MUSTAQILLIK: YANGI O‘ZBEKISTON VA INSON HUQUQLARI

«2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, tub islohot jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tarish, inson huquq va manfaatlari, uning qadri, sha’ni va g‘ururini yetakchi o‘ringa olib chiqish ustuvor vazifamizga aylangan hozirgi vaqtda yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, davlatimizning hududiy yaxlitligi va bo‘linmasligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va hamjihatlikni mustahkamlashga intilish ko‘p millatli xalqimizni yanada birlashtiradigan, yuksak marralarga safarbar etadigan beqiyos kuchga aylanib bormoqda».

 

“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz”

 

Prezident Shavkat Mirziyoevning 2022 yil 1 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida shunday deb ta’kidlangan. Qarorga muvofiq, “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi tasdiqlandi va izchil amalga oshirilmoqda.

Xalqimizning ulkan jasorati va matonati bilan 1991 yil 31 avgustda qo‘lga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, yurtimizni har tomonlama erkin, obod va farovon mamlakatga aylantirishdagi ahamiyati ulkan, mohiyati esa beqiyosdir.

Prezidentimiz qarorida e’tirof etilganidek, “Aynan milliy mustaqillik el-yurtimiz uchun jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallab, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish, shu jumladan, hayotning turli soha va tarmoqlarida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratib, erishayotgan barcha yutuq va marralarimizning asosiy manbai bo‘lib kelmoqda”.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda, dunyoda koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, keskin raqobat, turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar tufayli yuzaga kelgan g‘oyat og‘ir va murakkab vaziyatda Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uni jahonga tarannum qilish yo‘lida g‘oyat muhim natijalarga erishilmoqda. Bunda dastlab Harakatlar strategiyasi, endilikda Taraqqiyot strategiyasi  asosiy dasturilamal bo‘lmoqda.

 

Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari

 

2021 yilgi Prezident saylovidan so‘ng mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga kirishilganini alohida ta’kidlash lozim. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va saylov jarayonida o‘ziga xos umumxalq muhokamasidan o‘tkazilgan bu muhim konseptual hujjatda islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, “Biz ushbu strategiyada yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini eng oliy qadriyat etib belgiladik. Ta’kidlash kerakki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab beradi. Biz bundan buyon faoliyatimizni “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida tashkil etamiz.

O‘z navbatida, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish uchun 2022 yilga – «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» deb nom berilgani bejiz emas. Inson qadri degani, sodda qilib aytganda, insonni ulug‘lash va insonlar o‘rtasidagi o‘zaro mehr-muhabbatni qadrlash deganidir.

“Inson qadri” tushunchasi – insonning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari har tomonlama ta’minlanishini ham o‘zida qamraydi. Binobarin, Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda yurtimizda demokratik islohotlarni amalga oshirish, jumladan, inson huquq va erkinliklari hamda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida izchil va samarador ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, O‘zbekiston birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylangani bu sohadagi amaliy faoliyatimizning yuksak e’tirofi bo‘ldi. 2021 yil 1 yanvardan buyon mamlakatimiz BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida faol va samarali faoliyat olib bormoqda.

O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi o‘rinbosarligiga saylandi.  O‘zbekiston vakili bu yuksak lavozimdagi vazifalarini 2022 yildan bajarishga kirishdi.

Dunyodagi hech bir mamlakatda  so‘nggi yillarda O‘zbekistondagi kabi keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmagan. Toshkentning yaxshi qo‘shnichilik siyosati tufayli Markaziy Osiyo davlatlari ilk bor bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mintaqaviy masalalarni bu qadar ochiq va samimiy muhokama qila boshladi.

 

O‘zbekiston Prezidentining xalqaro-huquqiy tashabbuslari

 

Turli xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning mavqei yaxshilanmoqda. O‘zbekiston rahbarining pragmatik va faol tashqi siyosiy tashabbuslari butun dunyoda e’tirof etilmoqda.

Bu fikrlarni O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan tashabbuslar asosida keyingi 5 yilda BMT Bosh Assambleyasining 6 ta rezolyusiyasi qabul qilingani yaqqol isbotlab turibdi.

Bulardan birinchisi – BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 22 iyundagi yalpi majlisida qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyusiyasi;

ikkinchisi – davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan g‘oya asosida 2018 yil 12 dekabrda Bosh Assambleyaning yalpi sessiyasida qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasi;

uchinchisi2018 yil 27 noyabrda Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasiga asos solinishiga xizmat qilgan rezolyusiya;

to‘rtinchisi – O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va 2019 yil 19 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida qabul qilingan “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” maxsus rezolyusiyasi;

beshinchisi – 2021 yil 18 may kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev taklifiga binoan qabul qilingan “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi rezolyusiya.

oltinchisi – 2022 yil 11 iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasida «Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash» nomli rezolyusiya ko‘rib chiqildi va bir ovozdan ma’qullandi.

Prezident Shavkat Mirziyoev mintaqamizning jadal rivojlanish istiqbollari va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini strategik jihatdan teran ko‘ra bilgani tufayli Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy-sivilizatsiyaviy aloqalarni tiklash tashabbusini ilgari surdi.

Bu tashabbus – O‘zbekiston keyingi 5-6 yil davomida izchillik bilan ilgari surayotgan va jahon hamjamiyati keng qo‘llab-quvvatlayotgan, yanada muhimi, amaliyotga teran tatbiq etilayotgan xalqaro huquq ijodkorligi sohasidagi tashabbuslarining uzviy davomidir.

Bu tashabbus – Markaziy va Janubiy Osiyo, umuman, Yevroosiyo mintaqasini barqaror, iqtisodiy rivojlangan farovon hududga aylantirishga qaratilgan tarixiy va ma’rifiy,  ilmiy va amaliy, izchil va mantiqiy, istiqbolli va samarali, sodda qilib aytganda, har tomonlama mag‘zi to‘q dasturilamal hisoblanadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya – amalda

 

Bugungi kunda inson huquqlari va erkinliklari sohasida O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq xalqaro hujjatdagi qoidalar milliy qonunchilikda o‘z ifodasini topgan. Mamlakatimiz qo‘shilgan xalqaro hujjatlarning bajarilishi yuzasidan milliy ma’ruzalar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi hamda shartnomaviy qo‘mitalariga doimiy ravishda taqdim etib borilmoqda.

Joriy yil fevral oyida ana shunday ikkita davriy ma’ruza eshitildi. Bulardan biri – BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosi bo‘yicha O‘zbekistonning Oltinchi davriy ma’ruzasi bo‘lsa, keyingisi – Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktni bajarish bo‘yicha Uchinchi milliy hisobotdir.

          Shu kunlarda BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi hamda Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish qo‘mitasi O‘zbekiston Davriy ma’ruzalari yuzasidan taqdim etgan tavsiyalarini amalga oshirish uchun Milliy harakatlar rejalari loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha tegishli vazirlik idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

2022 yil 10 mart kuni paxtadan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va ular bilan savdo qiluvchi jahondagi yetakchi 331 ta kompaniyani birlashtiruvchi Cotton Campaign koalitsiyasi O‘zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnati batamom bartaraf etilganini tan olib, O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan boykotni bekor qildi.

Bularning barchasi Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lidagi qamrovdor va tizimli islohotlar samarasidir.

Yana bir muhim amaliy natija – O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilingani bo‘ldi. Ayni vaqtda Milliy strategiyani amalga oshirish ishlari izchil davom etmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning jami 78 bandidan 62 bandi bo‘yicha ijro muddati yakunlangan. Milliy strategiya bilan jami 12 ta kodeks va 33 ta qonun hujjatlarini qabul qilish nazarda tutilgan.

Shundan 5 tasi yangi kodekslar, 20 tasi yangi qonun hujjatlari, 7 tasi yangi tahrirdagi kodekslar va 9 tasi yangi tahrirdagi qonunlardir. Shuningdek, Milliy strategiya tadbirlari doirasida 8 ta xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish belgilangan. Ularning 3 tasi bugunga qadar ratifikatsiya qilingan.

Hozirgi kunda 2 ta kodeks Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Senat tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining 11 ta qonuni qabul qilingan. Bundan tashqari, 10 ta yangi qonunni qabul qilish jarayoni jadal bormoqda.

 

Konstitutsiyaviy islohotlar va inson huquqlari

 

Mamlakatimizda qizg‘in davom etayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning bosh g‘oyasi “Barpo etilayotgan Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati – hamma narsadan ustun!” tamoyilidir. Konstitutsiya moddalarida:

  • “Miranda qoidasi”,
  • “Xabeas korpus” instituti,
  • fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, xususiy mulk himoyasini ta’minlash,
  • tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘lar erkin harakatlanishi,
  • tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olish huquqi,
  • erkin va halol raqobatning himoya qilinishi,
  • yerning xususiy mulk bo‘lishi,
  • ayollar, bolalar, yoshlar va nuroniylar, migrantlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari himoya qilinishi batafsil mustahkamlanmoqda.

Insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmi Konstitutsiya darajasida takomillashtirilmoqda. Ekologik huquqlar himoyasi Konstitutsiyada ilk bor o‘z ifodasini topmoqda.

Xulosa qilib aytganda, mustaqillik yillarida, ayniqsa, keyingi davrda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida amalga oshirish xalq uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarning asosiy mezoniga aylandi.  

 

Akmal Saidov,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori

 

Powered by GSpeech