BMT Maxsus ma'ruzachisi O'zbekiston Ombudsmani bilan uchrashdi

BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan 19 sentyabr` kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) U.Muhammadiev bilan uchrashdi.

Uchrashuvda BMT Maxsus ma'ruzachisi O'zbekistonda Ombudsmanning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi ta'minlanganiga alohida e'tibor qaratdi. 

“Fuqarolarning Ombudsman orqali Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatiga egaligi inson huquqlarini himoya qilish yo'lidagi qo'shimcha mexanizm sifatida ahamiyatga molik”, dedi Diego Garsiya-Sayan.

U, shuningdek, Ombudsman bilan Advokatlar palatasi o'rtasida Hamkorlik to'g'risidagi memorandum qabul qilinganini ijobiy baholadi.

Muloqot davomida aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari uchun bepul yuridik yordam ko'rsatish mexanizmining samaradorligini oshirish muhim ekani qayd etildi.

BMT Maxsus ma'ruzachisi O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilishning nosudlov mexanizmlari yaratilgani, xususan, Ombudsman instituti va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyat yuritayotganini ma'qulladi.

Mamlakatimiz mintaqalarida Ombudsmanning vakillari faoliyat yuritayotgani alohida e'tirof etildi. D.Garsiya-Sayanning fikricha, joylardagi vakillar mazkur institutning aholiga bevosita yaqin va murojaat qilish uchun qulay bo'lishini ta'minlaydi.

Uchrashuv chog'ida BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining inson huquqlari bo'yicha xodimi Stefano Sensi Ombudsmanning fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va ko'rib chiqishga doir vakolatlari bilan qiziqdi. S.Sensining fikricha, davlat organlari va sudlarning Ombudsman tavsiyalariga munosabati bu borada juda muhimdir.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech