Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Bolalar qadr-qimmati, huquqlari va manfaatlarining himoyasi kuchaytirilmoqda

Joriy yil 11-sentyabrda qabul qilingan Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan pedagoglar uchun javobgarlik belgilandi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ta’lim tashkilotida voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish majburiyati yuklatilgan shaxs tomonidan bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etish, uni kamsitish yoki xo‘rlash, agar qilmishda jinoyat yoki boshqa belgilangan huquqbuzarlik alomatlari bo‘lmasa, BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, pedagogik faoliyat jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarlik sodir etgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs 1-yil davomida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi.

Mazkur cheklov maktabgacha, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, professional hamda bolalar uchun qo‘shimcha ta’lim tashkilotlariga tatbiq etiladi.

Qonun bilan, shuningdek, davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq ta’minotida bo‘lgan voyaga yetmagan bolaga aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota yoki onani aliment to‘lashdan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.

Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola foydasiga undiriladigan aliment miqdorini kamaytirish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ham jalb etiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 14.09.2026 Ko'rishlar 131
Ulashish