O'zbekistonda 20 sentyabrdan saylov kampaniyasi boshlandi

O'zbekiston muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo'lib o'tadigan saylov arafasida. 

O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasi 2019 yil 20 sentyabrdan boshlanganini e'lon qildi, deb xabar berdi O'zA.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida bo'lib o'tgan majlisi saylov kampaniyasi bilan bog'liq tashkiliy ishlarga bag'ishlandi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov majlisni ochib, saylovlar mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi.

Markaziy saylov komissiyasi 2019 yil 22 dekabrni – O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi kuni, deb belgiladi. Saylov kampaniyasi 20 sentyabrdan boshlanishi e'lon qilindi.

Majlisda, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o'tkazish bo'yicha asosiy tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Ma'lumot uchun: Bu yilgi saylovda beshta siyosiy partiya – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va O'zbekiston Ekologik partiyasi ishtirok etadi va o'z nomzodlari uchun kurash olib boradi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech