Xitoyda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi amaldor poraxo‘rlik sabab 15 yilga qamaldi

Xitoyning Xubey provinsiyasida sud Kommunistik partiya (XKP) Markaziy qo‘mitasining Intizom inspeksiyasi va korrupsiyaga qarshi kurash guruhining sobiq rahbari Li Gangni 15 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

U jami 102 million yuandan (14,4 million dollar) ortiq pora olganlikda aybdor deb topildi. Sud shuningdek, unga 6 million yuan (taxminan 850 000 dollar) miqdorida jarima soldi va noqonuniy orttirgan daromadlarini musodara qilishni buyurdi. 

Sud Li Gang 1998-yildan 2024 yilgacha o‘z xizmat lavozimini suiiste’mol qilib, turli biznes ruxsatnomalari va shartnomalari, yer sotib olish, lavozimga ko‘tarilish va boshqa imtiyozlar evaziga pora olgan degan xulosaga keldi. Bu davrda u turli lavozimlarda, jumladan, Sichuan provinsiyasi gubernatorining o‘rinbosari va Yunnan provinsiyasi hukumatida tashkiliy bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Hibsga olinishidan oldingi so‘nggi yillarda u XKP Markaziy qo‘mitasi ichida korrupsiyaga qarshi kurashni nazorat qilgan.

Janob Liga qarshi tergov 2024 yilda boshlangan. U shu yilning aprel oyida hibsga olingan. 

Xitoyda korrupsioner amaldorlarga ko‘pincha shartli ravishda o‘lim jazosi beriladi. Nisbatan yengil jazo Li Gangning pushaymonligi, tergov bilan hamkorlik qilishi, boshqa korrupsiya ishlarini ochishda yordam berishi va o‘g‘irlangan mablag‘larning katta qismini hukm chiqarilishidan oldin ixtiyoriy ravishda qaytarishi bilan izohlanadi.

Xabar.uz

Powered by GSpeech