Saylovga doir 20 ta normativ-huquqiy hujjatga qo'shimchalar kiritiladi

Joriy yil 23 avgust kuni boshlanadigan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida saylov, xavfsizlik va mudofaa
sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqidagi masalalar ham ko'rib chiqiladi, deb xabar berdi Senatning Axborot xizmati.

Jumladan, senatorlar “Saylov kodeksi qabul qilinganligi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo'shimcha va o'zgartishlar kiritish to'g'risida”gi qonunni muhokama qilishi kutilmoqda. Qonun Harakatlar strategiyasi va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida parlament Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan.

Ma'lumki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O'zbekiston tarixida birinchi marotaba Saylov kodeksi qabul qilindi. Shu asosda siyosiy hayotimizda muhim ahamiyatga ega bo'lgan milliy saylov qonunchiligi va saylov tizimi takomillashtirildi. Xususan, mamlakat siyosiy sahnasida sog'lom raqobatni ta'minlash maqsadida O'zbekiston Ekologik harakati uchun belgilangan kvota bekor qilindi.

Senat a'zolari ko'rib chiqadigan Qonunning qabul qilinishidan ko'zlangan maqsad Ekologik harakat uchun belgilangan kvotani bekor qilish orqali Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar nomzodini ilgari suruvchi sub'ektlar doirasini muqobillashtirish hamda xalqaro norma va standartlarga moslashtirishdan iborat. O'zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilingani munosabati bilan saylovga doir 20 ta normativ-huquqiy hujjatga tegishli qo'shimchalar kiritilishi ko'zda tutilgan.

Ma'lumot uchun: O'zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi 2019 yil 25 iyunda qabul qilingan. Saylov kodeksi kuchga kirgunga qadar mavjud bo'lgan 5 ta qonunda, ya'ni Oliy Majlisga saylov, Prezident saylovi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylov, Markaziy saylov komissiyasi, fuqarolar saylov huquqlari kafolatlari to'g'risidagi qonunlarda jami 190 ta modda mavjud edi. Endi ular tizimlashtirildi, qaytarilishlar, takrorlar bartaraf etildi va 18 ta bob, 103 moddadan iborat yaxlit hamda yagona Saylov kodeksi qabul qilindi.

Kodeksda avvalgi qonunlarda bo'lmagan bir qator alohida moddalar o'rin oldi. Jumladan, saylovchilarning yagona elektron ro'yxati, uchastka saylov komissiyasining faoliyati, saylovchining turgan joyida ovoz berishi, Senat a'zolarining saylovi, ommaviy axborot vositalarining vakillari, uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolar, xonalar va ovoz berish xonalarini jihozlashga doir talablar shu jumlaga kiradi.

Ushbu Kodeks O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a'zolari, viloyat, tuman va shahar Kengashlari
deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish bilan bog'liq munosabatlarni tartibga soladi. U, shuningdek, fuqarolarning xohish-irodasi erkin bildirilishini ta'minlovchi kafolatlarni belgilaydi.

Saylov kodeksida juda ko'p yangiliklar, xalqaro standartlar talablari, avvallari Markaziy saylov komissiyasining qarorlarida aks etib kelgan ayrim masalalar qonun darajasida mustahamlangan. Kodeks saylovga oid xalqaro standartlar, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi hamda Venetsiya komissiyasining bir qator tavsiyalarini o'zida aks ettirgan.

Powered by GSpeech