Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Shvetsiyada 14 yoshdan jinoiy javobgarlik belgilandi

Shvetsiya parlamenti jinoiy javobgarlik yoshini 15 yoshdan 14 yoshga tushirish haqidagi qonunni ma’qulladi. Qaror mamlakatda qurolli to‘qnashuvlar va giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘payib borayotgan bir paytda qabul qilindi. Ta’kidlanishicha, qonun 10-sentabrdan kuchga kiradi, o‘lkadagi umumiy saylov esa uch kundan keyin o‘tkaziladi.

Qarorni 281 nafar deputat ma’qullagan, 66 nafari esa qarshi chiqqan. Hukumat avval jinoiy javobgarlik yoshini 13 yoshga tushirishni rejalashtirgan edi, ammo politsiya, qamoqxona xizmati kabi 126 ta tashkilot bu taklifga qarshi chiqdi. Shu sababli hukumat 13 yoshlik chegaradan voz kechdi.

Qonun yoshlar uchun jazo tartibini ham kuchaytiradi. 18 yoshga to‘lmagan shaxslar 18 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Mamlakatdagi konservativ hukumat 2022-yilda hokimiyatga kelganidan beri jinoyatchilikka qarshi kurashni asosiy siyosiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirgan. Hukumatni bosh vazir Ulf Kristersson boshqaradi va u parlamentda o‘ta o‘ngchi Shvetsiya demokratik partiyasi ko‘magiga tayanadi.

Qonunning qabul qilinishi o‘lkadagi saylovlar arafasiga to‘g‘ri keldi. Markaz-so‘l muxolifat partiyalari 51 foiz ovoz olishi mumkin, hukmron partiyalar va o‘ta o‘ngchi kuchlar esa 47 foiz atrofida qo‘llab-quvvatlanmoqda. So‘rov natijalarida ikki tomon o‘rtasidagi farq qisqarayotgani qayd etilgan.

Musulmon Ziyo, O‘zA

Nashr sanasi 14.08.2026 Ko'rishlar 33
Ulashish