Seulda Alisher Navoiy haykali ochildi

Joriy yil 16 dekabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi arafasida ushbu mamlakat poytaxti – Seul shahri markazida ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykali ochildi.

Dunyoning yana bir go‘zal shahrida atoqli ajdodimiz xotirasiga tiklangan ko‘rkam yodgorlikning ochilish marosimi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi va davlatimiz rahbarining mazkur mamlakatga davlat tashrifiga bag‘ishlandi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrepina Shin, Oliy Majlis deputati Viktor Pak, shuningdek, O‘zbekiston va Janubiy Koreya jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Navoiy hazratlarining yangi yodgorligi poyiga ilk bor gulchambarlar qo‘yildi.

Ma’lumot uchun: Bugungi kunga qadar Alisher Navoiy haykali dunyoning Tokio, Shanxay, Vashington, Moskva, Minsk, Boku, Mozori-Sharif, O‘sh, Dushanbe kabi shaharlarida o‘rnatilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech