovqatlanmaslik hanuz jiddiy muammo. 2025 yilda ilk bor bolalar o‘rtasida semirish holatlari ozg‘inlik ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori bo‘ldi.
Xususan, maktab yoshidagi har o‘ninchi bola va o‘smir semirishdan aziyat chekyapti. Har beshinchisi, ya’ni jami 391 million nafar o‘g‘il-qiz ortiqcha vaznga ega. Shuningdek, dunyo aholisi orasida 800 milliondan ortiq kishi qandli diabetga chalingan.
Shu ma’noda, kunning katta qismini maktabda o‘tkazadigan millionlab bolalar uchun ovqatlanish ratsioni muhim. JSST rahbarining fikricha, umumta’lim muassasalarida sog‘lom taomlanish kelajakda turli kasalliklarning oldini olishga yordam beradi.
JSST tavsiyalari maktablarda zararli mahsulotlar, xususan, shakar, tuz va transyog‘lar iste’molini kamaytirish, aksincha meva-sabzavot, yong‘oq, don va dukkakli mahsulotlar ulushini oshirishni nazarda tutadi.
Tashkilot yangi qo‘llanmani amaliyotga joriy etish uchun mamlakatlarga texnik ko‘mak ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.
SSV matbuot xizmatining eslatib o‘tishicha, “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari”ga ko‘ra, yurtimizdagi maktab oshxonalarida o‘quvchilar sog‘ligi uchun zararli bo‘lgan mahsulotlar tayyorlanishi hamda sotilishi taqiqlangan.
Umuman olganda, JSST tomonidan ishlab chiqilgan maktablarda sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha global tavsiyalar bolalar salomatligini himoya qilishga qaratilgan dolzarb chora hisoblanadi. Zararli mahsulotlarning ko‘payishi va noto‘g‘ri ovqatlanish odatlari ortiqcha vazn, semirish, qandli diabet hamda boshqa surunkali kasalliklar xavfini oshirmoqda. Bu kasalliklar nafaqat bolaning jismoniy rivojiga, balki aqliy salohiyati va hayot sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois maktab oshxonalarida sog‘lom, muvozanatli va xavfsiz ovqatlanishni ta’minlash, bolalarda to‘g‘ri taomlanish madaniyatini shakllantirish orqali kelajakda sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish mumkin.
Mohigul Qosimova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский