Xitoy 15-sentabrdan e’tiboran o‘z fuqarolari uchun mamlakatdan chiqish, chet elliklar uchun esa hududga kirish tartibiga yangi talablar joriy etadi. Ayrim holatlarda viza yoki tegishli ruxsatnoma olish sezilarli darajada murakkablashadi.
31-iyul kuni qabul qilingan 19 moddadan iborat ushbu nizom xavfsizlikni ta’minlash, arizaga qo‘yiladigan talabni aniqlashtirish va maslahat hamda firma xizmatini tartibga solishga qaratilgan.
Endi Chin fuqarolari xorijga chiqish arizasida safar maqsadini qonuniy va aniq ko‘rsatishi shart. Agar yolg‘on ma’lumot yoki soxta hujjat taqdim etilsa, immigratsiya idorasi chiqish hujjatini berishni rad etadi yoki umuman mamlakatni tark etishni taqiqlaydi. Xorijlik fuqarolar uchun ham viza va yashash ruxsatnomasi olishda faqat haqiqiy ma’lumot berish talab etiladi. Noto‘g‘ri axborot taqdim etgan, chegara tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan yoki soxta hujjat tufayli ma’muriy jazo olgan shaxslarga Xitoyga kirish taqiqlanishi mumkin. Shuningdek, rasmiy idoralar tomonidan cheklov qo‘yilgan shaxslarning mamlakatga kirishi ham cheklanadi.
Bundan tashqari nizom viza va immigratsiya xizmati ko‘rsatuvchi agentliklar faoliyatini tartibga soladi. Hujjat rasmiylashtirish yoki konsalting bilan shug‘ullanuvchi yangi agentlik tashkil etilsa, 15 kun ichida, amaldagilari esa yangi qoida kuchga kirgandan so‘ng 90 kun ichida mahalliy immigratsiya idorasida ro‘yxatdan o‘tishi shart.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA
