Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Odam savdosidan jabrlangan insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishning yangi bosqichi

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2026-yil 3-avgust kuni “Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonini imzoladi. Ushbu Farmon odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabr ko‘rganlarni erta aniqlash va ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim hujjatdir.

Farmonga ko‘ra, “Inson” markazi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi (Agentlik) tizimidagi odam savdosidan jabrlangan shaxslarga xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan muassasalarga, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlariga odam savdosidan jabrlangan shaxslarni dastlabki identifikatsiya qilish vakolati berilmoqda.

Dastlabki identifikatsiya natijasida shaxsga odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs maqomi 1 oygacha, yakuniy identifikatsiya qilish natijasida beriladigan odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan shaxs maqomi esa ko‘pi bilan 1-yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.

Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar tomonidan odam savdosidan jabrlangan shaxslarni yakuniy identifikatsiya qilish muddati 10 sutka etib belgilanadi.

2026-yil 1-sentyabrdan:

  • Agentlikning “1146” qisqa raqamli ishonch telefoni orqali odam savdosidan jabrlangan shaxslarning murojaatlarini O‘zbekiston hududida qabul qilish, mutaxassislar tomonidan ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy hamda boshqa masalalarda maslahat berish va axborot taqdim etish xizmatlari ko‘rsatiladi;

  • O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari hamda konsullik muassasalarida odam savdosidan jabrlanganlik holati bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish, ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy va moddiy hamda boshqa masalalarda maslahat berish va axborot taqdim etish xizmatlari ko‘rsatiladigan ishonch telefonlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;

  • Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti va “Samarqand” xalqaro aeroportida Migratsiya jamg‘armasi hisobidan sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanilgan holda Migratsiya maslahat byurolari tashkil etiladi.

Farmon bilan odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish sohasiga yagona milliy tizim va institutsional o‘zgarishlar tatbiq etiladi. Buning natijasida:

bir tomondan, integratsiyalashgan tizim – jabrlanganlarni aniqlash, ularning ehtiyojlarini baholash hamda ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko‘rsatish yagona zanjir asosida tashkil etiladi;

ikkinchi tomondan, reintegratsiya ta’minlanadi, boshqacha aytganda, odam savdosi qurboni bo‘lgan shaxslarni jamiyatga muvaffaqiyatli qaytarish (moslashtirish) davlatning diqqat markazida bo‘ladi.

Shunday qilib, O‘zbekistonda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni erta aniqlash, ularning ehtiyojlarini baholash hamda ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar bilan kompleks qamrab olishning mutlaqo yangi tizimi joriy etilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 04.08.2026 Ko'rishlar 138
Ulashish