Oliy Majlis Senatida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

“Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida Oliy Majlis Senatida navbatdagi uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha qonunchilikdagi o‘zgarishlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdagi o‘rni yuzasidan fikr almashildi.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulxakim Eshmuratov chiqishida ta’kidlaganidek, bugungi kunda davlat boshqaruviga jamoatchilikni keng jalb etish, fuqarolar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va nodavlat sektori faoliyati uchun qulay sharoit yaratish demokratik qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Fuqarolik jamiyati institutlari esa aholining ehtiyojlarini aks ettiruvchi va davlat bilan jamiyat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaruvchi muhim mexanizmga aylanib bormoqda.

Yangi O‘zbekiston davrida bu yo‘nalishdagi eng katta yangiliklar Konstitutsiyaviy islohotlar bilan boshlangan. Yangilangan  Konstitutsiyada ilk bor fuqarolik jamiyati institutlariga alohida bob ajratildi. Unda nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalla institutlari va ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi konstitutsiyaviy maqomi mustahkamlandi.

Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham davlat boshqaruvini xalqqa xizmat qilishni ta’minlashga yo‘naltirish, jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab qo‘yilgan. Mamlakat tarixida ilk marta 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining qabul qilinishi ham bu boradagi islohotlarning izchil davom etayotganidan dalolat berib turibdi.

Tadbirda fuqarolik jamiyati institutlarining millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashdagi o‘rni alohida qayd etildi. Savol-javoblar jarayonida NNT faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda fuqarolik faolligini oshirish va jamoaviy hamkorlikni kuchaytirishga oid takliflar bildirildi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech