Poytaxtimiz yirik xalqaro forumga mezbonlik qilmoqda

Bugun poytaxtimizda Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026) o‘z ishini boshladi. Bu yilgi forum tarixiy ko‘rsatkichlari bilan ajralib turibdi: anjumanda ishtirok etayotgan kompaniya va investitsiya institutlari boshqarayotgan aktivlar hajmi 42 trillion dollarga teng. Bu raqam jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 38 foizini tashkil etadi. Mutaxassislar buni Markaziy Osiyo tarixidagi eng yirik investitsiya platformalaridan biri sifatida baholamoqda.

Forumda ishtirok etish uchun dunyoning 100 mamlakatidan 3 ming 423 nafar xorijiy delegat Toshkentga tashrif buyurdi. Jami ishtirokchilar soni esa 8 ming 316 nafardan oshib, forum tarixida mutlaq rekord qayd etildi. Uch kun davomida O‘zbekiston poytaxti global kapital, xalqaro biznes va yirik investitsiya qarorlari qabul qilinadigan markazga aylanadi.

TXIF-2026-maydonida jahon moliya bozorining eng yirik kompaniyalari — “BlackRock”, “JPMorgan Chase”, “Citibank”, “Visa”, “Franklin Templeton”, “Standard Chartered”, “Rothschild & Co”, “London Stock Exchange Group”, shuningdek energetika, texnologiya va sanoat sohalaridagi “Meta”, “BP”, “Masdar”, “ACWA Power”, “Airbus”, “Mitsubishi Heavy Industries”, “DP World” va boshqa o‘nlab transmilliy korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etmoqda. Ularning aksariyati milliardlab dollarlik investitsiya loyihalari bo‘yicha yakuniy qaror qabul qiluvchi shaxslar hisoblanadi.

Bu yilgi forum «Investitsiyalar barqarorligi: yangi ufqlar, yangi sheriklik» shiori ostida o‘tmoqda. Dasturdan geologiya, muhim xomashyo resurslari, «yashil» energetika, sun’iy intellekt, transport-logistika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli iqtisodiyotga oid strategik muhokamalar o‘rin olgan. Shuningdek, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Yevropa va Osiyoning yirik suveren jamg‘armalari ishtirokida yangi investitsiya kelishuvlari muhokama qilinadi.

Forum jahon ommaviy axborot vositalari diqqat markazida ham turibdi. Uni yoritish uchun 41 mamlakatdan 209 nafar xorijiy jurnalist akkreditatsiyadan o‘tgan. “Bloomberg”, “Reuters”, “BBC News”, “Euronews”, “Nikkei”, “CGTN”, “TRT” va boshqa xalqaro media tuzilmalar Toshkentdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reportajlar tayyorlamoqda. Ekspertlar fikricha, TXIF-2026 doirasida imzolanadigan yirik bitimlar va investitsiya kelishuvlari O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojiga kelgusi yillarda kuchli turtki beradi.

Musulmon Ziyo,

Farxod Abdurasulov (foto),

O‘zA

Powered by GSpeech