A.Saidov Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov Fransiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Oreliya Bushez bilan uchrashdi.

 

Muloqot avvalida A.Saidov mehmonlarga Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi. Jumladan, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, halqparvar davlatni barpo etish, inson qadr-qimmati, huquqlari va manfaatlarini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zarurati haqida to‘xtaldi.

 

O‘z navbatida, O.Bushez Qonunchilik palatasining rahbariyatiga uchrashuv uchun o‘z minnatdorligini bildirgan holda davlatning ichki va tashqi siyosati, uning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalardagi barqaror rivojlanishida parlamentning faoliyati katta ahamiyatga egaligini ta’kidladi.

 

O.Bushez O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning siyosiy irodasi va tashabbuslari natijasi mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan bir qatorda, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi yanada yuqori darajaga ko‘tarilayotganligiga Fransiya katta qiziqish bilan kuzatayotganini e’tirof etib, mazkur islohotlarni amalga oshirishda Fransiya ham o‘z hissasini qo‘shayotganligini ma’lum qildi.

 

O‘zbekiston — Fransiya o‘rtasidagi nafaqat iqtisodiy, siyosiy, diplomatik va boshqa soha va yo‘nalishlardagi barqaror aloqalar, balki ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida do‘stona munosabatlar alohida o‘rin tutishi qayd etildi.

 

Uchrashuvning asosiy kun tartibi yuzasidan O.Bushez O‘zbekiston —Fransiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarga katta ahamiyat berilayotganligini ta’kidladi.

 

Suhbat yakunida tomonlar ikki mamlakatning nafaqat parlamentlararo, balki boshqa soha va yo‘nalishlarning rivojlanishi borasida o‘zaro fikr almashinuvlari orqali tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

 

Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

 

Powered by GSpeech